QUROLLI KUCHLAR OLIY BOSH QO’MONDONI SHAVKAT MIRZIYOYEVNING  VATAN HIMOYACHILARIGA BAYRAM TABRIGI

14.01.2023

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar!

Qurolli Kuchlarimiz xizmatchilari va faxriylari!

Qadrli yurtdoshlar!

Sizlarni, sizlar orqali ko‘pmillatli butun xalqimizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu quvonchli ayyomda o‘z hayotini ona yurt himoyasidek ulug‘ ishga bag‘ishlagan siz, azizlarga o‘zimning yuksak hurmat va ehtiromimni bildiraman.

Hech shubhasiz, mard va olijanob xalqimiz o‘zining muqaddas qasamyodiga hamisha sodiq bo‘lib, xizmat burchini yerda ham, ko‘kda ham sharaf bilan ado etayotgan sizlar kabi zabardast farzandlari – bahodir va dovyurak harbiylarimiz bilan haqli ravishda faxrlanadi.

Muhtaram do‘stlar!

So‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida milliy armiyamizning qiyofasi va salohiyati tubdan o‘zgardi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga qodir bo‘lgan, harakatchan va puxta qurollangan qudratli kuchga aylandi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.

Dunyoda yuzaga kelgan hozirgi murakkab vaziyatda Vatanimiz mustaqilligi va suverenitetini, uning hududiy yaxlitligini ta’minlash, eng qimmatli boyligimiz – jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini barchamiz albatta chuqur anglaymiz.

Aynan shuning uchun ham biz 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasida yurtimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirishni ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgiladik.

Ushbu strategiya asosida Qurolli Kuchlarning tezkor boshqaruvini amalga oshirish, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar bilan ta’minlash hamda harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ko‘zda tutadigan qarorlar qabul qildik.

O‘tgan yili harbiy qismlarda ilk bor “Amir Temur jangovar bayrog‘i uchun” musobaqalar bo‘lib o‘tdi. Qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligini oshirish, harbiy an’analarni yanada mustahkamlash, buyuk ajdodlarimizga munosib mard va jasur, bilimli va jismonan baquvvat Vatan himoyachilarini tarbiyalashda ushbu musobaqalar beqiyos ahamiyatga ega.

Ayni vaqtda azmu shijoatli askarlarimiz xalqaro maydonlarda o‘tkazilayotgan ko‘plab nufuzli harbiy musobaqalarda ham faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda. Jumladan, O‘zbekiston harbiylari Xalqaro armiya o‘yinlari, “Kembriya patruli” va boshqa yirik harbiy-sport musobaqalarida bir necha yillardan buyon salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritayotgani barchamizni quvontiradi.

Yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik, yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada o‘tgan yili mamlakatimiz bo‘ylab “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harakatini tashkil etganimiz hamda barcha umumta’lim maktablarida mazkur harakatning 20 mingdan ziyod o‘quvchi yoshlarni qamrab olgan guruhlari tuzilgani farzandlarimiz qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotganini ta’kidlash lozim.

Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari hamda soha faxriylarini ijtimoiy himoya qilish masalasiga ham jiddiy ahamiyat berilmoqda. Faqat so‘nggi bir yilning o‘zida 3 mingdan ortiq harbiylar uy-joy bilan ta’minlandi, salkam 2 ming harbiy xizmatchilarning farzandlariga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalar berildi, 4 mingdan ziyod harbiylarning turmush o‘rtoqlari kasbga o‘qitilib, ishga joylashtirildi, 1250 nafar harbiy pensionerning bandligi ta’minlandi.

Qadrli yurtdoshlar!

Bugungi kunda butun jahonda, jumladan, bizning mintaqamizda, bevosita chegaralarimiz yaqinida turli tahdid va xatarlar tobora kuchayib bormoqda.

Dunyoda ro‘y berayotgan gibrid xarakterdagi qurolli to‘qnashuvlar tahlili bizdan Qurolli Kuchlarimizning jangovar harakatlar jarayonida ilgari amalda qo‘llanilmagan qurollardan foydalanadigan kuchlarga qarshi kurasha olish qobiliyatini oshirishni taqozo etmoqda.

