KOREYADA TAHSIL OLAYOTGAN O‘ZBEKISTONLIK TALABALAR SONI ORTMOQDA

14.09.2026

Janubiy Koreya so‘nggi yillarda o‘zbekistonlik yoshlar uchun ta’lim olish, ilmiy izlanish olib borish va xalqaro tajriba orttirish imkoniyatlari keng bo‘lgan mamlakatlardan biriga aylanmoqda.

O’tgan yillar yakunlariga ko‘ra, Janubiy Koreya oliy ta’lim muassasalarida 10,4 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi tahsil olgan. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonlik yoshlarning Koreya ta’lim tizimiga bo‘lgan qiziqishi yuqori ekanini ko‘rsatadi.

Koreyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar turli ta’lim bosqichlari va mutaxassisliklarni qamrab oladi. Ular orasida bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlarida o‘qiyotgan yoshlar bilan bir qatorda, til va almashinuv dasturlarida ishtirok etayotgan talabalar ham mavjud. Masalan, yoshlarimiz Seul milliy universiteti, Seul milliy pedagogika universiteti, Koreya universiteti, Yonsey universiteti, Hankuk chet tillar universiteti, Hanyang universiteti, Kyung Hee universiteti, Inha universiteti, Busan xorijiy tillar universiteti, Ajou universiteti hamda boshqa oliygohlarda bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlarida tahsil olmoqda.

O‘zbekistonlik talabalar Koreyada, avvalo, zamonaviy mehnat bozori uchun muhim bo‘lgan yo‘nalishlarga qiziqish bildirmoqda. Jumladan, axborot texnologiyalari, dasturiy ta’minot, muhandislik, biznes va menejment, iqtisodiyot, moliya, xalqaro munosabatlar, tabiiy va aniq fanlar kabi sohalarda tahsil olayotgan yoshlar ko‘p. Shuningdek, koreys tili, filologiya, pedagogika, tibbiyot va boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar ham mavjud.

Koreya universitetlarida tahsil olish talabalarga nafaqat akademik bilim, balki zamonaviy texnologiyalar, innovatsion tadqiqotlar va xalqaro akademik muhit bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi hamkorlik ikki mamlakatning strategik sherikligining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Talabalar almashinuvi, qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy loyihalar va universitetlararo hamkorlik ushbu aloqalarning rivojlanishiga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistonda ham Koreya oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etilgan universitetlar faoliyat yuritmoqda. Bu esa yoshlarning xorijga chiqmasdan turib Koreya ta’lim modeli va xalqaro akademik tajribasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

Koreyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar esa ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’limiy va ilmiy aloqalarni rivojlantirishda muhim ko‘prik vazifasini bajarmoqda.