O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasining Ispaniyaga xizmat safari doirasida Kadis universiteti huzuridagi Ispan–O‘zbek markazida madaniy tadbir tashkil etildi.



Tadbir davomida ispan talabalari va professor-o‘qituvchilariga O‘zbekistonning boy tarixi, milliy qadriyatlari, urf-odatlari hamda madaniy merosi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ishtirokchilarga Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlarning tarixiy obidalari, milliy taomlari, an’analari va zamonaviy taraqqiyoti tanishtirildi. Shuningdek, o‘zbek milliy liboslari, hunarmandchiligi va xalq amaliy san’ati namunalari namoyish etildi.

Tadbir davomida milliy kuy-qo‘shiqlar yangrab, O‘zbekistonning turizm salohiyati hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Mazkur madaniy uchrashuv ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
