ВСТРЕЧАЙ МЕНЯ В СТАМБУЛЕ

23.05.2019

Richarch Chisholm

(Macmillan nashri tomonidan Tailandda 2009-yilda chop etilgan)

Tarjima qildi: Quvondiqova Mahbuba

Istanbulga sayohat

Quyoshli bahor faslining april oyi erta tongi. Londondagi Heatrov Aeroporti har  doimgidek gavjum. Mamlakatga kelayotgan, chetga jo’nab ketayotgan yoki samolyotini kutayotgan yuzlab odamlar.

Birinchi bekat Lounge kutish yo’lagida bir kishi gazeta o’qib o’tirardi. U aeroportlarni yoqtirmasdi. Aeroportda odam ko’p bo’lib, u samolyotda uchgan vaqtida doim asabiylashardi. U qo’l soatiga sabrsizlik bilan qaradi. So’ngra u radio orqali e’lon qilingan xabarni eshitdi.

“Britaniya Havo yo’llari xabar qiladi: Istanbulga jo’nab ketayotgan BE570 parvozga tayyor. Yo’lovchilardan 16-chiqish eshigiga kelishlarini so’raymiz”.

Tom Smit chamadonini olib, 16-chiqish eshigi tomon yo’naldi. Yigirma daqiqalardan so’ng samolyot uchishga hozirlanyotgandi. U aeroport bo’ylab sekin ikkinchi uchish yo’lagiga o’tdi. Tom derazadan tashqariga qaragan ko’yi o’tirardi.

Samolyot to’satdan oldinga siljidi, yo’lak bo’ylab pastlab havoga ko’tarildi. Tom pastda qolayotgan uylar va yo’llarga qaradi va jilmayib qo’ydi. London ortda qoldi. Endi u Istanbulga ketyapti.

Tom biroz bo’shashdi va cho’ntagidan maktubni oldi.

Resat Bey Apt 11-3

Kamerot Sokak,

Ayazpasa, Istanbul   

Azizim Tom, Maktubing uchun rahmat. Kelishingdan va ta’tilda yonimda bo’lishingdan juda baxtiyorman. Bu yerda, Istanbulda, hayot juda jo’shqin. Maza qilib ishlayapman, ammo seni juda sog’indim. Sen bilan yana ko’rishish ajoyib bo’lardi. 

Ishonchim komilki, biz ta’tilni ajoyib o’tkazamiz. Bu yerda hozir bahor, ob-havo esa ajoyib.

Sen kelayotgan kun – 14-april dushanba kuni ishlashimga to’g’ri kelarkan. Shu sababli aeroportga seni kutib olgani chiqolmayman. Lekin sen Air bekatidan Taksim maydonigacha taksi ushla. Bu maydon shaharning yangi qismida markazda joylashgan. Maydon yaqinida Park Hotel[1] deb ataladigan katta mehmonxona bor. Soat 5 da Amerika Barida  ko’rishamiz. Shahar uzra manzara juda go’zal.

Sen bilan ko’rishishni orziqib kutyapman, Tom. Senga aytadigan ko’p gaplarim bor. Demak eslab qol, Park Hotel, Taksim maydoni, soat 5.

14 chida ko’rishguncha

Muhabbat ila Anjela

Tom bir lahza qaylig’ining maktubiga tikilgancha o’tirdi. Keyin uni cho’ntakiga solib qo’ydi. Samolyot Yevropa bo’ylab uchib o’tayotganda u Fransiyaning pastdagi yashil dalalariga qarab bordi.

“Istanbulda biron marta bo’lganmisiz?” deya so’radi notanish bir ovoz. Bu yonidagi o’rindiqdagi yosh yigitning ovozi edi.

“Yo’q, bo’lmaganman”, dedi Tom. “Senchi?”

Yigit jilmaydi.

“Mening uyim Istanbulda. Men hozir Londonda tahsil olyapman. Ta’tilga uyga ketyapman”.

