TIL O‘RGANISHDA YOSHNING AHAMIYATI: BOLALAR VA KATTALARNING IMKONIYATLARI

02.06.2026

Insonning yoshi uning til o‘rganish qobiliyatiga turli yo‘llar bilan ta’sir qiladi. Olimlar ba’zan “sezgir davr” haqida gapirishadi — bu miyamiz ayrim ma’lumotlarni qabul qilishga ayniqsa moslashgan erta rivojlanish bosqichidir.

Til masalasida chaqaloqlar va bolalar nutq tovushlariga juda sezgir bo‘lishadi. Ular kattalar sezishi yoki talaffuz qilishi qiyin bo‘lgan nozik fonetik farqlarni ham tez ilg‘ashadi. Shu sababli ikki til muhitida ulg‘aygan bolalar odatda ikkala tilda ham tabiiy, ona tilidek talaffuzga ega bo‘lishadi. Yosh bilan bog‘liq farqlar eng ko‘p aksentda namoyon bo‘ladi, lug‘at yoki grammatikada emas.

Bunday sezgir davr hayvonlarda ham uchraydi. Masalan, qushlarda o‘z turiga xos sayrashni kattalardan o‘rganish uchun erta sezgir davr mavjud. Bu davr tugagandan keyin ham yangi til o‘rganish mumkin, albatta. Ammo bu ko‘proq ongli harakat va mashq talab qiladi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ikkinchi tilni erta yoshda, taxminan balog‘atga yetishdan oldin o‘rgangan bolalar tabiiy talaffuz va intonatsiyani rivojlantirish ehtimoli yuqoriroq bo‘ladi.

Miya tasvirlarini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar esa ikki tilni erta yoshda o‘rgangan insonlar ikkala tilni ham miyaning bir xil hududlarida qayta ishlashini ko‘rsatadi. Ikkinchi tilni keyinroq o‘rganganlarda esa har bir til uchun biroz boshqa hududlar ishlatiladi. Amaliy jihatdan olganda, erta yoshda ikki tilni o‘rgangan insonlar tillar o‘rtasida juda erkin almasha olishadi. Keyinroq o‘rganganlar esa, ayniqsa boshida, ikkinchi til ustida ongli ravishda ko‘proq ishlashlariga to‘g‘ri keladi.

Katta yoshda til o‘rganishning afzalliklari

Talaffuz til bilishning faqat bir qismi xolos. Kattalar esa bu jarayonga o‘ziga xos ustunliklarni olib kirishadi. Yosh bolalardan farqli ravishda, kattalarda ona tili to‘liq shakllangan bo‘ladi. Ularda mantiqiy fikrlash, qonuniyatlarni anglash va til qanday ishlashini tushunish qobiliyati mavjud. Bu kattalarga grammatik qoidalarni o‘rganish va tillarni ongli ravishda taqqoslash imkonini beradi. Shuningdek, ular til o‘rganishda yodlash kabi maxsus strategiyalardan ko‘proq foydalanishadi.

Sinf sharoitida kattalar ko‘pincha o‘rganishning dastlabki bosqichlarida, ayniqsa o‘qish va yozishda, bolalardan yaxshiroq natija ko‘rsatishadi. Til o‘rganish hech qachon to‘xtamaydi. Hatto katta yoshda ham insonlar o‘z ona tilini rivojlantirishda davom etishadi. Bu jarayon ta’lim, ish, ijtimoiy muhit va kundalik foydalanish orqali shakllanadi. Katta yoshda ona tilidek aksentni egallash qiyinroq bo‘lishi mumkin, ammo grammatika, lug‘at boyligi va ravon nutq ko‘pchilik kattalar uchun bemalol erishiladigan maqsaddir.

Bola yoshida til o‘rganishning afzalliklari

Bolalar esa tilni ko‘pincha ongli qoidalarga e’tibor bermasdan, muhit va muloqot orqali tabiiy ravishda o‘rganishadi. Tilni muvaffaqiyatli o‘rganishda ijtimoiy va hissiy omillar ham katta rol o‘ynaydi. Bolalar odatda kattalarga qaraganda kamroq uyalishadi va gapirishda ko‘proq tavakkal qilishadi. Kattalar esa o‘z xatolarini juda yaxshi sezishadi va ba’zan kulgili ko‘rinishdan yoki boshqalarning bahosidan qo‘rqib gapirishga tortinishadi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, muloqot qilishga tayyorlik yangi til o‘rganishdagi muvaffaqiyatning muhim omillaridan biridir. Qo‘rquv, tortinchoqlik va boshqalarning salbiy munosabati esa har qanday yoshdagi insonning rivojlanishini sekinlashtirishi mumkin.

