Samarqand nafaqat tarixiy uchrashuvlar, balki yangi iqtisodiy imkoniyatlar maydoniga ham aylanmoqda!
19-oktabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, Prezidentning maxsus vakili Serjio Gor hamda yetakchi kompaniya va banklar vakillari qatnashdi.





Asosiy natijalar va ustuvor yo‘nalishlar:
– 12 milliard dollarga yaqin – umumiy qiymati shuncha bo‘lgan 54 ta kelishuv va istiqbolli tashabbus shakllantirildi.
– Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar – sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va davlat boshqaruviga zamonaviy yechimlarni joriy etish rejalashtirilmoqda.
– Energetika va muhim minerallar – zamonaviy energetika tizimini rivojlantirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash va yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
– Investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar – “Plug and Play” tamoyili asosida investorlar uchun infratuzilma va zarur ruxsatnomalar masalalari hal etilgan tayyor loyihalarni taklif qilish ko‘zda tutilmoqda.
– 2035-yilgacha mo‘ljal – ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo, investitsiya va texnologik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli dastur ishlab chiqish taklif etildi.



Maqsad — investitsiyalarni jalb qilish bilangina cheklanmay, yangi korxonalar, ish o‘rinlari, ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy bilimlar orqali iqtisodiy rivojlanishga turtki berish.
Samarqanddagi muloqotning mazmuni ham shunda: tarixan savdo yo‘llarini bog‘lagan shahar bugun yangi iqtisodiy hamkorlik ko‘priklariga mezbonlik qilmoqda.

