O‘ZBEGIM FAXRI – HAZRAT NAVOIY VA MIRZO BOBUR YODI HAMISHA QALBIMIZDA, YURAGIMIZDA

12.02.2021

Har bir xalqning tarixiy, madaniy-milliy qiyofasini o‘zida yorqin ifoda etuvchi ulug‘ shohlari, buyuk olimlari, mashhur ijodkorlari – cheksiz iste’dod sohiblari bo‘ladi. Insoniyatning abadiyatga mansub ana shunday buyuk siymolari safidan munosib o‘rin olgan daholar: Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavalludining 580 va temuriyzoda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538 yilligi munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab barcha ma’rifiy dargohlarda tantanalar davom etmoqda. Jumladan, nufuzli oliygohlarimizdan biri O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi qoshidagi doktorantlar uyushmasida ham bugun ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor filologiya fanlari doktori, professor Bakiyeva Gulandom Hisamovna boshchiliklarida har yilgi an’anaga muvofiq katta tadbir o‘tkazildi. Uni boburshunos olima falsafa fanlari doktori (PhD) Ziyodaxon Teshabayeva o‘zgacha tusda olib bordilar. Tadbirda o‘zbek millati va O‘zbekistonni o‘z shoh asarilari bilan jahonga tanitgan bu buyuk siymolarning hayoti, adabiy merosi olimlarga xos keng qamrovda yodga olinar ekan, tashrif buyurgan mehmonlarning fan olamiga qo‘shgan hissalari hamda doktorantu tayanch doktorantlarning faolligida uyushtirilgan she’riy lahzalar, sahna ko‘rinishlari musiqalar sadosi ostida nihoyatda zavqli va esda qolarli taassurot uyg‘otdi.

Alisher Navoiyning o‘zi: “Olibmen taxti farmonimg‘a oson, Cherik chekmay Xitodin to Xuroson”, deya iqror bo‘lganidek “Temur tig‘i yetmagan joyni Qalam bilan” (Abdulla Oripov) zabt etgan shoir shaxsi, o‘lmas asarlari bugungi kunda nafaqat o‘zbeku afg‘on yurtida, balki butun jahon miqyosida ardoqlanib, faxr bilan fan olamida e’tibor qaratib kelinmoqda… Shuningdek, shuhratda daho ushbu “G‘azal mulkining sultoni” (Maqsud Shayxzoda ta’rifi) yonida turadigan mumtoz so‘z san’atkori Bobur mirzo — buyuk podshoh, mumtoz shoir, nazariyotchi adabiyotshunos, faqih, tilshunos, san’atshunos, etnograf, hayvonot va nabotot olamining bilimdoni sifatida ko‘p qirrali faoliyat va ijod sohibidir. Shoh asar bo‘lmish birgina «Boburnoma»da ilmiy ma’lumotlarning behad ko‘pligi va ular hozirgi tarmoqlashgan fanlarning ellikka yaqin sohalariga mansubligini inobatga olsak, bu “Vaqoye’”, ya’ni “Boburnoma”ni qomusiy — ensiklopedik asar, desak xato qilmagan bo‘lamiz. XV—XVI asrlarda Xuroson va Movarounnahr, Hindiston va Afg‘oniston, Eron va Turkiyada fors tili va adabiyoti nufuzining qay darajada yuksak ekanligini “Boburnoma” kotibi va tarjimoning quyidagi so‘zlari bilan izohlash mumkin: “Ushbu kitobkim, “Boburiya”(“Boburnoma”)dur, Bayramxonni o‘g‘li Mirzoxong‘a buyurdilarkim, turkiydin forsiyg‘a kelturgilkim, turkiy bilmog‘on xaloyiqqa oson bo‘lg‘ay». Darhaqiqat, bu asarning fors tiliga o‘girilishi Hindistondan Turkiyagacha bo‘lgan juda ulkan hudud xalqlariga, ziyolilariga yetib bordi, degan ishonch edi. Bugungi kunda esa fan olamida kashf qilingan yoki hali ulgurilmagan ayrim masalalar allaqachon “Boburnoma”da yoritib qo‘yilganini butun jahon tan olmoqda. Albatta, tarjimachilik maktabi vakillari va izlanuvchi tadqiqotchilarning bu boradagi yutuqlarda hissasi katta. Zero, buyuk tarixiy siymo sifatida Bobur shaxsi Yevropa va AQSh sharqshunos-tarixchi olimlari diqqat-e’tiborini ham allaqachon o‘ziga jalb etgan. Ingliz tarixchisi Eduard Holden, avvalo, Boburni mashhur Yuliy Sezar bilan qiyoslashni lozim topadi: “Bobur fe’l-atvoriga ko‘ra Sezarga qaraganda sevishga arzigulikdir. Uning manglayiga yuksak fazilatli inson deb bitib qo‘yilgan”.

