SHHT DAVLATLARI TAʼLIM VAZIRLARINING TOʻQQIZINCHI YIGʻILISHI SAMARALI YAKUNLANDI

14.05.2025

2025-yil 13-may kuni Xitoy Xalq Respublikasining Urumchi shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar taʼlim vazirlarining toʻqqizinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilish Xitoy Xalq Respublikasi Taʼlim vazirligi hamda SHHT Kotibiyati hamkorligida tashkil etildi. Anjumanni Xitoy Xalq Respublikasi taʼlim vaziri Xuay Szinpen ochib berdi. SHHT Bosh kotibining oʻrinbosari Janesh Keyn hamda Sinszyan-Uygʻur avtonom rayoni partiya qoʻmitasi kotibi Ma Sinjuy yigʻilish ishtirokchilariga tabrik soʻzlarini yoʻllashdi.

Anjumanda SHHTga aʼzo davlatlar taʼlim vazirlari va rahbar delegatsiyalari taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohaviy strategiyalar, hamkorlik istiqbollari hamda raqamli taʼlimni rivojlantirishga  masalalarini muhokama qildilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov yigʻilishda soʻzga chiqib, mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan taʼlim islohotlari – oliy va oʻrta maxsus taʼlim sifati oshirilayotgani, universitet va texnikumlarda raqamli texnologiyalar joriy etilayotgani, taʼlim, fan va ishlab chiqarish oʻrtasida integratsiya mustahkamlanayotgani hamda xalqaro akademik hamkorlik kengayayotganini alohida taʼkidladi.

Vazir oʻz chiqishida taʼlim sohasidagi global tendensiyalar va umumiy chaqiriqlardan kelib chiqib, SHHT doirasida quyidagi ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish taklifini ilgari surdi:
– taʼlimni raqamli transformatsiya qilish va yangi formatda tashkil etish,
– barqaror rivojlanish va “yashil” koʻnikmalarni rivojlantirish,
– universitetlarni innovatsiya va iqtisodiyot rivoji markazlariga aylantirish,
– akademik mobillikni kengaytirish va oʻzaro kvalifikatsiyalarni tan olish mexanizmlarini yaratish.

Shuningdek, vazir Q.Sharipov SHHT Universiteti doirasida taʼlim yoʻnalishlari roʻyxatiga “Sunʼiy intellekt va katta maʼlumotlar”, “Barqaror rivojlanish va yashil texnologiyalar”, “Tibbiyot va biotexnologiyalar” kabi yoʻnalishlarni kiritish taklifini bildirdi.

Yigʻilish yakunlariga koʻra, “SHHT taʼlim vazirlarining toʻqqizinchi yigʻilishi bayoni”, “Urumchi tashabbusi”, “SHHTda raqamli taʼlimni rivojlantirish rejasi” kabi muhim hujjatlar qabul qilindi. Shuningdek, SHHT davlatlari Raqamli taʼlim alyansi va “Xitoy-SHHT” innovatsion aspirantlar tayyorlash markazi tuzildi.

Tadbir SHHT makonida taʼlim sohasidagi oʻzaro ishonch, doʻstlik va yaqin hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

17 + 1 =