“Rostanmi?” dedi Tom. “Qayerda o’qiysan?”

“London Universitetida”.

Stuardessa tushlik tarqatyotganda ular ikkalasi gaplashib o’tirishardi. Yosh yigit Tomga ismi Kamol ekanligini aytdi. Uning ota-onasining Istanbulda do’koni bor edi.

“Istanbulda kim bilandir uchrashmoqchimisiz?” so’radi Kamol.

“Qaylig’im bilan” dedi Tom. “U ayni vaqtda Istanbulda ishlayapti”.

“Ajoyib-ku. U qancha vaqtdan beri u yerda?”

U Istanbulga ikki oy oldin ketgandi. U Angliyaga eksport qilishni boshlayotgan kichik kompaniyada ishlaydi. U barcha uchrashuvlarni tashkillashtiradi.

“Eksport ishlari doim qiyin bo’lgan”, — dedi Kamol.

“Qiyin”, uning fikriga qo’shildi Tom. “Ammo bu Anjelaning ishi. U eksport va import qilish bo’yicha mutaxassis. Uning otasining Londonda import/eksport agentligi bor va u bir necha yildan beri otasi uchun ishlab kelmoqda. U Istanbuldagi ishini deyarli tugatib qoldi. Kompaniya allaqachon Angliyaga tovarlarni jo’natishni boshladi. U tez orada Londonga qaytib keladi”.

“Qanday turdagi mahsulotlarni eksport qilishadi?” so’radi Kamol.

“Hamma turdagi narsalarni – misdan yasalgan zeb-ziynatlar, kofe idishlar, patnislar, charm va oniksdan[2] ishlangan buyumlar – Anjelaning otasi bu mahsulotlar Angliyada yaxshi narxda sotiladi deb ishonadi”.

“Qiziq”,- dedi Kamol. “Mening ota-onam ham Istanbuldagi do’konida shunga o’xshash buyumlarni sotishadi”.

Samolyot Italiya va Gretsiya uzra Turkiya tomon uchib borayotganda ular hamon suhbatlashib ketishardi. Tez orada ular Istanbuldagi Yesilkoy aeroportiga qo’nishdi.

Samolyot to’xtagach, Kamol o’rnidan turib:

“Istanbulda vaqtingni chog’ o’tkazasan degan umiddaman”, — dedi. “Mana bu yerda mening telefon raqamim. Bordiyu biron narsa kerak bo’lib qolsa, menga qo’ng’iroq qil. Men Sislida yashayman. U yer shahar mazkazidan uncha uzoq emas”.

“Rahmat, Kamol, juda oliyjanob ekansan”.

“Arzimaydi” javob berdi Kamol. “Tanishganimdan xursandman. Hozircha xayr”.

Tom Tijorat va Immigratsiya bo’limlari[3] orqali o’tib aeroport chiqish eshigi tomon yo’l oldi.

2

Amerika Bari

Aeroport tashqarisida City Air Terminal[4] uchun avtobus kutib turardi. Tom avtobusga chiqib, deraza yoniga o’tirdi. Boshqa yo’lovchilar ham chiqqach avtobus yo’lga tushdi va Istanbul tomon yo’l oldi.

Tez orada ular shahar yaqinidagi uylar va turar joy binolari yonidan o’tib borardi. Keyin eski shahar devorlari yonidan o’tishdi. Tom hayajonda edi va hamma narsani kuzatib borardi. U ko’rkam qadimiy masjidlar va ko’cha bozorlarini ko’rib borardi.

Avtobus ko’hna Istanbul markaziga yaqinlashib qolgandi. U bir necha svetaforlar yonida to’xtab o’tdi.

Avtobus ortidan mashina kelib to’xtadi. Eshik ochilib undan bir ayol tushib keldi. U bilan ikkita erkak ham bor edi. Tom birdan sakrab turdi. Bu Anjela edi.

“Anjela!” baqirdi Tom. “Anjela. Bu yoqqa! Bu men – Tomman!”