Taklif qilingan hurmatli mehmonlardan O‘zDJTU professori Dilorom Yormatovaning bugungi kunda e’tibor qaratilayotgan zaytunga xos ahamiyatli jihatlar, o‘simlik olamining gultojlari – atirgulning Hind eliga ilk borishi va lola turlaridagi kashfiyot aynan Bobur mirzoga aloqadorligini asoslash bilan birga sermahsul tarjima va izlanishlari doktorantlarda katta taassurot qoldirdi. Suhbat chog‘ida Bobur fondi raisi Zokirjon Mashrabov boshliq ekspeditsiya xususida so‘z ochib, o‘z safarlari davomida Bobur qadamjolari bo‘lgan va boburiylarga daxldor muzeylar, shaharlar va fan yutuqlaridan boxabar qilib, tadbir ishtirokchilarini fan rivoji borasida ilhomlantirishga muvaffaq bo‘ldilar.

Shuningdek, “Yapon tili” kafedrasi mudiri Nargiza Hamidova ham tashrif buyurib, Ziyodaxon Teshabayeva bilan hamkorlikda amalga oshirgan Bobur ijodiga mansub tarjima jarayoni haqida qiziq voqealar yodga olindi. Shuningdek, yapon ijodkori Yeyji Mano hamda «Boburnoma“ xususida to‘xtalib, tarjimon olima shunday deydi:

Yeyji Mano turkiy filologiya va O‘rta Osiyo tarixini yoritishda katta hissa qo‘shgan. «Boburnoma“ kitobi XVI asr oxirida O‘rta Osiyoda yaratilgan bo‘lib, u Afg‘onistondan o‘tgan va Hindistonda mo‘g‘ullar sulolasiga asos solgan Bobur tomonidan chig‘atoy turkiy tilda yozilgan xotiralardir. O‘rta Osiyo tarixi uchun Temuriylar imperiyasi tarixi va XIV-XVI asrlarga mansub Mo‘g‘uliston Xon tarixi bilan bog‘liq tadqiqotlar mavjud. Shuningdek, u Markaziy Osiyo o‘tmishi faqat Ipak yo‘li vositachiligidagi Sharq-G‘arb muzokaralari tarixi sifatida qarashga moyilligi haqidagi an’anaviy nazariyani o‘zgartirdi hamda shimol va janubdagi ko‘chmanchilar o‘rtasidagi munosabatlarni yoritadi.

“バーブル Bobur” kitobi 88 sahifadan iborat bo‘lib, u rang tasvirli surat va xarita tasvirlarini o‘ziga qamrab olgan. Temuriylar shajarasi, Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma» asaridagi voqea-hodisalarni yoritib bergan. Muallif Eyji Mano Boburning davlat boshqaruv siyosatini qo‘llab-quvvatlagan holda temuriylar davri haqidagi qarashlari va o‘z fikr-mulohazalarini kitobda ifodalagan.

