IQTIDORLI YOSHLARNI ANIQLASH VA YUQORI MALAKALI KADRLAR TAYYORLASHNING UZLUKSIZ TIZIMI TASHKIL ETILADI

04.05.2019

Joriy yilning 3 may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga ko‘ra Xalq ta’limi vazirligi tuzilmasida 14 ta shtat birligidan iborat Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti tashkil etiladi.

Quyidagilar departamentning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • iqtidorli o‘quvchi yoshlarni aniqlash, ular faoliyatini ilmiy va uslubiy jihatdan ta’minlab borish, sohada ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va ular asosida ta’lim muassasalari uchun tavsiya va qo‘llanmalar ishlab chiqish;
  • umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida mahalliy va xalqaro, shu jumladan, nodavlat fan olimpiadalarini tashkil etish, ularning xalqaro olimpiadalardagi ishtirokini ta’minlash;
  • yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda olimpiadalar uchun doimiy yangi nazorat materiallarini ishlab chiqish;
  • xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini yuqori malakali mutaxassislar, shu jumladan, olimlar, professor-o‘qituvchilar, xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda tayyorlash, ingliz tili va rus tili fanlaridan muloqot qilish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida maxsus kurslar tashkil etish;
  • olimpiadalarda yuqori natijalarni qayd etgan iqtidorli o‘quvchilarning kelgusidagi faoliyatini monitoring qilib borish va qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish.

Qarorga asosan g‘oliblari davlat oliy ta’lim muassasalariga test sinovisiz va qo‘shimcha imtihonsiz qabul qilinadigan xalqaro olimpiadalar ro‘yxati shakllantiriladi. Shuningdek, 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda o‘tkaziladigan qo‘shimcha respublika olimpiadalari hamda davlat ta’lim standartlari o‘quv dasturlari va rejalarida belgilangan fanlar, ularga ajratilgan o‘quv soatlaridan kelib chiqqan holda asosiy olimpiadalar o‘tkaziladigan fanlar ro‘yxati tasdiqlandi.

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab asosiy olimpiadalarning respublika bosqichida 1-3-o‘rinni egallagan ishtirokchilarga ixtisoslik fani bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim qilinadi. Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Fanlar akademiyasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oliy ta’lim muassasasiga qabul qilingan olimpiada g‘oliblariga “ustoz-shogird” tizimi asosida tegishli sohada yuqori natijalarga erishgan malakali mutaxassislar biriktiriladi.

Xalqaro olimpiadalar g‘oliblari va ularning o‘qituvchilari eng kam oylik ish haqining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

  • 1-o‘rin (oltin medal) uchun – 500, o‘qituvchisiga –450 baravari;
  • 2-o‘rin (kumush medal) uchun – 300, o‘qituvchisiga –250 baravari;
  • 3-o‘rin (bronza medal) uchun – 200, o‘qituvchisiga –150 baravarida.

Asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblarining o‘qituvchilari eng kam oylik ish haqining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

1-o‘rin uchun – 50 baravari;

2-o‘rin uchun – 35 baravari;

3-o‘rin uchun – 30 baravarida.

Xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar va ta’lim muassasasi direktorlariga navbatdagi o‘quv yili uchun direktor jamg‘armasidan oltin, kumush va bronza medallari bo‘yicha tegishincha qo‘shimcha 200, 175 va 150 foizlik ustama to‘lanadi.

Ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz, shu bilan birga asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqi to‘lanadi.

Oliy ta’lim muassasasini tamomlagan olimpiada g‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan shakllantiriladigan istiqbolli mutaxassislar zaxirasiga kiritiladi.

Departament O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 4-11-sinflari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari uchun har chorakda onlayn tarzda olimpiadalar tashkil qilish orqali iqtidorli o‘quvchilar zaxirasini shakllantirib, zaxiraga kiritilgan yoshlar uchun Xalq ta’limi vazirligi veb-sayti orqali har oyda chuqurlashtirilgan nazorat materiallari, shu jumladan, test, yozma ishlar uchun masalalar yetkazib borilishini ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan uch oy muddatda  umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida fan olimpiadalarini o‘tkazish tashkil etilib, xalqaro olimpiadalar ishtirokchilarini saralash tartibi ishlab chiqiladi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.

Barcha bosqichdagi olimpiada natijalari, shu jumladan, ishtirokchilar to‘g‘risida ma’lumot, ularning yozma ishlari to‘liq axborot tizimiga kiritilib, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi veb-saytida e’lon qilinadi.

Manba: uzedu.uz

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

one × 1 =