YAXSHI MUOMALA UMRNI UZAYTIRADI

09.02.2021

Bu voqea men Tibbiyot kollejida tahsil olayotgan vaqtlarim sodir bo‘lgan. 2- kurs talabasiman, bizni kasbiy amaliyotga chiqarishdi. Hamma uchun o‘ziga qiziqarli bo‘lgan bo‘limga borish imkoni berildi. Men «Jonlantirish» bo‘limini tanladim. Nega, deysizmi? Mendek, kollejga jarroh bo‘lish maqsadida kirgan inson uchun bu – «baxt» ning o‘ziginasi edi! Amaliyotimiz boshlandi. Oradan kunlar o‘tdi. Men shu kunlar ichida nazariya bilan amaliyot birgalikda borishini, o‘rganganlarimiz ishimizda qo‘l kelishini ko‘rdim.
Odatda, amaliyotimiz kunduz kunlari bo‘lgan bo‘lsa-da, men tungi navbatchilikka ham qolish uchun ruxsat oldim. Bilardimki, kasallik tunga borib kuchayadi, ya’ni bemorni yanada qiynashni boshlaydi. Tungi navbatchiliklarimning birida bosh shifokor meni o‘z xonasiga sekin imladi.(Bu bo‘limda baland ovozda gapirish mumkin emasligiga ishora edi) Xonaga tomon borar ekanman, hayolimdan «meni haydab yuborsa-ya, ko‘p savol berib bezor qildimmikan yoki qiz bola boshing bilan senga bu yerda nima bor desachi?!»- degan o‘ylar o‘tdi.
Shifokorning yillar davomida orttirgan ajinlari biroz yoyilib, nim tabassum qildi. Qo’rqib , yuragi qulog‘ini tagida urib turgan kaminaga qarab: » Ey, begona qarindoshim (meni shunday chaqirardi) yonimga kel va gaplarimni diqqat bilan eshit», — dedi…
U menga shifokorlarga monand kiyinishimni, nainki kiyinishimni, balki ularga xos gapirishim kerakligini aytdi. Shifokor va bemor o‘rtasidagi etika munosabatlari nazarda tutildi. U yerda bemorlar ko‘p edi, lekin menga bir bemor oldiga kirish, u bilan suhbarlashish aytildi.
Ham ruhan, ham qiyofiy jihatdan tayyorligimni his qilganimdan so‘ng xonaga kirdim, biroz yuzlarim qizargan, albatta, bu hayajon nishonasi edi. Kech bo‘lganligi sababli xona nim qorong‘u va sokin edi. Men bemor ayolning oldiga kelib o‘tirdim. Ayol chamasi 50 yoshlar atrofida, yuzi xorg‘in , sochlari oqargan, bir so‘z bilan aytganda, atrofga befarq va umidsiz ko‘rinardi. Men esa yaqinroq o‘tirib madordan qolgan qo’llaridan ohista tutdim. Birdan ayol jonlanganday bo‘ldi va dedi: «Qizim, sizni tanidim. Siz yangi kelgan shifokorsiz!» Shu ondayoq hayajonim yo‘qoldi. Bemordan anamnez ( kasallik tarixi) yig‘a boshladim. Kutilmaganda ayol menga «bir narsasini yo‘qotib keyin topib olgan bola» kabi shodlanib qaradi. Kutganingizdek, men bu holatning sababi bilan qiziqdim. «Oy yuzli qizim, sen meni bolaligimga o‘xshaysan», — deb meni hayratda qoldirdi. Endi biz dildan suhbatlasha boshladik. Shirin suhbatimiz yoshlikni eslashga ulanib ketdi.
«Men asli tojikistonlikman, bu go‘zal yurtga kelin bo‘lib kelib qolganman. Yoshligim tog‘larda o‘tgan. Bilasanmi, u joylar salqin, bahavo edi. «Ayol menga to‘lib-toshib so‘zlar ekan, u tamoman o‘z olamiga sho‘ng‘ib ketgan, men esa bemorni qo‘l- oyoqlarini shiddat bilan bosar edim. Chunki bu kasallikda qon tomirlarida qonning yurishi kiyinlashadi, tinmay tashqi tomondan ta’sir ko‘rsatib turilmasa, bemor tanasidagi og‘riqdan bezovtalanadi. Men imkoni boricha ayolning quvonch bilan gapirayotgan holatini (og‘riq sababli) buzib qo‘ymaslik uchun intilardim.