Kitobning kirish qismi Boburning ikki portretini tahlil qilishdan boshlanib, uning tug‘ilib o‘sgan maskani va Hindistondagi Buyuk Mo‘g‘ullar imperiyasiga asos solgan jahon tarixidagi eng muhim shaxs sifatida talqin etilishi bayon qilinadi. Shuningdek, qudratli mo‘g‘ullar sulolasi asoschisining kitobi bilan surati chizilishi kam uchraydigan holat va nima uchun Bobur bunday aks ettirilgani tushuntirib o‘tilgan. Qolversa, qahramon jangchi, kitoblarni sevuvchi ilmparvar va ajoyib ijodkor, davlat arbobi, betakror shaxs sifatida ochib berilganligini bayon etgan.

«Boburnoma» asarini esa Eyji Mano “Injil” yozuvlariga taqqoslab, qadimgi yodgorliklaridan biri sifatida juda qadrlaydi. Nemis, rus, turk, o‘zbek, urdu, arab va yapon kabi ko‘plab tillarga tarjima qilingan ushbu kitob “Boburnoma”ning tavsifiga asoslangan. U davrning siyosiy ahvoli, uning kayfiyati va notinch hayoti, adabiy shaxs sifatida qoldirgan asarlari va insoniyligi, olib borgan davlat siyosati va shu vaqtdagi tarixiy dalillar aks ettirilgan. XIX asrdan beri Angliya, Fransiya, Hindiston, O‘zbekiston va boshqa davlatlarda uning tarjimai holi dunyo bo‘ylab nashr etib kelingan. Ammo Yaponiyada u hech qachon chop etilmagan, shu sababli Eyji Mano Bobur va uning davrini o‘z kitobi orqali yapon xalqiga tanitishni maqsad qilganligini aytadi. Kitobning asosiy qismi «Bobur hayoti» deb nomlangan.

Navoiyshunos Begoyim Xolbekova tomonidan esa Mir Alisher Navoiy ijodiga to‘xtalib, betakror g‘azal sharhidan bahramand qilindi. Shundan so‘ng 2-bosqich doktorantlarining mazmunli chiqishlari namoyish etilib, bu she’riy lahzalar tadbirga yanada ruh bag‘ishlagandek bo‘ldi. Ayniqsa, falsafa fanlari doktori (PhD) Umarova Mahliyoning Navoiy ijodini Xorijda o‘rganilishi yuzasidan tayyorlagan taqdimotlari o‘tirganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

E’tiborli mehmonlardan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti dotsenti Rustam Abdullayev rahbarligida san’atkor doktorantlar jamoasining tashrifi va Navoiyyu Bobur g‘azallari asosida bastalangan qo‘shiqlarning jonli ijrosi kechaga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

1-bosqich tayanch doktorantlari esa o‘zlarining har jihatdan tengsiz iqtidor sohibi ekanliklarini namoyon qilib, tadbirga yanada jon kiritish bilan tahsinga sazovor bo‘ldilar. Fan olami yangiliklari va she’rxonlikning nafaqat o‘zbek tilida, balki boshqa tillarda ham qizg‘in tus olishi O‘zbekiston davlat jahon tillari oliygohining, haqiqatan, ismi jismiga monand holda kelajagi porloqligi, serqirra tarjimon yosh olimu olimalarga boy ekanining yorqin isboti bo‘ldi.

O‘zbek mumtoz adabiyoti tarixidagi ikki buyuk siymo – Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur ijodini o‘rganish, o‘zlikni anglash orqali chinakam barkamol inson qanday bo‘lishi kerakligi haqida tadbir davomida yana bir bor yetarlicha ishonch hosil qilindi. Mazkur bayramona kecha xalqimiz faxri bo‘lmish bu zotlar hamisha qalbimizda, yuragimizda mangu yashashining iqroridir. Ularning o‘lmas asarlarini tarjima qilish, bugungi kun jahon yoshlariga moslab tabdil va tahlil qilish borasida qilinayotgan ishlar rivoji uchun u yana bir ilhomlantiruvchi qadam bo‘ldi, desak aslo mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.


1-bosqich tayanch doktoranti
Dadaxanova Marg‘uba

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

fourteen − two =