Kuni kecha Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti va Fanlar akademiyasi hamkorligida “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qo‘llanmasi kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ushbu qo‘llanmada tashkilot va muassasalarning ish yuritish faoliyatida eng ko‘p qo‘llaniladigan hujjatlar, ularni tuzish tartib-qoidalari masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan. Hujjatlar tegishli namunalar bilan ko‘rsatilgan, qolaversa mazkur qo‘llanmada ish yuritishga oid lug‘atlar aks ettirilgan.
Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri A.Qirg‘izboyev qo‘llanma haqida fikr bildirar ekan, kitob birinchi navbatda, tashkilotlar rahbarlari va xodimlariga, boshqaruv faoliyatida bevosita hujjat ustida ishlovchilar, kotiblar, xodimlar bilan ishlash xizmati vakillari uchun ish yuritishda asosiy manba sifatida foydalanish mumkinligi taʼkidlandi. Kitob mualliflarining saʼyi-harakatlari, mehnatlari eʼtirof etildi.
Bu qo‘llanmaning to‘qqizinchi to‘ldirilgan va takomillashtirilgan nashri hisoblanadi. Hozirda 3000 nusxada chop ettirilgan bo‘lsa, adadini yanada ko‘paytirish rejalashtirilayotganligi aytib o‘tildi. Kitob Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga nashrdan chiqarildi.
Qo‘llanmani respublika taʼlim muassasalariga, vazirliklarga, davlat va xo‘jalik idoralariga, hokimliklarga bepul tarqatish rejalashtirilgan.
No Comments so far
Jump into a conversationNo Comments Yet!
You can be the one to start a conversation.