OTAM ERTAKLARI OG‘USHIDA ULG‘AYDIK

19.02.2021

Ko‘pchilikda bolalik va o’smirlik davrini yodga olganida o‘z hikoyasi bo‘ladi. Meni esa ulg‘ayish chog‘larimni eslatguvchi  – bu ko‘pincha Otamdir. Kim qanday, qay muhitda katta bo‘lgan bilmadim-u, lekin biz otamdan ertak tinglab o‘sganmiz desam, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Har kech otamni ishdan kelishini poylab turardik.  Ukam juda kichkina bo‘lganligi sababli tez uxlab qolar edi. Ammo men uni: “Hozir dadam keladi. Agar sen uxlab qolsang, ertaksiz qolib ketasan” — deb ba’zida to‘xtatib turardim. Odatda, otam ishga barvaqt ketar, qaytishini intizorlik bilan kutardik. Otam ishdan kelardi. Biz quchog‘iga otilardik. Onam ovqatni tayyor qilib turardi. Barchamiz bir dasturxon ustida kulishib, ukam bilan ovqatlarimizni maqtanib va ba’zida kim oldin ovqatini tugatadi, deb bahs boylar edik. Qoshiq, idishlarning taraqa-turuq ovozlari eshitilyaptimi, demak,  ovqatlanib bo‘ldik. Endi biz sevgan onlar yaqinlashmoqda.

Sekin olamga qorong‘ulik qoplab tun kirib kelmoqda. Otam esa ukam va mening o‘rtamizda o‘tirib ertaklarini boshlardi. Sizga aytsam, otamning bor-yo‘g‘i ikki dona eng sevimli ertagi bo‘lar edi. Biri — “Alolak, bulolak, xishtagi va sartaronak”, ikkinchisi — “Boboy horkash”. Sizga g‘alati eshitilishi mumkin, lekin biz uchun suyukli va ayni paytda bu ertaklarsiz uxlashni tasavvur etolmasdik. Men har safar kuzatganman: shu ikki ertak nomi bir xilga o‘xshaydi, ammo har xil yangrardi, bayon etilardi.  Bir kuni voqealar unday bo‘lardi, bir kuni bunday bo‘lardi. Yakunida doim yaxshilik bilan tugardi.

Kunlarning birida bir noxush hodisa bo‘ldi. Ya’ni otamning ukasi  — amakim kasal bo‘lib qoldi. Bizning ertakchi otamiz esa bir necha oylar amakim bilan kasalxonada bo‘lishdi. Ukam juda yosh. Otam nega kelmayotganini tushunmaydi, xarhasha qiladi, injiqlanadi. Qisqacha qilib aytganda, uxlay olmayapti. Shunday paytda, men otamdan tinglab aniqrog‘i yodlab olgan ertaklarni aytib berishga qaror qildim. Buni qarangki, ertakchi endi menman. Ukam bora-bora otam kelmayotganini so‘ramay qo‘ydi. Sababi yonida har kech ertak aytuvchi opasi bor. Bolani dardi ertak eshitib uxlash edi, shu ish bajarilyapti, u esa tinch, osuda uyquga ketyapti.   Men va onam uchun muhimi biz otamga ishonar edik, ukam ham endi menga ishonayotgani edi. Keyinchalik yoshimiz ulg‘ayib biz boshqa bolalardan ko‘ra boshqacha muhitda katta bo‘lganimizni angladim.

Biz oddiy oilalardan bo‘lganmiz. Otamning topgan-tutgani ro‘zg‘orimizga yetardi xolos. Bizning uyda oldin na televizor, na telefon bo‘lgan. Onam kun bo‘yi uy ishlari bilan band bo‘lardi. Kech kirishi bilan onamning ko‘zlariga boqardim: hayolga botgan, xiyol charchagan. Eh, bu ko‘zlarda nimalar bor, bu hayollar nimalar bilan band edi, barcha-bachasi men uchun sirli edi. Ba’zida onam ovqatlanib bo‘lgandan keyin o‘tirgan joylarida uxlab qolaverardilar. Shunday kunlarning birida otam bilan onam kelishib, bizni ovutish, xotirjam uxlashimiz uchun ertak aytib berishni o‘ylab topgan ekanlar.

Bizning uyimizda o‘sha davrda ko‘rishga-televizor, o‘ynashga- telefon bo‘lmaganligi  hech ham sezilmagan va meni afsuslantirmagan. Aksincha, biz kitob o‘qib, hovlining ishlari bilan band bo‘lib yurganmiz, kechqurun esa oila davrasida suhbat  bo’lib turli ertak va rivoyatlar tinglab o‘tirar edik. Bir tomondan, bu bizni doimo vaqtni qadrlashga, unumli o‘tkazishga o‘rgatdi, ikkinchi tomondan, otamiz va onamizni chuqur qadrlashga va  ularga nisbatan mehribon bo‘lishga  o‘rgatdi. Chunki, agar onam va otam shu ishni qilmaganlarida, bizning dunyoqarashimiz,  ma’naviy boyligimiz kengaymagan, og‘zaki ijodga muhabattimiz paydo bo‘lmagan bo‘lar edi, deb o’ylayman. To‘g‘ri, keyin bizda televizor, telefon, kompyuter paydo bo‘ldi, lekin biz hali uzoq davr otam bizga yana va yana ertak so‘zlab berishlarini istaymiz. Shu bois men bolalik davrimni eslasam, bu  mening beg‘ubor, ertaklarga boy va betakror davrim deb aytaman. Ma’lum bir ma’noda  bu ertak va suhbatlarsiz hayotimiz mazmunsiz o‘tarmidi?!  Masalaga boshqa tomondan qaraganda, biz o‘sha paytda yosh bo‘lganmiz, hamma narsalarni samimiy va to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qilganmiz, ko‘p narsani tushunmaganmiz, ota-onalarimiz aytganlarini qabul qilganmiz va ishonganmiz.

Hozir yoshimiz biroz ulg‘aydi, ko‘p narsalarni tushunadigan bo‘ldik. Otam oilani yolg‘iz boquvchisi bo‘lgan, onam oz topilgan pulni ro‘zg‘orimizning kam-ko‘stiga yetkazishga harakat qilgan. Lekin biz bularni o‘sha paytda sezmaganmiz. Ertaklar ta’siridanmi, biz sog‘lom ruh, katta ezgulik bilan kelajakka qarar edik va yuksak orzularga erishishga intilganmiz. Hozir esa sizga aytgulik,  yoshlikni eslashga arzigulik bir ajoyib hikoyam bor. Men ham kun kelib ona bo‘lsam, albatta, otam-onam tanlagan usulda bolalarimga tarbiya berishga, onam kabi ro‘zg‘or tutishga harakat qilaman. Men bildimki, siz jamiyatning qaysi qatlamida yashashingizdan qa’ti nazar, muhimi orzuingiz va hayotingiz mazmunli bo’lishi kerak hamda yoningizda sizni sevadigan va ertak go‘zalliklarga chorlovchi  ota-onangiz bo‘lsa — bu eng katta boylik!

Tursunoy Raxmatilloyeva,
O‘zDJTU, «Xalqaro jurnalistika» fakulteti talabasi

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

thirteen + eighteen =