GAPIRISH VA ESHITISHDA NUQSONI BOR BOLALAR UCHUN ROBOTLAR YARATILMOQDA

24.02.2024

Nutqida va eshitishda nuqsoni bolalarga yordam berishni o‘z oldiga maqsad qilgan Nodir Kamolov tili chuchuk bolalarning gapirishiga yordam beruvchi robotlar seriyasini kashf qilgan.

Ixtirochi Nodir Kamolov Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida tahsil olgan. Hozirda mazkur ta’lim dargohining doktoranturasida izlanishlarini davom ettirmoqda. Shu bilan birga Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent davlat axborot texnologiyalari universitetida matbuot kotibi sifatida ishlab keladi.

N.Kamolov:

6 yildan buyon o‘zbek tilida so‘zlashuvchi robotlar bo‘yicha izlanishlar o‘tkazaman. Bir necha yil avval eshitish va nutqida nuqsoni bor bolalarga mo‘ljallangan Olmazor tumanidagi bir maktabga tadbirga borganimda o‘sha yerdagi bolalarni kuzatib, ularga yordam berishni o‘z oldimga maqsad qilgan edim. Shundan so‘ng tili chuchuk bolalarning gapirishiga ko‘maklashadigan robotlarni ixtiro qilish bo‘yicha chuqurroq izlana boshladim. Hozirgacha “Nodbot” deb nomlanuvchi robotlar seriyasini ixtiro qildim, uning 3 ta rusumi ishlab chiqilgan.

“Nodbot” ning so‘nggi modeli maktab yoshidagi bolalar bilan o‘zbek tilida so‘zlashadi. Ushbu robotni eshitish qobiliyatida nuqsoni bor bolalarga koxlear implantatsiya amaliyotini bajargandan keyingi reabilitatsiya jarayonida ham qo‘llash mumkin. “Nodbot”ning 3 versiyasi logoped tomonidan o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar o‘rnini muayyan darajada bosa oladi. Robot bilan muloqot geymifikatsiya (kompyuter o‘yinlariga xos bo‘lgan texnik yondashuvlar) ko‘rinishida bo‘lgani uchun boladagi reabilitatsiya jarayoni odatdagidan ko‘ra tezroq kechadi.

Bu robotimizga 1200 dollardan oshiqroq xarajat qildik. Unga o‘zbekcha so‘zlar, hatto murakkab jumlalar ham kiritilgan. Ma’lumki, Google, Yandeks xizmatlari o‘zbek tilidagi g‘, h, q tovushlarini qabul qilolmaydi, lekin bu robot dasturiga ayni shu harflar ham joylashtirilgan.

Batafsil ma’lumot.