“TOSHTECH”DA TA’LIM ISLOHOTLARI MUHOKAMA QILINDI

04.04.2026

ToshTech texnika universitetida oliy ta’lim tizimidagi islohotlar va istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlariga bag‘ishlangan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Ilxom Sirojev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O‘ktam Salomov hamda Boston Consulting Group kompaniyasining mintaqaviy vakillari ishtirok etdilar.

Tadbir davomida universitet rektori Adxam Xudaykulov tomonidan ta’lim muassasasida yaratilgan zamonaviy sharoitlar, moddiy-texnik baza va talabalar uchun mavjud imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, universitetning dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan yo‘lga qo‘ygan hamkorligi alohida ta’kidlandi.

Uchrashuvda “ToshTech”ni Markaziy Osiyoning yetakchi texnologik universitetiga aylantirish, 2040-yilgacha esa dunyoning eng yaxshi 100 ta yosh universiteti qatoriga kiritish bo‘yicha ishlab chiqilgan strategiya taqdim etildi. Bu yo‘nalishda ilg‘or muhandislik tadqiqotlari markazlarini tashkil etish, xalqaro standartlarga mos ta’lim tizimini rivojlantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Tashrif doirasida universitetning yangi kampusi loyihasi ham tanishtirildi. Unda zamonaviy infratuzilma yaratish, yuqori texnologiyali laboratoriyalarni barpo etish va ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatini integratsiyalashgan holda rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shuningdek, universitet qoshida faoliyat yuritayotgan Foundation dasturi doirasida tahsil olayotgan 200 nafardan ortiq o‘quvchilarning akademik natijalari va ularni keyingi bosqichlarga tayyorlash jarayonlari yuzasidan ham batafsil ma’lumot berildi.

Mazkur uchrashuv oliy ta’lim tizimidagi islohotlar samaradorligini oshirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.