TOSHKENTDA MOSKVA DAVLAT UNIVERSITETI FILIALINING 20 YILLIGI TANTANALI NISHONLANDI
31.03.2026M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti Toshkent shahridagi filialining 20 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, O’zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining prezidenti Shavkat Ayupov, mamlakatimiz va xorijdagi qator oliygohlar va nufuzli tashkilotlar rahbarlari, ilmiy jamoatchilik va diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.


Taʼkidlanganidek, filial 2006-yilda tashkil etilgan boʻlib, u qisqa vaqt ichida ikki davlat oʻrtasidagi gumanitar hamkorlikning mustahkam poydevoriga aylandi. Bugungi kunda filialda 1000 nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda.
Taʼlim jarayoni MDU standartlari asosida tashkil etilgan boʻlib, talabalarga xalqaro darajada raqobatbardosh bilim va koʻnikmalar berib kelinmoqda. Har yili Moskvadan 80 nafardan ziyod professor-oʻqituvchilar dars berish uchun jalb etilishi esa taʼlim sifatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.


Oʻtgan 20 yil davomida filial 1500 nafardan ortiq yuqori malakali mutaxassislarni tayyorladi. Bugun ular davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ilm-fan va taʼlim sohalarida samarali faoliyat yuritib, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshmoqda.
Tantanali tadbir doirasida talabalar va sanʼatkorlar ishtirokida konsert dasturi tashkil etildi, shuningdek, filialning fidoyi xodimlari yubiley munosabati bilan taqdirlandi. Shuningdek, daraxt ekish aksiyasi va zamonaviy tennis kortining ochilishi boʻlib oʻtdi.
