THE GREAT GATSBY (Translated to Uzbek)

May 23, 2019

F. Skot Fitsjerald

Abduganieva Z. tomonidan tarjima qilingan

(Margeret Tarner tomonidan qayta hikoya qilingan)

Muqaddima

Mening ismim Nik Kerreuay. Midl Uest[1]ning katta shaharlaridan birida tavallud topdim. Mening oilam 70 yildan buyon bu shaharning mashhur oilalardan edi. Otam o’qigan Nyu Hevendagi Yel universitetida o’qidim va 1915-yilda universitetni bitirib, I jahon urushiga ketdim.

Urushdan qaytgach Midl Uestdagi hayot juda ham zerikarli tuyuldi. Men bu yerda uzoq yashay olmadim. Men sharqqa borishga va biznes obligatsiyasiyalarini o’rganishga qaror qildim. Birinchi yilgi xarajatlarimni otamning o’zi to’lashga rozi bo’ldi. Shunday qilib, 1922-yilda Nyu Yorkka ketdim. Men bir necha yillar davomida sharqda qolishni rejalashtirgandim, ammo faqat bir yoznigina u yerda o’tkazdim. Bu kitob o’sha yoz haqida.

Men Nyu Yorkka kelganimda yoz edi. Kunlar ilib, shahar  issiq va yoqimsiz bo’lib qolgandi. Yashash uchun hamyonbop uy qidira boshladim. Oxiri Nyu Yorkdan yigirma chaqirimcha narida, Uest Egg qishlog’i yaqinida kichik bir uy topdim. Mening uyim Long Islandda, dengiz bo’yida joylashgan edi. Uyim millionerlar uchun qurilgan uylar orasida joylashgan edi. O’ng tarafda joylashgan uyda basseyn bo’lib, uyning atrofi maysazor va bog’ bilan o’ralgan edi. Bu Getsbining uyi edi. Bu hikoya ham Getsbi haqida ammo bu vaqtlar hali Getsbini tanimasdim

Tom va Deyzi

O’sha bahorda quyosh ayamasdan har kuni nur sochardi. Boshida sharqda  yolg’iz edim menga haqiqiy hayotim endi boshlangandek tuyuldi. Toza havoda sayr qilardim. Kitoblar xarid qilardim. Omadli ishbilarmonga aylanish uchun juda qattiq mehnat qilardim.

Bir kuni telefon jiringladi, bu jiyanim Deyzi edi.

“Salom Nik”, – dedi u yumshoq ovozda. “Biz qo’shni ekanligizmizdan xabaring bormi? Biz Tom bilan East Eggdagi ko’rfaz bo’yida yashaymiz. Kechki ovqatga albatta kel, Nik. Sen bilan ko’rishishdan boshim osmonga yetardi”.

Albatta bu taklifni qabul qildim. Men ham jiyanim bilan yana ko’rishishni xohlardim. Deyzi Tom Buykenin ismli odamga turmushga  chiqqan edi. Bu odam bilan Yel universitetida tanishgandim: u mashhur fulbolchi edi. Badavlat xonadonda voyaga yetgan Tom pullarni orqa oldiga qaramay sarflardi. Men ularni oxirgi marta Chikagoda ko’rgandim. Urushdan keyin ular Amerika va Yevropa bo’ylab sayohat qilishdi. Ularning biron joyda muqim qolganiga ishonish qiyin, zero ular boy va charchashni bilmasdi. Shunday qilib bir necha kundan so’ng East Egga yo’l oldim. Ko’rfazdan ularning dang’illama uyi shundoq ko’rinib turardi. Kechga yaqin ularning uyiga yetib bordim, havo iliq, shamol esardi. Uyning oldidagi barcha derazalar katta ochilgan edi.

