OLIMLIK – IZLANISH VA AMALIYOT MAHSULI

06.10.2021

O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiDoktorantlar uyushmasi”da 2021-yil 27-sentabrdan 4-oktabrgacha an’anaga muvofiq, har uch oyda tajriba almashish maqsadida tashkil qilinadigan doktorantlarning navbatdagi hisobot-taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Boqiyeva Gulandom Hisomovna tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan mazkur taqdimot bu gal ham o‘zgacha tusda mazmunga boy bo‘ldi.

Bir hafta davom etgan taqdimotda 34 ta (PhD) tayanch doktorant, 2 ta mustaqil izlanuvchi va 2 ta (DSc) doktorantning hisobot-taqdimoti savol-javob, bahs-munozaralar asosida qizg‘in muhokama qilindi. Unda aksariyat ilmiy rahbarlar ham ishtirok etib, taqdimotchilarga qimmatli yo‘llanma, maslahatlar berib borishdi. Bu gal taqdimotchi sifatida ishtirok etgan mustaqil izlanuvchilar ham mazkur tajriba maktabi amaliyotidan kerakli xulosalar chiqarishdi. Ma’lumki, hisobot-taqdimotidan ko‘zlangan asosiy maqsad: tadqiqotchilarni turli seminar va himoya jarayonlariga ruhan tayyorlab, ilm minbari mas’uliyati, amalga oshirilgan  ilmiy yangiliklarni asoslash ko‘nikmasini shakllantirish borasida faol bo‘lishlari uchun bir tajribadir.

Har bir taqdimot so‘ngida qiziqarli tus olgan savol-javob va takliflar berishdagi faollik borasida tayanch doktorantlar bir-birlaridan qolishmay, o‘z mahoratlarini namoyon etdilar. Ushbu hisobot-taqdimoti taassurotlarini 2-bosqich tayanch doktoranti Shaxnoza Ismatova shunday ifoda etadi: “Uyushmada qatnashib, ko‘p narsa o‘rgandim. Ayniqsa, taqdimot qilish bo‘yicha malakam oshdi. Xato va kamchiliklarim ustida ishlashni, mutaxassislar va doktorantlar tomonidan berilgan yo‘llanmalarni to‘g‘ri qabul qilishni hamda savollarga aniq javob berish usullari katta tajriba berdi”.

1-bosqich tayanch doktoranti, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohibi Solijon Azizov esa bu xususda shunday deydi: “Avvalambor, tadqiqotchilar uchun yaratilgan bu imkoniyat ularning tom ma’noda yakuniy bosqich hisoblanuvchi himoya jarayonida har tomonlama muvaffaqqiyatli natijaga erishishi yo’lida katta sinov maydoni sifatida amalda e’tirof etilmoqda. O‘zim misolimda aytadigan bo’lsam, verbal va noverbal nutqimda, qolaversa, taqdimot materiallarimda kuzatiluvchi xato va kamchiliklarni anglab, to’g’rilashim uchun aynan shu uyushma bag’oyatda qo’l kelmoqda. Shuningdek, boshqa OTM va ilmiy tashkilotlardan kelgan vakillarning bu faol amaliy jarayonni ko’rib, havas qilayotganliklarini o’z e’tiroflarida bot-bot takrorlayotganliklari mening bu dargohda shunday imkoniyatlardan foydalanayotganimdan g’urur tuyushimga sabab bo’lmoqda!”

Darhaqiqat, yurt taraqqiyoti beixtiyor ziyolilar, ustozlar amaliyotiga bog‘liq. M. Barres ta’kidlaganidek: “Har bir odamga muayyan bir faoliyat turi hamroh bo‘ladi, bu faoliyat uni jamiyat uchun foydali kishiga aylantiradi va ayni paytda unga baxt keltiradi”. Shunday ekan, ilm faqatgina o‘z sohibini emas, balki u yashayotgan davr, xalq, Vatanni ham saodat sari yetaklashi shubhasiz.

Dedaxanova Muazzam
2-bosqich tayanch doktoranti

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

fourteen − ten =