GERMANIYA METODIKASI ASOSIDA O‘QITISH BO‘YICHA DASTUR MUVAFFAQIYATLI AMALGA OSHIRILDI
03.05.2024Professional ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarini Germaniya metodikasi asosida o‘qitish bo‘yicha dastur muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Germaniyaning “German Sparkassenstiftung for International Cooperation” tashkiloti hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) birgalikda olib borgan “O‘zbekiston kasb-hunar ta’limi tizimini isloh qilish va modernizatsiyalash jarayonini qo‘llab-quvvatlash” loyihasining 2022–2024-yillarga mo‘ljallangan dasturi yakunlandi.
Ushbu dastur yakuniga bag‘ishlangan konferensiyada Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari, loyiha tashkilotchilari, vazirlik hamda idora vakillari, shuningdek 100 nafarga yaqin professional ta’lim muassasalari rahbar va pedagoglari ishtirok etdi.
Loyiha doirasida professional ta’lim muassasalarining “Biznes asoslari” va “Biznesni tashkil etish va yuritish” fanlaridan dars beruvchi 600 nafardan ortiq oʻqituvchilari Germaniya metodikasi asosida bosqichma-bosqich o‘qitildi, kasb-hunar maktablarining bitiruvchilari uchun “Karyerani rivojlantirish kursi” o‘quv dasturi olib borildi, pilot sifatida tanlangan professional ta’lim muassasalarining 52 nafar rahbar xodimlari uchun germaniyalik mutaxassislar tomonidan o‘quv kurslari tashkil etildi.
Bundan tashqari, loyiha doirasida tashkilot tomonidan Trener sifatida tanlab olingan 19 nafar professional ta’lim tizimi pedagog kadrlari Germaniyaning Landshut shahrining “Sparkassenakademie Bayern” akademiyasida malaka oshirdilar. Shuningdek, hozirda professional taʼlim muassasalarida foydalaniladigan oʻquv dasturlarni xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish ishlari davom etayotganligi bildirildi.
Tadbir yakunida, loyiha doirasida tadbirkorlikka o‘qitish va moliyaviy savodxonlik bo‘yicha malaka oshirgan milliy trenerlarga tashkilotchilar tomonidan sertifikatlar topshirildi.