U avtobus derazasini taqillatdi. Birdaniga svetafor chiroqlari o’zgardi va avtobus ilgarilab ketdi. Tom avtobusning orqa tomoniga yugurdi. Anjela va haligi ikki kishi qandaydir binoga kirib ketishyotgandi.

“Anjela!” deya baqirdi u. “An…” U to’xtab qoldi. Ancha kech bo’lgandi. Avtobus keng ko’cha bo’ylab tezda pastlab ketdi. Yo’lovchilar Tomga qarab turishardi va u birdan o’zini ahmoqdek his qildi. U o’z o’rindig’i tomon borib o’tirdi.

Qanday syurpriz, deya o’yladi u. Kechki payt ko’rishganimizda bu haqda unga aytishim kerak.

Keyin avtobus Ataturk ko’prigidan kesib o’tdi. Tom esa Golden Horn bortidagi qayiqlarga qaradi. U yanada hayajonlanib ketdi.

Avtobus Air bekatiga chorakam to’rtta yetib keldi. U yerda kutib turgan bir qancha taksilar bo’lib, Tom ulardan biri yoniga bordi.

“Park Mehmonxonasi, Taksim maydoniga, iltimos” dedi u haydovchiga.

“Inglizmisiz? Men bilan yuring. Zum o’tmay manzilingizga yetkazib qo’yaman”.

Soat to’rtdan o’n besh daqiqa o’tganda taksi maydonga yetib keldi.

“Marhamat, janob, Park Mehmonxonasi”.

“Rahmat” deya Tom haydovchiga yo’l haqini uzatdi.

Tom mehmonxonaga kirdi. U Amerika Barini topdi va ayvonchada bir stol yoniga borib o’tirdi. Ofitsiant kirib keldi.

“Pivo, iltimos”, — dedi Tom.

U tushki quyosh nurlarida o’tirib Istanbul shahri uzra pastga qarardi. Manzara juda go’zal. Bosfor kemalar bilan to’lgan. U yerda Rossiyaga jo’nab ketayotgan katta kemalar va kichkina sayr uchun mo’ljallangan kemalar bor edi. Olisda u ko’hna Istanbulning masjidlari va saroylarini ko’rib turardi. Qanday latif va hayratomuz!

Tom qo’l soatiga qaradi. Soat deyarli 5 bo’lib qolgandi. U o’rnidan turib mehmonxona kirish eshigi tomon bordi. U yerda mehmonxonaga kirib-chiqayotgan odamlar ko’p edi. Ammo u Anjelani hech qayerda ko’rmadi. Barga qaytib borib, yana pivo buyurdi.

Kelaqol Anjela, derdi Tom o’ziga-o’zi. Kechikma.

Amerika Bariga shundoqqina kiraverishdagi stolda kulrang plashdagi kishi o’tirardi. U qahva ichib, arzon sigareta chekayotgandi. Uning oldidagi stolda gazeta ochiq turardi va u vaqti-vaqti bilan gazetaga qarab qo’yardi. Ammo bu kishi gazeta o’qimayotgandi – u Tomni kuzatayotgandi.

Soat beshdan yigirma daqiqa o’tdi. Tom shom quyoshi nurlarida o’tirardi. U yana soatiga qaradi va kutishda davom etdi. Besh yarim. Chorakam olti. Qorong’i tushayotgandi. U Bosfordagi chiroqlarga qaradi. “G’alati , — o’yladi Tom. — Anjela odatda kech qolmasdi”.

Tom Amerika Barining ayvonida stol yonida o’tirgancha qaylig’ini kutardi. U kutaverdi, kutaverdi, biroq hech kim kelmadi.

Bardagi kulrang plashdagi kishi ham sabr bilan Tomni kuzatgancha sigareta chekib o’tirardi.

“Yana pivo xohlaysizmi?” deya so’radi ofitsiant.