Tun yarimlab qolgan bo‘lsa-da, suhbatimiz hamon davom etardi. Biz ko‘p joylarga hayolan borib keldik: dam tog‘larda, dam bog‘larda bo‘ldik. Shu zayilda qancha vaqt o‘tganini bilmayman. Tong yorisha boshladi. Bildimki, bir necha soatlardan so‘ng kollejimda dars boshlanadi. Xayrlashgim kelmasa-da, ketishim kerakligini aytdim. Ayol sergak tortib, bir qog‘ozni menga tutdi va dedi: «Albatta, qo‘ng‘iroq qil, men seni kutaman!» Shosha-pisha kasalxonani tark etdim. Yo‘lda ketar ekanman, qog‘ozga nazar tashladim: ism va telefon nomer – yana sumkamga solib qo‘ydim.
Oradan ancha vaqt o‘tdi…
Biz bitiruvchi kurs bo‘ldik, imtihonga tayyorgarlik avj pallada. Barcha o‘rganganlarimizni qaytadan ko‘rib chiqyapmiz, shu lahzada ko‘zim – o‘sha qog‘ozga tushdi. Ich-ichimdan his qildimki, men darhol qo‘ng‘iroq qilishim kerak. Chaqiruv tugmasini bosdim, menda esa hayajon, uyalish hissi kuchaydi. Baxtimga go‘shakni (umid yo‘q, tez orada vafot etadi deyilgan) ayol ko‘tardi, ammo ovozida bo‘g‘iqlik , menga sog‘inganini bildirdi. Diydoriga juda oshiqdim, shuning uchun ikkilanmasdan onamdan ruxsat so‘radim.
Ochig‘ini aytganda, ukam va men uchun hayotning barcha sinovlarini jimgina yengib kelayotgan onam bu safar ham qizini qo‘lladilar. Men goh shamolday, goh shamoldan tez uchdim. Nihoyat, kutilgan manzilga yetib keldim. Eshikdan kirdim-u, uning bag‘riga o‘zimni otdim. Bir-birimizni quchoqlab uzoq yig‘ladik. Men uni yana bir bor ko‘rganimdan baxtiyor edim. Biroz suhbatlashdik. Ayol men uchun ikki quti sovg‘a ataganini aytdi. Olmasligimni qancha takrorlasam ham , qo‘llarini duoga ochib : «Baxtli bo‘lgin qizim», — deb berdi va qo‘shimcha qildi: «Birinchi qutini hozir ochishing mumkin, ikkinchisini esa men dunyoni tark aylaganimda och». Men sovg‘a olgan bo‘lsam-da, uyga o‘ychan qaytdim. O’sha kundan taxminan 2 oy o‘tdi.
Men tush ko‘rib uyg‘onib ketdim. Hovlida xo‘roz qichqirdi. Birozdan so‘ng menga o‘sha ayol telefon raqamidan qo’ng‘iroq bo‘ldi. Ayol vafot etganligini, berilgan sovg‘ani ochishim mumkinligini aytishdi. Eshitgan qulog‘imga ishonmay, olam ko‘zimga qorong‘u bo‘lib ancha vaqt boshimni quyi solib o‘tirdim. So‘ng chuqur nafas olib sovg‘ani ochdim. Quti ichida Tohir Malikning «Alvido, bolalik» asari turardi. Men o’shanda o’yladim, u menga o‘zining umri haqida gapirganida, yoshlik davrini eslaganida – unda umid, hayot umidi kuchga kirgan. Shu boisdan u yana yarim yilcha yashashga muyassar bo‘ldi. Demak, biz bir- birimizga yaxshi muomalada bo‘lsak, og‘ir paytlarda ishonch bildirsak, savobli ish qilgan bo‘lamiz. Guvohi bo‘lganingizdek, shirin so‘z-u, chiroyli tabassumimiz orqali odamlarning umriga umr qo‘shishimiz mumkin.

Tursunoy Raxmatilloyeva
O‘zDJTU «Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

three × 1 =