XIVADA LYAONIN PEDAGOGIKA UNIVERSITETI FILIALI OCHILDI
17.08.2026Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva shahrida tashkil etilgan Lyaonin pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filiali va Konfutsiy instituti faoliyati bilan tanishdi.


Oliy ta’limni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish va xorijiy universitetlar bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida barpo etilgan yangi majmuaga davlat budjetidan 140 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Bu yerda 120 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Ta’lim majmuasida zamonaviy auditoriyalar, kutubxona, sport zali, madaniyat saroyi, oshxona va talabalar turar joyi mavjud. 2026-yil uchun qabul kvotasi 160 nafar etib belgilangan bo‘lib, kelgusida yillik qabulni 500 nafarga, talabalar sonini 2 ming nafarga yetkazish rejalashtirilgan.


Ta’lim kunduzgi va masofaviy shakllarda o‘zbek, xitoy va ingliz tillarida olib boriladi. Bakalavriatda xalqaro xitoy tili ta’limi, turizm boshqaruvi, xalqaro biznes va sun’iy intellekt, magistraturada esa xitoy tili va madaniyatini o‘qitish metodikasi, ta’lim boshqaruvi hamda sun’iy intellekt va ta’lim texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Filial diplomi O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi, iqtidorli bitiruvchilarga Xitoyda grant asosida o‘qish va stajirovka o‘tash imkoniyati yaratiladi.
Xorazm viloyatida xitoylik investorlar ishtirokida 2 milliard 343 million dollarlik 38 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Yangi ta’lim muassasasi ushbu loyihalar uchun zamonaviy texnologiyalar va xitoy tilini biladigan malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi. Prezident ta’lim dasturlarini mehnat bozori ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish muhimligini ta’kidladi.


