“XITOY–O‘ZBEKISTON SIVILIZATSIYALARI TADQIQOT MARKAZI” ISH BOSHLADI
10.06.2026Xitoy Xalq Respublikasining Liaoning pedagogika universitetida “Xitoy–O‘zbekiston gumanitar almashinuvi va mintaqaviy sivilizatsiyalar o‘zaro o‘rganishi” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya hamda ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan qator tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva boshchiligidagi delegatsiya mazkur nufuzli tadbirlarda ishtirok etdi. Konferensiya doirasida universitet rektori Gulchehra Rixsiyeva hamda universitet prorektori Nodir Karimovga Liaoning pedagogika universitetining Faxriy professor unvoni tantanali ravishda topshirildi.
Mazkur yuksak e’tirof ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi samarali hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ta’lim, ilm-fan hamda madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi xizmatlarning munosib e’tirofi sifatida baholandi.
Tantanali marosimda Liaoning pedagogika universiteti rahbariyati Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bilan hamkorlik munosabatlari so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidlab, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar, akademik almashinuv dasturlari hamda sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar muhim natijalar berayotganini qayd etdi.
Shuningdek, ikki universitet o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini belgilovchi muhim hujjat — “2+2” qo‘shma ta’lim dasturini uzaytirish to‘g‘risidagi bitim ham imzolandi. Ushbu dastur talabalar uchun ta’limning bir qismini O‘zbekistonda, qolgan qismini esa Xitoyda davom ettirish imkoniyatini yaratib, xalqaro darajada raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilmoqda.