“Yo’q, menga acchiq qahva olib keling. Telefon bormi?”

“Ha, janob, ichkarida”.

Tom mehmonxonaga kirdi. Qabulxonada telefon bor edi. Telefon qayta-qayta jiringladi, ammo hech kim javob bermadi. U telefonni joyiga qo’yib, qabul stoli yoniga bordi. “Kechirasiz”, so’radi u qabulxonachidan. “Kamerot Sokak – bu joyning qayerdaligini bilasizmi?”

“Ha. Bu joy juda yaqin. Mehmonxonadan chiqib o’ngga burilasiz. Ko’cha bo’ylab yurib boring — Kamerot Sokak o’ngdan to’rtinchi.

“Rahmat”, — dedi Tom.

Tom barga qaytib bordi. Qahvasini ichib bo’lib, ichimliklar haqini to’ladi. Soat sakkizdan o’tib qolgandi. Tom chemodanini olib mehmonxonani tark etdi.

Bar ichidagi kulrang plashdagi kishi o’rnidan turdi va gazetasini oldi. Stol ustida biroz pul qoldirib u ham ko’chaga chiqdi. Yo’lakda bir necha soniya turgach, u ham yo’lga tushdi.

3

Hayrat

Kamerot Sokak eski turar joy binolaridan iborat tor, sokin ko’cha ekan. Tom eshiklarning raqamlariga qarab yo’lak bo’ylab yurib bordi. U yerda faqat bittagina ko’cha chirog’i bo’lib, ko’rish qiyin edi. Lekin u, nihoyat, Anjelaning manzilini, 11-raqamli eshikni topdi.

Binoning katta shishadan ishlangan eshigi bo’lib, Tom uni itarib ko’rdi. Ammo eshik qulf edi. U yerda eshik qo’ng’irog’i yo’q edi. U eshikni taqillatdi. Hech qanday javob bo’lmadi. U qattiqroq taqillatdi va quloq tutdi. Jimjitlik.

Jin ursin, o’yladi u va betoqatlana boshladi. Ayni damda tashvishlanayotgan ham edi. U ko’cha o’rtasiga orqaroqqa yurib yuqoriga qaradi. U yerda beshta qavat bo’lib, hamma derazalar qora rangda edi. Binoning bironta qavatida chiroq ko’rinmasdi.

Anjela, dedi u o’ziga-o’zi. Anjela! Qayerdasan?!

Undan biroz masofada kulrang paltodagi kishi qorong’i eshik yonida turardi. U Tomni, uning har bir xatti-harakatini kuzatardi…

Tom nima qilishini bilmay qoldi. U shisha eshikni yana bir bor taqillatib ko’rdi – yana hech qanday javob bo’lmadi. Nihoyat u chamadonini olib, binoga oxirgi bor qarab oldi-da, burilib ortga Taksim maydoni tomonga yurib ketdi.

Yurib borarkan, Tom Smit, o’yladi o’zicha, sen issiq dush qabul qilib miriqib uxlab olishing kerak. Keyin nima qilishni o’ylab ko’rsang bo’ladi.

Park Mehmonxonasi qimmat edi. Ammo Tom Taksim maydoni yaqinida bir ikkita kichik mehmonxonalarni ko’rgani esiga tushdi. Nihoyat, u Anqara mehmonxonasi tashqarisida turardi. U ichkariga kirdi.

“Xayrli kech” dedi u qabulxonadagi ayolga. “Menga bir kishilik xona kerak edi, iltimos”.

Ayol boshini qimirlatdi.

“Yuqori qavatda ajoyib xonamiz bor. Yuring, sizga ko’rsataman”.

Ular yuqori qavatga chiqishdi va ayol eshikni ochdi.

“Juda ajoyib xona” dedi u.

Bu kichikroq bo’lsa-da, ozoda xona bo’lib, qulay ko’rinardi.

“Olaman”, — dedi u va ayolga pasportini berdi.