Tom Buykenin ayvon oldida oyoqlarini keng ochgancha turardi.U sariq sochli o’ttiz yoshlar atrofida edi. U ot minish uchun kiyiladigan ust-boshda bo’lib, gavdasi bu kiyimda juda kuchli ko’rinardi. Quyosh nurlari tushib turgan ayvonda u bilan biroz gaplashdik. “Men bu yerda yaxshi joy topib oldim”, – dedi Tom. U mening qo’limdan tortgancha hovlining atrofini menga ko’rsatishga tushdi. Keyin gullar bog’ini aylandik va dengiz atrofida sayr qildik.  Dok[2]ning oxirida motorli qayiq turardi.

“Yur ichkariga kiramiz Deyzini ko’rasan”, –dedi u.

Biz uyga kirdik, keyin yuqori qavatga, ikkala tomoni ham derazalar bilan o’ralgan xonaga ko’tarildik. Derazalar katta qilib ochilganligidan shamol pardalarni goh shipga qadar uchirar, goh gilamga qadar tushirar edi. Divanda ikkita yosh juvon o’tirardi. Tom derazalarni yopmaguniga qadar ular kiyib olgan oq kuylak  shamolda goh u yoqqa goh bu yoqqa ko’tarilardi. Divanda o’tirgan yoshroq qiz miss Beyker bo’lib, divanga suyangancha jilmayib turgan ikkinchi ayol,  jiyanim Deyzi edi.

“Seni yana ko’rib turganimdan mamnunman”, – dedi Deyzi. Uning ko’zlari chaqnab tursa-da, tabassumi ma’yus edi. Men Nyu Yorkka kelgunimga qadar Chikagoda bo’lganimni va hamma do’slari unga salom aytishgani haqida so’zlab berdim.

“Ajoyib” – yig’lamsiradi: – “ Tom, ertagayoq Chikagoga ketsakchi?”

“Men shu yerda qolaman, boshqa hech qayerda yashashni istamayman” – dedi Tom qat’iy ohangda.

O’sha mahalda xonaga ichimliklar olib kelindi, ammo miss Beyker hech narsa ichmadi.

“Yo’q, rahmat. Men musobaqaga tayyorlanyapman” dedi u.

Tom unga hayrat ila boqdi: “Siz-a?” u ichimligini tezda ichdi va dedi: “Men sizning shuncha ishni qanday amalga oshirishingizga hayron qolaman ”.

Men miss Beykerga qaradim va u nima qilgan bo’lishi mumkinligi haqida o’yladim. U kulrang ko’zli rangpar va baxtsiz yuzli xushbichim ayol edi. Men uni qayerdadir  ko’rganligimga ishonchim komil edi.

“Siz Vest Eggda yashaysiz-a?” –so’radi u: “Men u yerda yashaydigan bir odamni bilaman. Getsbi. Siz ham Getsbini tanisangiz kerak”

“Getsbi?” Deyzi birdan so’radi: “Qanaqa Getsbi?”

Men javob  berishga ulgurmadim: bizga ovqat tayyor bo’lgani haqida xabar berishdi.  Tom Buykenin meni xonaga boshlab bordi. Biz tashqarida, ayvonda ovqatlandik. To’rtta sham stol ustida nur taratib turardi.

“Shamlar nima uchun kerak?” dedi Deyzi shamlarni stol ustidan olib qo’yarkan: “Sham yoqadigan darajada qorong’u emasku hali”

Miss Beyker stol atrofidan o’z joyini egallarkan, esnab qo’ydi.

“Biz nimadir qilmasak bo’lmaydi”– dedi u horg’in ovozda.

“Xo’sh, nima qilamiz unda? Odamlar nima qiladi o’zi, Nik?” – so’radi Deyzi.

Kechki ovqat deyarli tugagandi, shu vaqt telefon jiringlab qoldi. Bosh xizmatkor kelib, past ovozda Tomga nimalarnidir shivirladi. Tom hech narsa demasdan o’rnidan turib, ichkariga kirib ketdi. Deyzi menga qarab kulib qo’ydi. To’satdan u o’rnidan turib, ichkariga yugurgancha kirib ketdi. Miss Beyker stulini oldinga surdi.

“Mistr Getsbi mening qo’shnim ekan-da”,– deb gap boshlagan edim.

“Jim turing!…. U yog’i nima bo’lishini bilgim kelyapti” – dedi u.

