TA’LIM VA ILM-FAN TIZIMINI YAGONA YONDASHUV ASOSIDA RIVOJLANTIRISH BO‘YICHA TAKLIFLAR KO‘RIB CHIQILDI

07.10.2026

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ta’lim va ilm-fan vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish hamda ta’limning barcha bosqichlarini rivojlantirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Yagona vazirlikni tashkil etishdan asosiy maqsad maktabgacha ta’limdan oliy ta’limgacha bo‘lgan jarayon va ilmiy faoliyatni o‘zaro bog‘lash, ta’lim sifatini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirishning yaxlit tizimini shakllantirishdir.

Prezident bog‘chadan oliygohgacha bo‘lgan ta’lim bosqichlari yagona vertikal sifatida ishlashi, ayniqsa maktab va universitet o‘rtasidagi uzviylikni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, ta’lim jarayonida milliy va umuminsoniy qadriyatlarga tayanish, har bir bosqichda ta’lim sifatini oshirish hamda ilmiy tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratish zarurligi qayd etildi.