“Vanna karidor bo’ylab” dedi u. “Nonushta sakkizdan o’ngacha. Xayrli tun”.

Tom chamadonini qo’yib karavotga o’tirdi. U to’satdan juda toliqqanini va xomushligini his qildi. U ajoyib restoranda ajoyib kechki ovqat tanovul qilmayotgandi. U sevgan ayoli bilan o’tirmagandi. U begona shahardagi arzon mehmonxonada bir o’zi yolg’iz o’tirardi. 

U yotoqda ancha paytgacha o’ylanib o’tirdi. Lekin men Anjelani ko’rdim-ku. Men uni avtobusdan ko’rdim.

Nihoyat u o’rnidan turdi.

Yaxshi, o’yladi u. Ertaga ertalab Anjelaning idorasiga boraman va nima bo’lganini bilib olaman. Ishonchim komilki, buning bir oddiy izohi bo’lishi kerak. Buni ertaga bilib olaman.

U issiq dush qabul qilib uxlagani yotdi. U bunday uzoq sayohatdan so’ng juda charchagandi va zum o’tmay uxlab qoldi.

Kulrang paltodagi kishi Taksim maydonini kesib o’tdi. Burchakda telefon budkasi bor edi. U bir raqamga bog’lanib, kutib turdi. Keyin gapira boshladi.

“U Anqara mehmonxonasida”, dedi haligi kishi. “U Park mehmonxonasida kutdi, keyin qizning kvartirasiga bordi. Hozir esa Anqara mehmonxonasida… Ha, albatta, bajaraman”.

U telefonni joyiga qo’yib budkani tark etdi.

Ertasi kuni ertalab, Tom o’zini yaxshiroq his eta boshladi. Nonushta qilib bo’lgach, taksiga o’tirib Anjela ishlaydigan idora tomon yo’l oldi. Taksi tirband ko’chalardan o’tib, Galata ko’prigini kesib o’tdi va eski shahar tomonga yurdi. Nihoyat u Temiryo’l Stansiyasi yaqinidagi kichik ko’chaga burildi. Bu do’konlar, kichik biznes markazlari va ishxonalardan iborat tor ko’cha edi. Taksi kulrang bino yonida to’xtadi.

Eshik tepasidagi peshtaxtadagi “F.Karamian and Co.Export/Import Agency”[5] degan yozuv bor edi. Tom eshikni itarib ichkariga yo’naldi. Kotiba qabul stolida kompyuterda yozib o’tirardi. Tom kirib kelgach kotiba unga qaradi.

“Xayrli tong” deya tabassum qildi.

“Xayrli tong” dedi Tom. “Mening ismim Tom Smit. Men Anjela Tomsonni qidiryapman – u mening qaylig’im. Men Istanbulga o’tgan tunda yetib keldim. Uni kutdim, biroq u kelmadi…”

Kotiba unga tikilib turardi. U o’rnidan turdi.

“Bir daqiqa kutib turing, janob Smit, iltimos.”

U “Idora” deb yozilgan eshik tomon shoshildi va ichkariga kirdi. Tom uning kim bilandir gaplashayotganini eshitib turardi.

Eshik ochilib undan bir kishi chiqib keldi. U juda jiddiy ko’rinardi.

“Janob Smit, mening ismim Dunya. Iltimos , ichkariga kiring.”

Tom ichkariga kirdi.

“Iltimos, o’tiring, janob Smit”, — dedi Dunya. “Xo’sh – mm, sizga buni qanday aytishni bilmay turibman, janob Smit. Menda siz uchun yomon xabar bor. Juda afsusdaman, ammo miss Tomson – sizning qaylig’ingiz vafot etdi.”

4

“Men uni ko’rdim”

“Mana buni ichib oling, janob Smit”, — dedi Dunya. U Tomga bir stakan o’tkir brendi uzatdi. Tom hayratlanib, yuzlari oqargan holda o’tirardi. U bir og’iz so’z aytishga ham majolsiz edi. U sekingina brendini ichdi.