“Nima bo’lyapti o’zi?”– hayron bo’lgancha so’radim.

“Bilmaysizmi? Tom Nyu Yorkda o’ziga boshqa ayol topib olgan. Buni hamma biladi, deb o’ylagandim. Nima bo’lganda ham, uyga telefon qilmasligi kerak edi, shundaymasmi? ”– dedi u.

Shu vaqt Tom bila Deyzi kelib qoldi.

“Sizlarni yolg’iz qoldirganimiz uchun ma’zur tutasizlar”– dedi Deyzi.

Shamlar qaytadan yoqildi. Vino ichganimizdan so’ng,  biroz muddat o’rtaga jimlik cho’kdi. Miss Beyker va Tom ichkariga kirib ketishgach, biz Deyzi ikkalamiz yolg’iz qoldik. Deyzi qo’llarini stolga, boshini ularning ustiga qo’ydi.

“Biz bir-birimizni yaxshi bilmaymiz, Nik”– dedi u muloyim ovozda: “Sen mening to’yimga kelmagan eding”.

“ Men u vaqtda hali urushdan qaytmagan edim-da”.

“ To’g’ri aytasan. Nik, Men juda ham yomon kunlarni boshdan o’tkazdim. Endi ularning hech biri meni qiziqtirmaydi. Qizim dunyoga kelgach, unga nima deganimni bilishni xohlaysanmi?”

“Xo’sh”.

“Bilasanmi, farzandim qiz ekanligini bilgach, ko’zimga yosh keldi. Ishqilib ahmoq bo’lib voyaga yetsin dedim. Chunki chiroyli va ozgina ahmoq bo’lish qiz bola uchun nihoyatda zarur. Nik bu hayot dahshatli ekan. Men ko’p joylarda bo’ldim va ko’p ishlarni qildim. Lekin hozir ularning barchasidan nafratlanaman”.

Men Deyzining aytganlariga deyarli ishongandim, hattoki ularda o’zimni aybdordek ham his qilgandim. Faqat uning yuzida yoqimsiz tabassum paydo bo’lgandagina, u hazillashayotganligini tushundim.

Ichkarida Tom va miss Beyker uzun divannda o’tirardi. Miss Beyker jurnalni baland ovozda o’qir, chiroq uning tillarang sochlari uzra nur taratar, ular yaltirab turardi.

Biz Deyzi ikkalamiz xonaga kirishimiz bilanoq, u jurnalni uloqtirib yubordi va o’rnidan turdi: “Soat 10 bo’ldi. Ertaroq yotishim kerak” dedi u.

“Ertaga Jordan katta golf matchida o’ynashi kerak”,– tushuntirdi Deyzi.

“Siz o’sha mashhur Jordan Beykermisiz?” hayratda so’radim men. Men u haqida gazetalarda o’qigandim. U golf matchida o’zini yomon tutganligi haqida turli mish-mishlarni ham eshitgandim.

“Xayr Mistr Kerreuey. Siz bilan yana ko’rishamiz deb umid qilaman”, – dedi u mayin ovozda.

“Albatta uchrashasizlar”,– dedi Deyzi: “Men sizlar turmush qursangizlarchi deb o’ylab qoldim, shunda sizlarni tez-tez chaqirib turardim va… ”

“Xayrli tun”,– miss Beyker zinadan qichqirdi: “Men hech narsa eshitmadim”.

“U yaxshi qiz”,– dedi biroz vaqt o’tgach Tom: “Ammo u mamlakat bo’ylab yolg’iz sayohat qilmasligi kerak”.

“Endi unga Nik g’amxo’rlik qiladi, shundaymi Nik?”– dedi Deyzi. “Jordan mening hamshaharim, biz birga voyaga yetdik”.

Tom Deyziga tikilib qaradi va dedi:

“Sen Nikka barcha sirlarni aytib berdingmi?”

“Aytib berdimmi? ”– so’radi Deyzi menga kulib quyib: “Biz nima haqida gaplashdik, Nik? Hech eslolmayapman”.

