PREZIDENT SHAVKAT MIRZIYOYEV 30-IYUN – YOSHLAR KUNI MUNOSABATI BILAN YOSHLAR BILAN UCHRASHUV OʻTKAZDI

30.06.2026

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida yurtimizdagi barcha yigit-qizlarni bayram bilan samimiy tabrikladi.

– Biz islohotlarimizning ilk kunlaridan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning orzu va intilishlarini roʻyobga chiqarishni davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilab olganmiz, – dedi Prezidentimiz.

Soʻnggi yillarda bu borada mutlaqo yangi tizim yaratildi. Har bir mahallada yoshlar yetakchilari faoliyati yoʻlga qoʻyildi, yigit-qizlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, bandligi, taʼlimi, kasb-hunar egallashi va tadbirkorlik boshlashi uchun keng imkoniyatlar ochildi. Har haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” etib belgilanib, vazirlik va idoralar yoshlar muammolarini oʻrganish hamda ularga yechim topishga safarbar etildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida “Yoshlar daftari” orqali 1,5 million nafar yoshning muammosi hal qilindi. Yosh tadbirkorlar soni 5 karra koʻpayib, 287 mingdan oshdi. Xorijiy tillarni intensiv oʻrganayotgan yigit-qizlar soni 3,5 million nafarga yetdi. Iqtidorli oʻquvchi va talabalar nufuzli fan olimpiadalarida 434 ta, yosh sportchilar xalqaro musobaqalarda 2 ming 245 ta medalni qoʻlga kiritdi.

Davlatimiz rahbari bugungi global raqobat sharoitida mamlakatlarning ustunligi, avvalo, bilim, texnologiya va inson kapitali bilan belgilanayotganiga eʼtibor qaratdi.

Uchrashuvda Prezidentimiz Oʻzbekiston milliy terma jamoasining futbol boʻyicha jahon chempionatidagi ishtirokiga ham toʻxtaldi. Futbolchilarimiz kuchli raqiblar bilan oʻyinlar orqali katta tajriba orttirgani, Abbos Fayzullayev va Eldor Shomurodovning jahon chempionatidagi ilk gollari xalqimizga quvonch bagʻishlagani taʼkidlandi.

– Vatanimiz sharafini himoya qilgan terma jamoamiz aʼzolariga ortiqcha his-tuygʻu bilan eʼtiroz bildirish, ulardan ayb qidirish xalqimizga xos ish emas. Aksincha, bugun ularni qoʻllab-quvvatlash, ruhini koʻtarish har qachongidan ham muhim, – dedi Prezidentimiz.

Katta gʻalabalar hali oldinda ekani, buning uchun bolalar futboliga eʼtibor kuchaytirilib, futbol umummilliy harakatga aylantirilishi, kelasi yil yanvar oyida Saudiya Arabistonida oʻtadigan Osiyo kubogiga tayyorgarlik hozirdan boshlanishi qayd etildi.

– Bilinglar, endi davlatlar hududi bilan emas, bilimi bilan, aholi soni bilan emas, texnologiyasi bilan, tabiiy boyliklari bilan emas, inson kapitali bilan raqobatga kirishmoqda. Bilim, ilm-fan va tafakkur mahsuli boʻlgan yangi “Bilimlar iqtisodiyoti” hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda, – dedi Prezidentimiz.

https://president.uz