CHET TILLARNI OʻQITISH VA AMALIY TILSHUNOSLIK SOHASIDA XALQARO HAMKORLIK

03.05.2019

Toshkentda chet tillarni oʻqitish va amaliy tilshunoslik sohasidagi dolzarb masalalarga bagʻishlangan xalqaro anjuman boʻlib oʻtmoqda.

Anjumanning birinchi kun tadbirlari I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filialida boshlandi.

Koreya Respublikasi xalqaro tadqiqotlar universiteti (KUIS – Korea University of International Studies, Seul), Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali va poytaxtimizdagi “ERIELL Prof Education” oʻquv markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalliy va xorijlik olimlar, oʻqituvchilar, talabalar ishtirok etdi.

Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent shahridagi filiali direktori oʻrinbosari – ijrochi direktori Abdulla Magrupov, “Buyuk Kelajak” xalqaro nodavlat tashkiloti Ekspertlar kengashi ijrochi direktori Zuhra Azimova va boshqalar Oʻzbekistonda barcha sohalar kabi ilm-fan va taʼlim yoʻnalishida katta oʻzgarishlar boʻlayotgani, bu xorijiy davlatlar bilan xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashda yaxshi samara berishini qayd etdi.

Tadbirda chet tillarni oʻqitish va amaliy tilshunoslikning dolzarbligi, tarjima muammolari, koʻptillilikning muhim omillari va bu borada yechimini kutayotgan masalalar tahliliga asosiy eʼtibor qaratildi.

– Xalqaro anjuman Oʻzbekistonda birinchi bor oʻtkazilmoqda, – dedi Pusan milliy universiteti professori Azamat Akbarov. – Bundan oldin bu kabi anjumanlar Bosniya va Gersegovina, Xorvatiya, Qozogʻistonda tashkil etilgan. Nufuzli tadbirning yurtimizda boʻlib oʻtayotgani dunyo hamjamiyati oldida oʻz nufuzini mustahkamlab borayotgan Oʻzbekistondagi yangi islohotlar bilan bogʻliqdir. Negaki, bugun biz barcha sohalar boʻyicha xalqaro aloqalarni mustahkamlab, amaliy natijalarga erishmoqdamiz. Chet tillarini oʻqitish masalalaridagi oʻzaro ilmiy hamkorligimiz ham shunday ezgu maqsadlarga qaratilgani bilan eʼtiborga loyiq.

Anjumanda 35 mamlakatdan 300 dan ortiq til, madaniyatlararo taʼlim va tilshunoslik sohasi mutaxassislari qatnashmoqda. Ular 16 yoʻnalishda oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashadi. “Oxford university press” nashriyoti tayyorlagan kitoblar koʻrgazma-savdosi ham boʻlib oʻtadi.

– Bu anjumanga taklif etilganimdan xursandman, – dedi Yangi Zelandiyaning Messi universiteti professori Sintiya Uayt. – Chunki bu yerda chet tillarini oʻrganish bilan bogʻliq masalalarda mahalliy va xorijiy mutaxassis, olimlarning maʼruzalarini tingladik. Shu vaqtga qadar, universitetimiz uchun oʻzbek olimlari bilan aloqalarni yaxshi yoʻlga qoʻyish imkoni boʻlmadi. Istagimiz, bu kabi anjumanlar sabab ikki davlat olimlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdir.

Tadbirda amaliy tilshunoslik va professional yoʻnaltirilgan tarjima muammolari, madaniyatlararo muloqot kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Manba: uza.uz

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

nineteen − fourteen =