NEGA INSON KECHASI KO‘PROQ O‘YLAYDI?

05.06.2026

Nega Yer shari dumaloq? Ko‘zlarimiz yog‘ moddasiga o‘xshash tarkibga ega bo‘lsa, nega issiqda erib ketmaydi? Koinotda kislorod bo‘lmasa, yulduzlar qanday yonadi? Bu kabi minglab savollar ko‘pincha yarim tunda xayolimizga keladi. Kun davomida charchagan tanamiz dam olishni istasa-da, miya o‘z faoliyatini davom ettiradi. Aksariyat hollarda esa kunduzi bunday g‘ayrioddiy savollar haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz.

Olimlar ushbu holat yuzasidan ko‘plab tadqiqotlar olib borgan. Ularning ta’kidlashicha, miyaning tunda faol ishlashda davom etishiga kechki muhitning nisbatan sokinlashishi sabab bo‘ladi. Bu vaqtda inson rahbariga topshirishi kerak bo‘lgan hisobot, elektron pochta xabarlari yoki bir vaqtning o‘zida bajarilishi lozim bo‘lgan boshqa vazifalar haqida o‘ylamaydi. Ong tashqi olamdan nisbatan uzilib, e’tiborni ichki kechinmalar va xotiralarga qaratadi.

Aynan shu paytda, masalan, 4-sinfda doska oldida unutib qo‘ygan she’ringiz yoki o‘sha vaziyatdagi noqulaylik hissi to‘satdan yodingizga tushishi mumkin. Psixologiyada bu jarayon “default mode network” (standart tarmoq holati) deb ataladi. Tadqiqotchilarning fikricha, uyqu oldidan miya o‘z faoliyatini tahlil qiladi va dam olish holatiga tayyorgarlik ko‘radi. Shu sababli, o‘zini tahlil qilish va xotiralarni qayta ishlash bilan bog‘liq jarayonlar faollashadi.

Biroq bu jarayon haddan tashqari kuchayib, uyquga xalaqit bera boshlasa, oddiy usul yordam berishi mumkin. Mutaxassislar yotoq yonida qog‘oz va ruchka saqlashni tavsiya qiladilar. Xayolingizga kelgan fikrlarni yozib qo‘yish orqali miyaga bu masalalar bilan keyinroq shug‘ullanishingiz haqida signal berasiz. Natijada ong ushbu fikrlarni vaqtincha chetga surib, tinchlanishga moyil bo‘ladi.

Tunda miyaning faol ishlashining yana bir sababi uyqu rejimining buzilishidir. Agar organizm dam olishga tayyor bo‘lgan paytda inson o‘z faoliyatini davom ettirsa, miyaning tabiiy neyrofiziologik jarayonlari izdan chiqishi mumkin. Masalan, soat 22:00 atrofida uyqu bosgan bo‘lsa-da, ishlash yoki boshqa faoliyatni davom ettirish natijasida miya yana faollashadi. Bunday holatda turli fikrlar oqimi kuchayadi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, uyqu rejimi muntazam buziladigan insonlarda tungi vaqtda salbiy fikrlar ko‘proq kuzatiladi. Ayrim hollarda esa bu holat ruhiy tushkunlikning kuchayishiga, hatto o‘z joniga qasd qilish haqidagi xavfli fikrlarning paydo bo‘lishiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois sog‘lom va barqaror uyqu rejimiga amal qilish nafaqat jismoniy, balki ruhiy salomatlik uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Dilso‘z ESHQOBILOVA
O‘zDJTU magistranti