«NAVOIY SO’ZLARI XXI ASRDA HAM DUNYO BO’YLAB O’ZINING YUKSAK PARVOZINI DAVOM ETTIRMOQDA…»

09.02.2021

Markaziy Osiyoda turkiy til va adabiyotning rivojlanishida xizmatlari beqiyos bo’lgan Hazrat  Alisher Navoiyning xazinasi butun turk dunyosining umumiy ma’naviy qadriyati sifatida e’zozlanib, hali hamon o’rganib kelinmoqda. U kishining o’lmas asarlari mag’rib-u mashriqda, jumladan Turkiyada ijod qilayotgan adabiyotshunos va tilshunos olimlarni ham birlashtirib turadi. Asarlari faqatgina Turkistonda emas, Afg’onistonda ham, Ozarbayjonda ham, Anadoluda ham katta hayrat bilan o’qilgan Alisher Navoiy hazratlarini XV asr Usmoniy shoirlari o’zlarining ustozi deb bilganlar, she’rlariga  naziralar bitganlar. Usmoniy sultonlarimiz, podshohlarimiz Navoiydek sheʼr yozishni, g’azal oʻqishni katta sanʼat deb hisoblaganlar. Buyuk tarixchi olim Fuad Ko’pruluning ta’kidlashicha,​ ​“Usmoniylar imperiyasining Budindan Basragacha bo’lgan keng hududdagi barcha katta markazlarida Navoiy asarlarini doim mutolaa qilishgan, shoirlar taqlidan sh’erlar bitishgan. O’sha davrda ozmi-ko’pmi adabiyotga ixlosi bor kishining Navoiyni o’qimagan bo’lishi mumkin emas edi​.​» Navoiy ijodiga bunday qiziqish vaqt hukmiga bo’ysunmaydi, hazrat asarlariga oshino bo’lish, hikmatlaridan bahramandlik istagi hozirgi Turkiya olimlarining ham katta orzusidir.

Navoiy o’z asarlarida ulug’lagan, salobati va jozibasini ko’rsatib bergan va “Navoiy tili” deb atalgan chig’atoy lahjasi asosida rivojlangan O’zbek tili bugun ham unda bitilgan asarlar bilan butun go’zalligini namoyon etmoqta, qadri oshib bormoqda. Shu o’rinda Prezident janob Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidek yuksak minbardagi ma’ruzalarini o’zbek tilida so’zlaganliklari butun turk olami uchun baxt va g’urur manbai bo’lganini yana bir bor ta’kidlab o’tmoqchiman.

Prezident janob Shavkat Mirziyoyev o’tgan yili oktyabr oyida imzolagan farmonlari bilan Alisher Navoiy Hazratlari tavalludining 580 yilligining munosib nishonlanishi uchun bir yo’l xaritasini belgilab bergan edilar. Kuni kecha Prezidentimiz janob Rajab Toyyib Erdo’g’on tomonidan imzolangan Qaror bilan 2021-yil – Yunus Emre va Turk tili yili deb e’lon qilindi. Bundan tashqari, O’zbekistonning ham qo’llab-quvvatlashlari bilan Yunus Emre vafotining yetti yuz yillligi UNESCO ning 2021-yilda nishonlanadigan sanalar ro’yxatiga kiritildi. Prezidentlarimizning tashabbuslari va shaxsiy ko’rsatmalari bilan 2021-yilda umumiy merosimizning bu ikki buyuk siymosining xotirasi uchun birgalikda katta ishlarni amalga oshiramiz, qo’shma loyihalar, ilmiy tadqiqotlar va xalqaro anjumanlar orqali biz o’z umumiy boyligimizni saqlab qolishda davom etamiz va ayniqsa, yosh avlodning dunyo miqyosida o’zbek tiliga bo’lgan qiziqishini oshiramiz.

Yunus Emrening ham g’arb, ham sharq adabiyotining eng buyuk asarlarini o’zbek tiliga birdek katta mahorat bilan o’girgan ulug’ shoir, turk dunyosining iftixori, O’zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol tomonidan o’zbek tiliga tarjima qilingan:

“Yunus bu so’zlarni aytar,
Go’yo asalga moy qotar,
Xalqqa matolarin sotar,
Moli gavhardir, tuz emas”


misralarida  “asalni moyga qotgandek” go’zal so’zlar aytganini, bu so’zlarining gavhar yanglig’ qiymatli ekanligini ta’kidlaganidek, Navoiy ham nomi va asarlarining mangu yashab qolishiga ishongan edi. Shoirning “Umidim uldurki va hayolimga andoq kelur ki, so’zim martabasi avjdan quyi enmagay” deb yozganlari ijobat bo’lib, shoir so’zlari XXI asrda ham dunyo bo’ylab o’zining yuksak parvozini davom ettirmoqda…

Men barchangizni buyuk mutafakkir Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavalludining besh yuz sakson yilligi bilan tabriklayman.

Turkiya Respublikasining O’zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Surayyo Er janoblari

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

five − 2 =