O‘ZBEKISTON VA XITOY O‘RTASIDA KADRLAR TAYYORLASH BO‘YICHA YANGI HAMKORLIK BOSQICHI
12.05.2026Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi delegatsiyasining Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoniga amalga oshirgan xizmat safari davomida Urumchi shahrida muhim uchrashuv va muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Urumchi Yuqori texnologiyalar zonasi Inson resurslari sanoat parkida tashkil etilgan uchrashuvlarda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, innovatsion rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash hamda zamonaviy muhandislik ta’limini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Muloqotlar davomida xalqaro darajadagi muhandislik sertifikatlarini joriy etish, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar uchun stajirovka dasturlarini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy loyihalar hamda akademik seminarlarni muntazam tashkil etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Muzokaralar yakunida “O‘zbekiston–Xitoy xalqaro inson resurslari xizmatlari sanoat parkini birgalikda tashkil etish to‘g‘risida”gi bitim imzolandi.

Mazkur tashabbus ikki davlat o‘rtasida professional kadrlar tayyorlash, kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish, ilmiy-texnik hamkorlikni mustahkamlash hamda sanoat parklarini samarali boshqarish yo‘nalishlarida yangi imkoniyatlarni ochib beradi.
Shuningdek, tomonlar “O‘zbekiston–Xitoy kadrlar xizmati va ilmiy-texnik innovatsion rivojlanish xalqaro forumi”ni har yili o‘tkazishga kelishib oldilar. Ushbu forum ilm-fan, innovatsiya va yosh mutaxassislarni tayyorlash borasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.


Safar davomida delegatsiya a’zolari Xitoyning ilg‘or ishlab chiqarish korxonalari, innovatsion platformalari va zamonaviy texnologik yechimlari bilan tanishib, ularni O‘zbekistonda tatbiq etish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.