“Qanday – bu qanday sodir bo’ldi?” so’radi u.

“Mashina halokati. Mis Tomson xavfli yo’ldan mashinasini haydab ketayotgan bo’lgan. Hech kim nima bo’lganini bilmaydi. Uning mashinasi yo’ldan chiqib ketib, tepalik yonbag’riga qulab tushgan.”

“Kecha kechqurunmi?” so’radi Tom.

“Kechirasiz?”

“Baxtsiz hodisa kecha kechqurun bo’ldimi?”

Dunya unga qaradi.

“Janob Smit, avariya bir hafta ilgari sodir bo’lgan – aniqrog’i, o’tgan yakshanbada. U bir hafta mobaynida Bursada bo’lgan va keyin…”

“Ammo bunday bo’lishi mumkin emas”, — dedi Tom. “Men Anjelani kecha ko’rdim!”

“Kecha?”

“Ha, men Istanbulga kelayotgan aeroport avtobusida edim. Men uni ko’chada ko’rib qoldim”.

“Judayam afsusdaman, janob Smit. Biroq siz adashyapsiz”.

“Yo’q, men sizga uni ko’rdim deyapman. Men…”

“Janob Smit”, — dedi Dunya sabr bilan. “Istanbul katta shahar. Bu yerda sizning qaylig’imgizga o’xshaydigan yuzlab ayollar bo’lishi mumkin”.

Tom hech narsa deyolmadi.

“Britaniya konsulligi katta yordam ko’rsatdi” davom etdi janob Dunya. “Ular dafn marosimi uchun kerakli barcha ishlarni tashkillashtirdi. Marosim chorshanba kuni bo’lib o’tdi”.

“Ota-onasiga bu haqida xabar berildimi?” so’radi Tom.

“Afsuski, bu muammo bo’lib turibdi. Uning ota-onasi Fransiyada ta’tilda ekan. Britaniya va fransuz politsiyasi ular bilan bog’lanishga harakat qilishyapti”.

“Demak ular haliyam bexabar”, — dedi Tom sekingina.

“Qo’rqamanki, shunday”.

Oraga chuqur sukunat cho’kdi.

“Yana brendi ichsam maylimi?” so’radi Tom.

“Albatta”.

Tom yaxshilab eslashga urinardi.

“O’ylashimcha, men uni kecha ko’rdim”, dedi u sekingina.

“Tushunaman, janob Smit, bu siz uchun – umuman, hammamiz uchun kutilmagan holat bo’ldi”.

Birozdan so’ng Dunya: “Janob Smit, endi nima qilmoqchisiz? Sizga yordam berolamanmi?” deya so’radi.

“Bilmadim”, javob berdi Tom. “O’ylab olishimga biroz vaqt kerak. Nima qilishni hozircha bilmayman”.

“Istanbulda u-bu kimni taniysizmi?”

Shu payt birdaniga Tom Kamolni esladi.

“Ha, ha. Bu yerda do’stlarim bor, tashvishlanmang. Menga qarang janob Dunya, hozir biron narsa o’ylaydigan holatda emasman. Istanbulda bir-ikki kun qolsam kerak. Konsullikka borishni xohlayman, ehtimol politsiyaga ham borarman”.

Janob Dunya stolidagi tortmani ochib undan bir kartochka oldi. Unga nimadir yozib Tomga tutqazdi.

“Bu yerga janob Devid Peddingtonning telefon raqamini yozdim. U Konsullikdagi dafn marosimi uchun zaruriy narsalarni tashkillashtirdi. Yana bittasi idoramning raqami. Agar biron narsa kerak bo’lsa men bilan bog’laning. Men kun bo’yi shu yerda bo’laman”.

Tom o’rnidan turdi.

“Men endi ketishim kerak”, dedi Tom. “Yordamingiz uchun rahmat”.