“U senga aytgan narsalarning hammasiga ham ishonaverma, Nik”, – dedi Tom.

Bir necha daqiqalardan keyin men uyga ketdim. Tom va Deyzi eshikkacha kuzatib qo’yishdi. Ikkita boy odam, ular xohlagan hamma narsa muhayyo. Ammo Deyzi menga baxtlizligini aytdi. Tomning esa Nyu Yorkda boshqa bir ayol topib olgan.

Men Uest Eggga qaytach, uyimning orqasida biroz o’tirdim. Oy yorug’ida bir mushuk bog’dan sekin o’ta boshladi. Men u ketayotgan tomonga qaradim va yolg’iz emasligimni sezdim. Ellik qadamcha narida Getsbining maysazorida kimningdir sharpasi ko’rinardi. Bu Getsbi ekanligiga amin edim.

Men uni bilan gaplashmoqchi ham bo’ldim, ammo u yolg’izligidan xursanddek ko’rindi. U dengizga qarab turardi, beixtiyor men ham dengiz tomonga qaradim. Uzoqda yashil chiroq nur taratib turardi, u juda kichikina va juda olisda edi.

Men yana Getsbi turgan joyga qaraganimda, u bu yerda emas edi. Qop-qorong’u kechada men yolg’iz qolgandim.

2

Mirtl Uilson

Uest Egg va Nyu York orasidagi yarim yo’lda temir yo’l  iflos va ingichka bir daryoni kesib o’tadi. Poezdlar har doim shu yerga to’xtaydi. Shu tufayli men Tomning mashuqasini birinchi bor uchratdim.

Yakshanba kuni kunduzi Tom bilan Nyu Yorkka poezdda ketayotgan edik. Men yo’l bo’yi Tomning ichib kelganini ko’rgan edim. Daryoga yetganimizda, poezd odatdaagidek to’xtadi. Temiryo’lning narigi tarafida chang bo’lib yotgan bir ko’cha o’tgan ekan. Bu juda ham rasvo joy edi.

To’satdan Tom o’rnidan turdi va mening qo’limdan tutdi.

“Qani, yur”– dedi u “Men seni bir do’stim bilan tanishtiraman, sakra”. U meni poezddan chang bosgan shu ko’chaga tortdi. Tom meni bu yerda ko’rinib turgan bir binoga boshlab bordi. Bu yerda uchta do’kon va bir garaj bo’lib, garajda shunday yozuv bor edi:

“Jorj Uilson. Avtomobillar. Sotib olish, sotish va ta’mirlash. ”

Biz bu yerga kirdik.Burchakda bir eski mashina turardi. Hayrat bilan atrofni kuzatar ekanman, shu vaqt ozg’in biro dam offisdan chiqib keldi.

 – Salom, Uilson, eski do’stim, – Tom shod yelkasiga urib, dedi. – Ishlar qalay?

– “Shikoyat qilishga asosim yo’q”, – javob berdi Uilson ham ishonchsiz ohangda:  “Menga o’sha mashinani qachon sotasiz?”

“Kelasi hafta; haydovchim uni tuzatmoqda”– dedi Tom.

– Menimcha, u tezda bitirmasa kerak.

– Men unaqa deb o’ylamayman, – jilmayib qo’ydi Tom. – Agar kutishni istamasang, men uni boshqa odamga sotish mumkin”.

– Yo’q, yo’q, yo’q, – qo’rqib ketdi Uilson, “Menga noto’g’ri tushunding, men faqat …”

U jimib qoldi. Tom shu zahoti g’azab bilan atrofga qaradi. To’satdan zinapoyadan oyoq tovushlari eshitildi va bir daqiqadan so’ng bir ayol eshik oldida paydo bo’ldi.

U o’ttiz besh yoshlar chamasi, u qadar go’zal bo’lmasa-da, butun jismi hayotga bo’lgan zavq-u shavqqa tashna edi. U jilmayib, eri yonidan sekin o’tb ketdi. Tom bilan qo’l berishib ko’rishar ekan, u Tomning ko’zlariga yeb qo’ygudek tikildi.

