O‘zbekiston Respublikasi poytaxtida navbatdagi Xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Mazkur forum davlat organlari, biznes tuzilmalari hamda xalqaro moliyaviy institutlar o‘rtasidagi muloqot uchun eng yirik maydon sifatida xizmat qilmoqda.

Bunday forumlarni o‘tkazish an’anasi so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar hamda ochiqlik siyosati doirasida shakllantirilgan. 2022-yildan boshlab Toshkent xalqaro investitsiya forumi har yili o‘tkazilib kelinayotgan nufuzli xalqaro tadbirga aylanib, dunyoning o‘nlab davlatlaridan minglab ishtirokchilarni jalb etmoqda.
Forumning asosiy maqsadi O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyatini xalqaro miqyosda namoyish etish, xorijiy investorlar va mahalliy biznes vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, sanoat, energetika, raqamli iqtisodiyot, transport, qishloq xo‘jaligi va boshqa strategik tarmoqlarda yangi investitsiyaviy bitimlarni amalga oshirishdan iborat.
Xalqaro hamkorlar uchun ushbu forum mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, biznesni qo‘llab-quvvatlash choralari hamda istiqbolli loyihalar yuzasidan ishonchli ma’lumot olish imkonini yaratadi. O‘zbekiston uchun esa bu jarayon kapital, ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy boshqaruv tajribasini jalb etish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishning muhim vositasidir.
Amaliy tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, mazkur tadbirlar faqatgina muhokamalar bilan cheklanib qolmaydi. Oldingi forumlar yakunlari bo‘yicha milliardlab AQSh dollari qiymatidagi investitsiyaviy bitimlar hamda savdo shartnomalari imzolangan bo‘lib, ularning muhim qismi mamlakat hududlarida amaliyotga joriy etilmoqda.
Ushbu forum O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi eng jozibador investitsiya yo‘nalishlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlashga hamda mamlakatning jahon iqtisodiyotiga yanada chuqur integratsiyalashuviga xizmat qilmoqda.
Tahlil shuni ko‘rsatadiki, 2025-yilda o‘tkazilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi Markaziy Osiyodagi eng yirik ishbilarmonlik maydonlaridan biri sifatidagi maqomini yana bir bor tasdiqladi. Forum yakunlari bo‘yicha 30,5 milliard AQSh dollaridan ortiq investitsiyaviy va savdo bitimlari imzolangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich avvalgi yilga nisbatan 14,6 foizga yuqoridir.

Forumda 97 ta davlatdan kelgan qariyb 3 ming nafar xorijiy mehmonni o‘z ichiga olgan holda jami 8 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Ular orasida hukumat vakillari, xalqaro moliyaviy institutlar, investitsiya fondlari hamda dunyoning yetakchi kompaniyalari delegatsiyalari bo‘lgan.
Bitimlarni imzolash jarayonlarida Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Hindiston, Koreya Respublikasi, Ummon hamda Yevropa va Shimoliy Amerika davlatlaridan kelgan investorlar faol ishtirok etdi. Yirik kompaniyalar qatorida ACWA Power, HYPER Partners, Shaanxi Road and Bridge Group, TK-C Group va boshqalar qayd etildi.


Imzolangan hujjatlar energetika, raqamli iqtisodiyot, transport infratuzilmasi, sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, moliya hamda yuqori texnologiyalar sohalarini qamrab oldi. Ayniqsa, “yashil” energetika, logistika va iqtisodiyotning raqamli transformatsiyasi yo‘nalishidagi loyihalarga alohida e’tibor qaratildi.
Shu tariqa, Toshkent xalqaro investitsiya forumi nafaqat yillik tadbir, balki yirik moliya, texnologiya va xalqaro hamkorlikni jalb etishning samarali mexanizmiga aylanib bormoqda hamda O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy rivojlanishi va uning global investitsiya maydonidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
U. Bekmuradov
Fledu.uz tahririyati
