NEGA BA’ZI SO‘ZLAR OMMALASHADI, BOSHQALARI ESA UNUTILADI? TILNING HAM “MODASI” BORMI?

26.06.2026

Tilni tirik organizmga qiyoslash mumkin. Chunki u doimo harakatda bo‘ladi va uzluksiz o‘zgarib boradi. Xuddi kiyim-kechaklarda bo‘lgani kabi tilning ham o‘ziga xos “modasi” mavjud. Unda ayrim so‘zlar ommalashadi, boshqalari esa asta-sekin iste’moldan chiqib ketadi. Tilshunoslikda bu jarayon yangi so‘zlarning paydo bo‘lishi va eski so‘zlarning eskirishi bilan izohlanadi.

Jamiyat hayotida yangi tushuncha, texnologiya yoki hodisa paydo bo‘lsa, uni ifodalash uchun yangi so‘zlarga ehtiyoj tug‘iladi. Tilshunoslikda bunday so‘zlar neologizmlar deb ataladi. Vaqt o‘tishi bilan ular “yangilik” maqomini yo‘qotib, kundalik nutqning ajralmas qismiga aylanadi. Masalan, marketing, PR, trend, bloger yoki podkast kabi so‘zlar bir paytlar yangilik hisoblangan bo‘lsa, bugungi kunda ko‘pchilik uchun odatiy atamalarga aylangan.

Aksincha, ayrim so‘zlar vaqt o‘tishi bilan tobora kamroq qo‘llanila boshlaydi. Bunday so‘zlar arxaizmlar deb ataladi. Ular til tarkibida saqlanib qolgan bo‘lsa-da, kundalik nutqda deyarli ishlatilmaydi yoki ularning o‘rnini boshqa so‘zlar egallaydi. Masalan, ila, ul, oraz kabi so‘zlar bugungi nutqda kam uchraydi. Ba’zan esa so‘z bilan birga u ifodalagan narsa yoki hodisaning o‘zi ham hayotimizdan chiqib ketadi. Shu sababli moychiroq, kerosin va pilik kabi so‘zlar ham kundalik muloqotda kam qo‘llaniladi.

“Yangi” va “eski” so‘zlar nimaligini bilib oldik. Endi ularning qanday qilib tilning “modasi”ga aylanishi haqida to‘xtalamiz. Tilga yangi so‘zlar odatda jamiyatda yangi ehtiyoj, texnologiya yoki tushuncha paydo bo‘lganda kirib keladi. Aksincha, ehtiyoj yo‘qolgach, ayrim so‘zlarning qo‘llanishi ham kamayadi. Bu holat tilning jamiyat hayoti bilan uzviy bog‘liq ekanini yaqqol ko‘rsatadi.

Til “modasi”ning o‘zgarishida ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri, ayniqsa, katta. Yoshlar nutqida paydo bo‘layotgan yangi iboralar va atamalar qisqa vaqt ichida keng ommalashishi mumkin. Bugun tez-tez uchrayotgan kontent, media, onlayn va startap kabi so‘zlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Ularning aksariyati xalqaro atamalar bo‘lib, raqamli texnologiyalar rivojlanishi bilan birga kundalik nutqqa ham faol kirib kelmoqda.

Tilshunoslarning ta’kidlashicha, tilning o‘zgarishi tabiiy jarayondir. Har bir avlod o‘ziga xos nutq uslubini shakllantiradi va bu uslub jamiyatdagi o‘zgarishlar bilan birga rivojlanib boradi. Shu bois bugun ommalashgan ayrim so‘zlar kelajakda eskirishi, hozir yangi tuyulayotgan atamalar esa tilning odatiy lug‘at boyligining bir qismiga aylanishi mumkin.

Demak, tilning “modasi” ham jamiyatning o‘zgarib borayotgan ehtiyojlari, ilm-fan va texnologiyalar taraqqiyoti hamda insonlarning turmush tarzi bilan chambarchas bog‘liq. Til doimo rivojlanishda davom etar ekan, undagi so‘zlar ham yangilanib, eskirib, yangi ma’nolar kasb etib boradi. Ana shu tabiiy jarayon tilning boyishi va takomillashib borishini ta’minlaydi.

Dilso‘z ESHQOBILOVA
O‘zDJTU magistranti