TELEFON BIZNI ESHITADIMI?

15.06.2026

Do‘stingiz bilan sayohatga chiqish haqida suhbatlashdingiz, birozdan so‘ng esa telefoningizda sayohat paketlarini taklif qiluvchi reklamalar paydo bo‘la boshladi. Aqlingizga kelishi mumkin bo‘lgan birinchi taxmin: telefon bizni eshityaptimi? Axir, og‘zaki suhbatlarimiz yoki telefon qo‘ng‘iroqlarini tinglash kimga va nima uchun kerak?

Dunyo bo‘ylab telefonlar kundalik suhbatlarimizni eshitishi haqidagi taxminlar allaqachon keng tarqalgan. Lekin bu fikrlar qanchalik ilmiy asosga ega? Ushbu maqolada shu savolga javob izlaymiz.

Ijtimoiy tarmoqlarda bizni telefon orqali kuzatishayotgani, doimiy nazorat ostida ekanimiz haqidagi minglab tanqidiy, ba’zan esa hazilomuz videolar tarqalib turadi. Ularning mualliflari Google, Apple yoki Facebook kabi yirik kompaniyalar bizni tinglaydi, shaxsiy ma’lumotlarimiz, qiziqishlarimiz va qidiruv tariximizdan reklama takliflarini shakllantirishda foydalanadi, deb hisoblaydi.

Wandera kompaniyasining kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislari bu borada amaliy tajriba o‘tkazib, telefon yoki undagi ilovalar bizni tinglayotganiga oid hech qanday dalil topa olishmadi. Mutaxassislar Samsung Android va Apple iPhone operatsion tizimlarida ishlovchi ikkita telefon ustida tajriba olib borishdi. Ular batareya va internet trafikining sarfini tahlil qilish orqali tekshiruv o‘tkazganlarida, hech qanday shubhali harakatlarni kuzatishmadi. Natijada telefonlar bizni muntazam tinglaydi degan gumonlar o‘z tasdig‘ini topmadi.

Unda ular bizga kerak bo‘lgan narsalar haqida qayerdan bilishadi? Gap shundaki, reklama beruvchilar auditoriyani aniqlashning murakkab usullaridan foydalanadi. Qidiruvlar tarixi, joylashuv ma’lumotlari va brauzer faoliyatiga tayangan holda ular foydalanuvchi nimani sotib olishi mumkinligini taxmin qila oladi. Qisqacha aytganda, siz ko‘rayotgan reklamalar ijtimoiy tarmoqlardagi faolligingiz, qiziqishlaringiz va do‘stlaringiz bilan ulashgan ma’lumotlaringiz asosida shakllanadi.

Kun davomida siz yuzlab reklamalarga duch kelasiz. Psixologik jihatdan esa aynan sizga qiziq bo‘lgan reklamalargina e’tiboringizni tortadi. Bu hodisa fanda “tanlovchi diqqat” deb ataladi. Miyangiz siz uchun ahamiyatsiz bo‘lgan ma’lumotlarni shunchaki e’tiborsiz qoldiradi. Masalan, sport kiyimlari yoki mebellar reklamasi emas, balki uzoq vaqtdan beri sotib olishni xohlayotgan atir reklamasi sizni uni oxirigacha ko‘rishga undaydi.

Yana bir narsani ta’kidlash kerak: telefonimiz faqat o‘zimiz bergan ruxsat orqali mikrofon yoki kamera imkoniyatlaridan foydalanishi mumkin. Buning uchun ilova yoki sayt yuborgan so‘rovga “ha” deb javob berishning o‘zi kifoya. Agar siz bunday ruxsatlarni bermagan bo‘lsangiz, ko‘nglingizni xotirjam qilavering — telefoningiz sizni yashirin ravishda kuzatayotganiga oid asosli dalillar mavjud emas.

Dilso‘z ESHQOBILOVA
O‘zDJTU magistranti