Janob Dunya uni eshik yonigacha kuzatib qo’ydi. “Mayli, janob Smit, yana bir bor juda afsusdaman”.

“Bilasizmi, uni ko’rganimga shunchalar aminmanki, shunchalar amin…” – dedi Tom.

“Tushunaman” javob berdi janob Dunya. “Bu juda kutilmagan holat bo’ldi”.

Ikkalasi ham qo’l berib xayrlashdi.

“Yodingizda tuting, biron narsa zarur bo’lsa istalgan vaqtda bu yerga kelishingiz mumkin. Hozircha xayr”, — dedi janob Dunya.

“Xayr”, — dedi Tom va ko’chaga chiqib ketdi.

Janob Dunya ortga burilib idorasiga kirib ketdi. U eshikni ehtiyotkorlik bilan yopdi va stoli yoniga o’tirdi. U bir necha daqiqa o’ylanib o’tirdi. Keyin go’shakni qo’liga oldi.

________________

Tom ko’hna Istanbulning tirband ko’chalari bo’ylab sekin yurib o’tdi. Ko’chalar gavjum bo’lib, qiziqdan qiziq odamlar, do’konlar va kafelar bilan to’lib toshgandi. Biroq Tom bu narsalarning hech birini ko’rmasdi. Endi Istanbul uni qiziqtirmasdi, endi u ortiq bu yerda sayyoh emasdi. Tom Anjela haqida o’ylardi. U aeroportdan avtobusda bo’lgan sayohatni esladi. U Anjelani ko’rganiga ishonchi komil edi. U o’shayerda yo’lakda edi, mashinadan tushayotgandi. Lekin Dunya bu Anjela emas deb aytdi. Anjela o’lgan. U bir hafta ilgari vafot etgan.

Tom shahar ko’chalari bo’ylab piyoda sayr qildi. U Grand Bazar orqali o’tdi. U eski tor ko’chalar bo’ylab yuraverdi, yuraverdi. U qayerdaligini ham, qaysi paytligini ham bilmasdi. U Anjela haqida o’ylardi. Aeroportdan avtobusdagi sayohati haqida o’ylardi. Qayta qayta shular haqida o’ylardi, yana va yana qaylig’ini ko’rardi. Keyin u yurishdan to’xtab, yo’lakda bir necha soniya turib qoldi. U dengiz yaqinidagi ko’chada turardi.

Anjela o’lmagan, o’ylardi u. Men uni ko’rdim!

U cho’ntagini qarab Kamolning telefon raqamini topdi. Ko’chani tezlik bilan kesib o’tib kafega yo’l oldi. U telefon budkasiga kirdi.

“Salom, Kamol. Salom, bu men Tomman. Eslaysanmi…? Ha, ha, yaxshiman rahmat. Quloq sol, esingdami biron narsa zarur bo’lib qolsa qo’ng’iroq qilishim mumkinligini aytganding? Ha, bir ish sodir bo’ldi. Biron yerda ko’rishsak bo’ladimi?”

5

Umidlarni puchga chiqargan kun

“Shunday qilib, — dedi Kamol, — sen chindanam uni ko’rdim deb o’ylayapsan, shundaymi?”  Kamol va Tom Park mehmonxonasidagi Amerika Barida o’tirishardi.

“Ha”, — dedi u sekingina. “Ha, uni ko’rdim. Sen ehtimol meni xayol surgan deb o’ylashing mumkin. Men buni tushunaman. Biroq uni ko’rganimga mutlaqo ishonchim komil, bor gap shu”.

Kamol boshini irg’atib qo’ydi.

“Men kechagi kun haqida o’ylayshdan o’zimni to’xtatolmayapman”, davom etdi Tom. “Ko’zlarimni yumganimda nuqul Anjelani o’sha yerda yo’lakda ko’ryapman. Buni unuta olmayapman”.

