SAUDIYA ARABISTONI KOMPANIYALARI BILAN YIRIK HAMKORLIKKA ERISHILDI

12.06.2025

Toshkentda o‘tayotgan IV xalqaro investitsiya forumi doirasida muhim kelishuvlar imzolandi.

Poytaxtda bo‘lib o‘tayotgan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Hilton” mehmonxonasida muhim hamkorlik hujjatlari imzolandi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari – “ACWA Power” va “DataVolt” o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumlariga imzo chekildi. Ushbu kelishuvlar doirasida umumiy qiymati 20 million AQSH dollariga teng loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

“ACWA Power” bilan imzolangan kelishuvga asosan, kompaniya 2030-yilgacha Sirdaryo viloyatidagi Shirin energetika texnikumiga sarmoya kiritadi. Ushbu hamkorlik doirasida xalqaro standartlarga javob beradigan mutaxassislar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha ta’lim sifatini oshirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda Energetika va Suv Akademiyasining (EWA) ikki yillik o‘quv dasturini texnikum faoliyatiga integratsiya qilishni o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, “DataVolt” kompaniyasi bilan erishilgan kelishuv raqamli infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan. Unga muvofiq, Shirin energetika texnikumida Data markazlar sanoati uchun HVAC (isitish, shamollatish va sovutish) va elektromexanik muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy o‘quv dasturlari joriy etiladi. Ta’lim maskani ilg‘or texnik uskunalar bilan jihozlanadi, o‘qituvchilar esa moddiy rag‘batlantirish bilan qo‘llab-quvvatlanadi.

Ushbu hamkorlik memorandumlari O‘zbekistonda kasbiy ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida modernizatsiya qilishga xizmat qiladi.

Kelishuvlar doirasida o‘quv jarayonlari zamonaviy ehtiyojlarga moslashtiriladi hamda mehnat bozorida yuqori raqobatbardoshlikka ega mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha muhim qadamlar tashlanadi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

sixteen − eight =