O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev barcha o‘quvchi-yoshlar, ustoz va murabbiylar hamda ota-onalarni Bilimlar kuni bilan samimiy muborakbod etdi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bugun bilimli, zukko, tirishqoq va intiluvchan yoshlarimiz – Yangi O‘zbekistonning nurli kelajagi va oltin fondidir. Ularning timsolida biz Uchinchi Renessans nihollarini ko‘ramiz.
Davlatimiz rahbari yangi o‘quv yili maktab, litsey, texnikum va oliygohlar hayotida yangi ma’rifiy yuksalish yili bo‘lishini tilab qoldilar.
Yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlar, IT, ijod, sport, xorijiy tillar va innovatsiyalarni puxta egallashga, izlanish va harakatdan hech qachon to‘xtamaslikka da’vat etildi.
– «Aziz farzandlarim, sizlarga baxtli va saodatli hayot eshiklarini ochadigan kalit ham, umr yo‘llaringizda paydo bo‘ladigan murakkab savollarning yechimi, sinov va mashaqqatlarni yengib o‘tishning kafolati ham faqat bilim, bilim va bilimdir. Go‘zal yoshlikning har bir daqiqasini qadrlab, yangi ilm, g‘oya va innovatsiyalarni, kasb va hunarlarni, ona tilimiz, boy tariximiz va madaniyatimiz asoslarini puxta egallang. Jahon tarixi va xorijiy tillarni ham astoydil o‘rganing. Izlanish va harakatdan hech qachon to‘xtamang.
– Sizlarga yangi o‘quv yilini a’lo baholar bilan boshlab, har bir o‘quv choragini muvaffaqiyatli yakunlashni, sihat-salomatlik, omad va zafar yor bo‘lishini tilayman!
Bilimlar bayrami barchangizga muborak bo‘lsin, aziz farzandlarim!– deya tabrik yolladi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
