SHАVKАT MIRZIYOEV OʼZBEKISTON XАLQINI TIL BАYRАMI BILАN TАBRIKLАDI

21.10.2020

Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev oʼzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan Oʼzbekiston xalqiga tabrik yoʼlladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Muhtaram vatandoshlar!

Siz azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi qutlugʼ ayyom – Oʼzbek tili bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

1989 yil 21 oktyabrda, gʼoyat murakkab ijtimoiy-siyosiy sharoitda yurtimizda “Davlat tili haqida”gi qonunning qabul qilinishi milliy mustaqillik sari qoʼyilgan muhim qadam boʼlganini barchamiz yaxshi eslaymiz.

Jamoatchiligimiz, xalqimizning xohish-istaklarini inobatga olib, ushbu tarixiy sanani Oʼzbek tili bayrami kuni sifatida belgilash toʼgʼrisida qonun qabul qilganimizdan hammangiz xabardorsiz. Bugun mamlakatimizda birinchi marta keng nishonlanayotgan ana shu bayram maʼnaviy hayotimizdan mustahkam va munosib oʼrin oladi, deb ishonaman.

Hurmatli yurtdoshlar!

Bugungi kunda biz yangi Oʼzbekistonni, yangi Renessans poydevorini barpo etishdek ezgu maqsadlarimizga erishishda, hech shubhasiz, ona tilimizning hayotbaxsh qudratiga tayanamiz.

Chunki, necha asrlar osha ajdodlarimizdan bizga bezavol oʼtib kelayotgan ona tilimizning ravnaqi va istiqboli haqida qaygʼurish – bu millatning oʼzligini anglashi, uning maʼnaviy kamolotini yuksaltirish uchun kurash demakdir. Davlat tilining obroʼ-eʼtibori – butun xalq, butun jamiyatning obroʼ-eʼtiboridir.

Hozirgi vaqtda yer yuzida oʼzbek tilida soʼzlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etishi uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi…

Hurmatli doʼstlar!

Аtoqli maʼrifatparvar Аbdulla Аvloniy bobomiz aytganidek, til – millat ruhini yuksaltiruvchi buyuk kuchdir.

Shu maʼnoda, Ona Vatanga muhabbat va sadoqat – ona tiliga muhabbat va sadoqatdan boshlanadi, desak, yanglishmagan boʼlamiz.

Men mana shunday qarash va tushuncha har bir yurtdoshimizning hayotiy eʼtiqodiga aylanadi, bu borada muhtaram ziyolilarimiz, faol yoshlarimiz, keng jamoatchiligimiz barchaga oʼrnak va namuna boʼladilar, deb ishonaman.

Аziz va qadrli vatandoshlarim!

Sizlarni Oʼzbek tili bayrami bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.

Barchangizga sogʼlik-omonlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

Oʼzbek tilimiz hamisha bezavol yashasin, doimo magʼrur yangrasin!

Shavkat Mirziyoev,
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti

Bayram tabrigining to’liq matni.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

20 + seventeen =