NEGA NOSTALGIYA HIS QILAMIZ?

10.06.2026

Tez-tez qulog‘imizga chalinadigan ayrim so‘zlar borki, ularning kelib chiqish ma’nosi bugungi kunda qo‘llanilayotgan mazmunidan farq qiladi. Shunday so‘zlardan biri — “nostalgiya”. Bu so‘zni eshitganimizda ko‘pincha yoqimli xotiralar yodga tushadi. Shu sababli uning bir vaqtlar kasallik sifatida baholanganini bilish kishini hayratga soladi.

Nostalgiya yunon tilidan tarjima qilinganda “uyga qaytish” va “qayg‘u” ma’nolarini anglatadi. Uning kelib chiqish tarixi ham ma’nosi kabi biroz qayg‘uli. Dastlab bu atama uyidan uzoqda ta’lim olayotgan shveysariyalik talaba yigitning kuchli sog‘inch holatini ifodalash uchun qo‘llangan. Nostalgiya yillar davomida insonni ruhiy jihatdan zaiflashtiruvchi, hatto ayrim hollarda o‘limga olib kelishi mumkin bo‘lgan kasallik sifatida baholangan. Gap shundaki, bu oddiy sog‘inch emas, balki Vatan va uyga qaytish istagi bilan bog‘liq kuchli hissiy holat edi.

Vaqt o‘tishi bilan nostalgiya tushunchasi ham o‘zgarib bordi. Olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra, bugungi kunda u kasallik emas, balki ijobiy psixologik holat sifatida ham qaraladi. LeMoyne kolleji psixologiya professori va falsafa doktori Kristin Batchoning ta’kidlashicha: “Vaqt o‘tishi bilan biz tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajada o‘zgarib boramiz. Masalan, uch yoshdagi holatimizga deyarli o‘xshamaymiz. Nostalgiya esa o‘tmishimizni eslash orqali undagi haqiqiy o‘zligimizni topishga va bugungi kunda kim ekanligimiz bilan taqqoslashga yordam beradi. Bu bizga kelajakda kim bo‘lishni xohlayotganimizni his qilish imkonini beradi”.

Nostalgiya ko‘pincha salbiy his-tuyg‘ular yoki tushkunlik ta’sirida yuzaga keladi. U himoya mexanizmi sifatida kayfiyatni yaxshilashga yordam beradi. Shu orqali inson miyasi turli psixologik bosimlar va stresslarga qarshi kurashadi.

Bundan tashqari, nostalgiyaning yana bir qancha ijobiy jihatlari mavjud. U xotirani mustahkamlash va tiklashga xizmat qiladi. Masalan, bolalikda tinglangan va uzoq yillar davomida eshitilmagan musiqa o‘tmishdagi shu kuy bilan bog‘liq xotiralarni tiklashi mumkin. Shuningdek, eski fotosuratlar va kitoblar ham miyaning chuqur qatlamlarida saqlanayotgan ma’lumotlarni qayta faollashtirishga yordam beradi.

Bugungi kunda nostalgiya savdo va marketingda eng samarali reklama vositalaridan biri sifatida baholanadi. Bolalik va xotiralar bilan bog‘liq musiqa, tasvir yoki dizayn uslubi orqali xaridorlarning emotsiyalariga ta’sir ko‘rsatish mumkin. Chunki iste’molchilar ko‘pincha mahsulotning o‘zidan ko‘ra, u uyg‘otadigan hissiyotlarni sotib olishni afzal ko‘radilar.

Demak, nostalgiya shunchaki o‘tmishni sog‘inish emas. U insonning o‘zligini anglashiga, ruhiy holatini muvozanatda saqlashiga hamda hayotidagi muhim xotiralarni qayta tiklashiga yordam beradigan murakkab psixologik hodisadir.

Dilso‘z ESHQOBILOVA
O‘zDJTU magistranti