O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimda xalqimizga samimiy tabrik yo‘lladi.




Davlat rahbari o‘z nutqida Navro‘zning yangilanish, mehr-oqibat va saxovat ramzi ekanini ta’kidlab, bu yilgi bayram muborak Ramazon hayiti bilan bir davrga to‘g‘ri kelayotgani unga yanada chuqur ma’no baxsh etayotganini qayd etdi.
Prezident barcha yurtdoshlarimizni, shuningdek, xorijda yashayotgan vatandoshlarni qutlab, yurtimizga tinchlik, farovonlik va baraka tiladi. Ta’kidlanganidek, bahor fasli bilan birga kirib kelayotgan Navro‘z xalqimiz qalbida yangi umidlar, ezgu niyatlar va ulkan marralar sari intilish ruhini uyg‘otadi.
Nutqda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, zamonaviy infratuzilma va ijtimoiy obyektlar barpo etish borasidagi ishlar alohida e’tirof etildi.




Shuningdek, yoshlarning ta’lim, ilm-fan, madaniyat, sport va innovatsiyalar sohalaridagi yutuqlari yuksak baholanib, ular Yangi O‘zbekistonning kelajagini barpo etuvchi kuch sifatida e’tirof etildi.
Davlat rahbari mahalla institutining jamiyat hayotidagi o‘rni, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tdi. Qayd etilganidek, yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari Navro‘zni hamjihatlikda nishonlamoqda.
So‘z yakunida Prezidentimiz barchani ona zaminimizni asrab-avaylashga, obodonchilik ishlarida faol bo‘lishga, daraxt ekish va atrof-muhitni muhofaza qilishga da’vat etdi.
Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot, yangi tarix, yangi kelajak yarataylik!
Yurtimizga tinchlik, xonadonlarimizga baxt va farovonlik olib keluvchi Navro‘z ayyomi yana bir bor muborak bo‘lsin!
