OKSFORD UNIVERSITETI TALABALARI UCHUN YOZGI MAKTAB BOSHLANDI

03.09.2026

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan hamkorlikda Oksford universiteti O‘zbekshunoslik dasturi talabalari uchun Yozgi maktab bo’lib o’tmoqda.

Mazkur Yozgi maktab O‘zbekiston va Oksford universiteti o‘rtasida o‘zbek tili va o‘zbekshunoslik yo‘nalishidagi akademik hamkorlikning yangi bosqichini boshlab bermoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan o‘zbek tilining nufuzini yuksaltirish, uning xalqaro maydonda o‘rganilishi uchun keng imkoniyatlar yaratish, milliy ilmiy va madaniy merosimizni jahon akademik hamjamiyatiga olib chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shu e’tibor va tashabbuslarning muhim natijalaridan biri 2025-yil 14-oktabrda Oksford universitetida O‘zbekshunoslik dasturining rasman ochilganidir.

Mazkur dastur O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan. E’tiborlisi, Oksforddagi o‘quv jarayonida ToshDO‘TAU huzuridagi “O‘zbek maktabi” jamoasi tomonidan xorijliklar uchun A1 dan B1 darajagacha yaratilgan o‘zbek tili darsliklari hamda Uzacademy platformasidan foydalanilmoqda.

Oksfordda o‘zbek tili, tarixi, adabiyoti va madaniyatini akademik darajada o‘rganayotgan talabalar uchun O‘zbekistonda tashkil etilgan ushbu Yozgi maktab ana shu tashabbusning bir qismi bo‘lib, ularga o‘z bilimlarini tilning tabiiy muhitida mustahkamlash imkonini beradi.