TALABALAR OLIMPIADASIGA START BERILDI

06.04.2026

Bugun, 6-aprel kuni Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida “Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi” sport musobaqalarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu yirik loyiha Sport vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi hamkorligida yo‘lga qo‘yilmoqda.

Marosimda Prezident Administratsiyasi vakili Odil Abdurahmonov, Sport vaziri Adham Ikromov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, shuningdek, OTM rektorlari, sport federatsiyalari vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. 

Marosimda so‘zga chiqqanlar yoshlarni sog‘lom va har tomonlama yetuk qilib tarbiyalash davlatimizning eng ustuvor vazifalaridan biri ekanini qayd etishdi. Xususan, ushbu olimpiada nafaqat talaba-yoshlar, balki butun jamiyatda ommaviy sportga va sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishni yana bir pog‘onaga oshirishi ta’kidlandi. 

“Mazkur sport musobaqasi talaba-yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish, ularga zarur sharoitlar yaratish orqali sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga xizmat qiladi hamda o‘z safiga millionlab yoshlarni qamrab olishiga ishonamiz”, – deya ta’kidladi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov.

Musobaqalarning barcha bosqichlari Sport vazirligining “ERP-sport” yagona elektron boshqaruv tizimi orqali nazorat qilinadi.

Bugungi kunga qadar musobaqada ishtirok etish uchun mazkur tizimdan jami 168 ta oliy taʼlim tashkiloti, xususan, 92 ta davlat, 52 ta nodavlat va 24 ta xorijiy oliygohlar roʻyxatdan oʻtgan.

Bellashuvlarda qatnashish istagini bildirgan talabalarning umumiy soni esa 159 273 nafarni tashkil etmoqda.

Musobaqalar 3 bosqichda boʻlib oʻtadi:
• 1-bosqich: 6–20-aprel;
• 2-bosqich: 1–15-may;
• Final bosqichi: 1–10-iyun kunlari Toshkent shahridagi Olimpiya shaharchasida oʻtkaziladi.

Kompleks musobaqalar voleybol, gandbol, basketbol 3×3, stol tennisi, futbol, yengil atletika, suzish (suzish boʻyicha bahslar 2-bosqichdan boshlanadi) sport turlaridan iborat boʻladi.