Aksent, stereotip va ijtimoiy bosim

Til o‘rganishda ijtimoiy bosim va kamsitish ham muhim ahamiyatga ega. Til va shaxsiyat bo‘yicha tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, odamlar aksentli nutqni ko‘pincha past aql yoki sust qobiliyat bilan bog‘lashadi. Aslida esa aksent bilan intellekt o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik yo‘q.

Ona tilida gapirmaydigan insonlar ko‘pincha stereotip, kamsitish va salbiy munosabatlarga duch kelishadi. Bu holat katta yoshdagi o‘rganuvchilarni ruhdan tushirishi va “muvaffaqiyatli til o‘rganish faqat ona tilidek gapirishdir” degan noto‘g‘ri tushunchani kuchaytirishi mumkin.

Motivatsiya va qobiliyat ham muhim

Motivatsiya barcha yoshdagi o‘rganuvchilar uchun juda muhim omildir. Odamlar yangi tilni turli sabablar bilan o‘rganishadi: boshqa davlatga ko‘chish, ish, o‘qish, munosabatlar yoki boshqa madaniyatga qiziqish tufayli. Tadqiqotlar til o‘rganish sabablarini ikki turga ajratadi. Ba’zilari amaliy — masalan, ishda muvaffaqiyatga erishish yoki imtihondan o‘tish uchun. Boshqalari esa shaxsiy — jamiyat, madaniyat yoki oila bilan yaqinroq bog‘lanish istagi bilan bog‘liq.

Tilga nisbatan kuchli hissiy yoki shaxsiy bog‘liqlikka ega insonlar qiyinchiliklarga qaramay davom etishga moyil bo‘lishadi va ko‘pincha yuqori darajadagi ravonlikka erishishadi. Ba’zi insonlarda esa til o‘rganishga tabiiy moyillik bo‘ladi. Ular tovushlardagi qonuniyatlarni tez sezishadi yoki yangi so‘zlarni bir-ikki marta eshitish bilan eslab qolishadi.

Til o‘rganish qobiliyati intellektdan farq qiladi va odamdan odamga o‘zgaradi. Bu qobiliyat muvaffaqiyat ehtimolini oshiradi, ammo uni kafolatlamaydi. O‘rtacha qobiliyatga ega insonlar ham muntazam mashq, muhit va motivatsiya yordamida katta yoshda yangi tilni juda yaxshi o‘rganishlari mumkin.

Turli yosh — turli ustunliklar

Demak, ikkinchi tilni bola yoshida o‘rganish yaxshimi yoki katta yoshda? Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, eng muhim savol — til o‘rganishning qaysi jihati siz uchun muhimligida: talaffuzmi, ravonlikmi yoki uzoq muddatli mukammallikmi?

Tilni erta yoshda o‘rganish insonning ona tilidek talaffuz qilishi va qoidalarni o‘ylab o‘tirmasdan erkin gapirishini osonlashtiradi. Katta yoshda o‘rganish esa rejalashtirish, muammo yechish va ongli mashq kabi kattalarning kuchli tomonlariga tayanadi.

Oxir-oqibat, ayrim insonlar yoshidan qat’i nazar tillarni tez o‘rganishadi, boshqalarga esa bu qiyinroq kechadi. Til o‘rganish haqidagi qarashlar ta’lim siyosatiga, ota-onalarning tanlovlariga va ko‘p tilli insonlarga kundalik hayotda qanday munosabatda bo‘linishiga ham ta’sir qiladi.

Kattalarga “endi til o‘rganish uchun kech” deyilsa, ko‘pchilik hatto urinib ham ko‘rmaydi. Aksent kamchilik sifatida qaralsa, qobiliyatli insonlar adolatsiz ravishda kamsitilishi mumkin. Aslida esa tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, til o‘rganish har qanday yoshda mumkin — bu vaqt bilan poyga emas, balki umr davom etadigan va erishish mumkin bo‘lgan sayohatdir.

Manba

Gulzoda Saydahmadova, Sabina Baxronova
O‘zDJTU talabalari