“Jorj agar stulchalar olib kelsangchi, hammamiz o’tirib suhbat qurardik”, – dedi u eriga.

Jorj shoshilgancha, kichik ofisga kirib ketdi.

“Men seni ko’rgim kelyapti. Keyingi poezdda yo’lga chiq. Men seni Nyu Yorkda kutib olaman”,– dedi  Tom tezlik bilan.

“Bo’pti”

U chiqib ketdi. Jorj Uilson ikkita chang bosgan stulcha ko’tarib chiqdi. Ammo Tom allaqachon ketishga taraddudlanayotgan edi.

                               __________________

Keyingi poezdni kutib o’tirgan chog’imiz Tom shunday dedi: “ Biroz aylanib kelish Mirtl uchun yaxshi bo’ladi”.

“Uning eri biladimi?”

“Uilsonmi? U ahmoq Mirlt Nyu Yorkka singlisini ko’rgani boradi deb o’ylaydi”.

Shunday qilib men, Byukenin va uning ma’shuqasi Nyu Yorkka yo’l oldik. Ammo missis Uilson boshqa vagonga chiqdi. Nyu Yorkdagi stansiyada Mirtl jurnal va atir sotib oldi. Biz taksiga chiqdik. Birdaniga missis Uilson haydovchini to’xtatdi. Qari odam yo’l chetida bir savat kuchuk bolasini ko’tarib turardi.

 “Men o’sha kuchuk bolalaridan birini kvartiramizga olib borishni xohlayman.”,–dedi u. “Ularning zoti qanaqa?”– deb so’radi qari odamdan: Meni politsiya itidan xohlayman”.

Qari odam savatiga nazar soldi va  “ Menda hamma xillaridan bor” ,– deya kuchukchalardan birini uzatdi.

Tom shunda “Bu politsiya iti emas ”, – dedi.

Qari odam uni inkor qildi: “Adashayapsiz”.

“ Menimcha u juda yoqimtoy, qancha turadi?” – dedi Mirtl Uilson.

“10 dollar, xonim”.

“Mana sizning haqqingiz, unga yana 10ta kuchuk sotib olishingiz mumkin”, – dedi Tom sabrsizlanib.

Biz Beshinchi avenyuga bordik, men ularni yolg’iz qoldirishni xohladim. Ammo Tom ketmasligimni chunki Mirtl menga kvartirasini ko’rsatmoqchiligini aytdi.

“Albatta”, – tasdiqladi Mirtl: “Men singlim Katerinaga telefon qilaman. U juda ham go’zal”.

Shunday qilib biz uning kvartirasiga bordik. Mirtl Uilson taksidan tushar ekan, o’zini xuddi malikalardek tutardi.

“Men Mikkilardan kelishini so’rayman”, – dedi u liftda: “ ular pastki qavatda yashashadi. Va albatta singlimga ham telefon qilaman”.

Kvartira to’rt xonadan iborat bo’lib, binoning eng yuqori qavatida joylashgan edi. Mehmonxona qimmatbaho mebellar bilan jihozlangan.

Missis Uilson liftchi bola[3]ni kuchukchaga ovqat olib kelishga jo’natdi. Tom qulflangan shkafdan bir shisha viski oldi.

Men butun hayotim davomida ikki martagina mast bo’lganman. O’sha kuni ikkinchi bora mast bo’lishim edi. Men missis Mirtlni Tomning tizzasida o’tirganini eslayman. Birozdan so’ng men sigaret sotib olishga ketdim. Qaytib kelganimda, mehmonxonada hech kim yo’q edi.


[1] AQSHning shimoliy va markaziy qismi. Chikago Midl Uestning eng katta shaharlaridan biri hisoblanadi.

[2] Dengiz qirg’og’ida kemalar turadigan joy

[3] Liftga ma’sul odam.

1 Comment so far

Jump into a conversation
  1. Sarvinoz
    #1 Sarvinoz 19 December, 2020, 03:18

    Judayam yaxshi tarjima qilingan katta rahmat. Davomini qayerdan topsam boladi?

    Reply this comment

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

3 × five =