“Quloq sol, Tom”, dedi Kamol. “Biz sen bilan kechagina tanishdik, biroq allaqachon do’stlarga aylandik. Sen mening yurtimdasan, sen mening do’stimsan va yordamga muhtojsan. Agar sen Anjelani ko’rganman deb hisoblasang menga shuni o’zi kifoya. Men senga ishonaman. Endi nima qilish haqida o’ylab olishimiz kerak”.

“Men zudlik bilan qilishim kerak bo’lgan ikkita narsa bor” dedi Tom. “Birinchidan, Anjelani ko’rgan joyimdagi ko’chaga borishni istayman. Keyin Britaniya Konsulligiga bormoqchiman. Bugun tushki paytda uchrashuvim bor”.

“Yaxshi”, dedi Kamol. “Sen Anjelani ko’rgan ko’cha? Sen uni qayerdaligini eslay olasanmi?”

“Bu muammo emas”, dedi Tom. “Biz aeroport avtobusi yuradigan yo’nalish bo’ylab boramiz. U yerni eslay olishimga ishonchim komil”.

“U yerda nima topishing mumkin deb o’ylayapsan?”

 “Bilmadim. Lekin uni bir binoga ikkita kishi bilan kirib ketayotganini ko’rdim. Hech bo’lmaganda binoni topamiz – ehtimol u yerda biron belgi toparmiz”.

“Yaxshi”, dedi Kamol. “Mashinam tashqarida turibdi. Qani kettik”.

__________

Tom va Kamol shahar bo’ylab mashinada ketishardi.

“Keng ko’cha edi”, dedi Tom. “Biz svetafordan keyin aylanma yo’lga keldik. Undan so’ng chapga burilib, eski bir osma quvur yonidan o’ttik”.

“Oqsaroy”, dedi Kamol. “U bu yerga yaqin”.

Kamol Otaturk ko’prigidan haydab o’tdi. Bir necha daqiqadan so’ng ular eski osma quvurni ko’rishdi. Keyin ular keng aylanma yo’lga kelgach o’ngga burilishdi.

“Mana shu”, dedi Tom. “Mana shu yaqin atrofda bo’lishi kerak”.

Ular bir necha svetafor chiroqlariga yaqinlashyotgandi. Tom chapdagi binolarga mashina derzasidan qarab borardi.

“Yo’q”, dedi u. “Bu yerda emas”.

Ular keyingi svetafor tomon yurishdi.

“Mana shu”, dedi Tom. “Mana shu joy”.

Kamol mashinani to’xtatdi.

“Sen tushaver. Men mashinani qo’yishga joy topay”.

Tom mashinadan tushdi va yon-atrofni ko’zdan kechirdi. U do’kon va idoralardan iborat keng ko’chada edi. Gazeta do’koni, sayyohlik agentligi – u bir kun avvalgi ko’rganlarini esladi. U Kamol kelguncha qarshisidagi binolarni kuzatib turdi.

Tom ko’chani kesib o’tgandagi idora binosiga kiraverishni ko’rsatdi.

“O’ylashimcha, mana shu”, dedi u.

Ular ko’chani kesib o’tib binodagi idoraga kiraverishidagi nomlarga qarab chiqishdi. U yerda ko’plab nomlar bo’lib, advokat, tish shifokori, shifokor va boshqa ko’plab idoralardan iborat edi. Tom bir necha daqiqa bu nomlarga qarab turib qoldi.


[1] A famous hotel in Istanbul.

[2] Oniks – nafis yumshoq yashil tosh

[3] Tijorat bo’limi mamlakatga olib kirayotgan narsalaringizni tekshirish maqsadida yuklaringizni ko’zdan kechiradi.

Immigratsiya xodimlari mamlakatga kirganda shaxsni tasdiqlovchi hujjat (passport)ni tekshiradi

[4] Shahardagi aeroportga boruvchi yoki ketuvchi yo’lovchilar avtobusga chiqadigan joy.

[5] Anjela ishlaydigan ekport/import bilan shug’ullanuvchi kompaniya nomi

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

семь − пять =