QO‘NG‘IROTBOY SHARIPOV JIBUTI RESPUBLIKASI TA’LIM VAZIRI BILAN UCHRASHDI

02.11.2025

Samarqand shahrida YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Jibuti Respublikasi ta’lim vaziri Moxamed Maxamud Mustafa bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida tomonlar oliy va kasbiy ta’lim, ilm-fan hamda innovatsiyalar sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, talaba va o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalar amalga oshirish, Jibutining iqtidorli yoshlari uchun O‘zbekiston oliygohlarida o‘qish imkoniyatlarini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Jibuti ta’lim vaziri Moxamed Maxamud Mustafa mamlakatda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan ta’lim islohotlari haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, Jibutida 100 foiz aholi maktab ta’limi bilan qamrab olingan bo‘lib, o‘g‘il bolalar va qizlar uchun teng huquqli o‘quv muhiti yaratilgan. Bugungi kunda Jibuti universitetida iqtisodiyot, huquq, muhandislik, tibbiyot va ijtimoiy fanlar yo‘nalishlarida 12 mingdan ortiq talabalar tahsil olmoqda, bu esa mamlakatda ta’lim tizimining barqaror rivojlanayotganini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov o‘z navbatida mamlakatimizda ta’lim orqali kambag‘allikni kamaytirish, innovatsiyalarni rivojlantirish va kasbiy ta’limni modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritdi. U Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2026-yilning “Kasbiy ta’lim yili” deb e’lon qilingani munosabati bilan Jibuti bilan qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish, o‘qituvchilar malakasini oshirish va texnik sohalarda kadrlar tayyorlashni kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Uchrashuv yakunida tomonlar oliy va kasbiy ta’lim hamda innovatsiyalar yo‘nalishida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha ramkaviy hujjat ishlab chiqishga kelishib oldilar.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

four × one =