Bunday sharoitda, avvalo, jangovar harakatlarning samarali shakl va usullarini tadqiq va tatbiq etish, Qurolli Kuchlarning yagona avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini yaratish va rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish borasidagi ishlarni jadallashtirishimiz lozim.

Mamlakatimiz hududlarining operativ jihozlanishini ta’minlash, hududiy mudofaa va fuqaro muhofazasi tizimini takomillashtirish hamda davlat organlari barcha subyektlarining favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha tayyorgarlik darajasini kuchaytirish muhim vazifadir.

Mudofaa sanoatini tizimli rivojlantirish, uchuvchisiz uchish apparatlari, zirhli avtomashinalar kompleksini takomillashtirish ishlari ham faoliyatimizning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Bundan tashqari, quyi pog‘onalardagi bo‘linmalarning axborot-psixologik ta’sirlarga bardosh bera olish qobiliyatini oshirishga qaratilgan tayyorgarlik ishlarini doimiy yo‘lga qo‘yish zarur.

Ma’lumki, biz 2023 yilni mamlakatimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qildik.

Shu maqsadda harbiy qismlarda shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini, bilim va malakasi, dunyoqarashini yuksaltirish, ularning kasbiy va madaniy qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga muhim ahamiyat beriladi.

Harbiy xizmatchilar va soha faxriylarini, ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, moddiy va tibbiy ta’minotini yaxshilash, hududlarimizda harbiylar uchun uzoq muddatli, imtiyozli kreditlar asosida ko‘p qavatli uy-joylar barpo etish bundan buyon ham oldimizdagi muhim va ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qoladi.

Bugungi qutlug‘ ayyomda bir fikrni alohida ta’kidlab aytmoqchiman: harbiy-jangovar salohiyat va yuksak ma’naviy salohiyat O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining ikki buyuk tayanchiga aylanishi zarur. Shonli tariximiz, buyuk ajdodlarimiz, yengilmas sarkardalarimiz jasorati, ularning “Bilagi zo‘r – birni yengar, ongi va yuragi zo‘r esa – mingni” degan dono o‘gitlari bizga aynan mana shunday hayotiy haqiqatni uqtiradi.

Shu ma’noda, harbiy ta’lim va yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida, milliy o‘zligimiz, ezgu qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash tizimini yanada takomillashtirish barchamizning eng muhim vazifamizdir.

O‘tgan yili uzluksiz harbiy ta’lim tizimini jahon standartlari darajasiga olib chiqish borasida jiddiy qadamlar tashlandi.

Qurolli Kuchlar akademiyasi isloh qilinib, kelgusida uning harbiy ilm-fan sohasi lokomotiviga aylanishi uchun mustahkam zamin yaratildi. Endilikda oliy harbiy ta’lim muassasalarida ham yangicha yondashuv va o‘quv uslublari joriy etiladi.

Navqiron avlodimizni bugungi axborot makonida mavjud tahdidlardan himoya qilish, ularda yot va zararli g‘oyalarga qarshi barqaror immunitetni shakllantirish maqsadida davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda yoshlar, ayniqsa, uyushmagan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi amaliy ishlarimiz samaradorligini oshirishimiz zarur.

Tabiiyki, ushbu vazifalarni bajarishda “Xalq va armiya – bir tanu bir jondir!” degan tamoyildan kelib chiqib, harbiy-ma’muriy sektorlar va keng jamoatchilikning ishtirokini ta’minlash muhim ahamiyatga ega.

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz xizmatchilari va faxriylari!

Bugungi shonli ayyomda mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligi yo‘lidagi fidokorona xizmatlaringiz uchun barchangizga o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiraman.

Siz, azizlarni, sizlar orqali oila a’zolaringizni Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 31 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.

Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, olijanob va mas’uliyatli xizmat vazifangizda ulkan zafarlar tilayman.

Kuch-g‘ayratingiz, sha’nu sharafingiz yanada ziyoda bo‘lsin!

El-yurtimizning yuksak mehri va ishonchi sizlarga doimo yor bo‘lsin!

Shavkat MIRZIYOЕV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti,
Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni

https://president.uz/

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

5 + 19 =