ITALIYALIK TALABALAR UCHUN “YOZGI MAKTAB” LOYIHASI BOSHLANDI
01.06.2026O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Tarjimonlik fakulteti Italyan tili tarjima nazariyasi va amaliyoti kafedrasi tashabbusi bilan universitetning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlash hamda xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish maqsadida Milan zamonaviy tillar va kommunikatsiyalar universiteti talabalari uchun “Yozgi maktab” loyihasi tashkil etildi.

Loyiha doirasida 18 nafar talaba va 4 nafar professor-o‘qituvchidan iborat delegatsiya Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.
Mehmonlar uchun Toshkent shahrining tarixiy obidalari, madaniy maskanlari hamda diqqatga sazovor joylariga sayohatlar uyushtirildi.
30-maydan 8-iyunga qadar davom etadigan “Yozgi maktab” dasturi ishtirokchilarga o‘zbek tili, madaniyati, urf-odatlari va milliy qadriyatlarini yaqindan o‘rganish imkoniyatini yaratadi. Dasturdan o‘zbek tili va madaniyatiga bag‘ishlangan darslar, seminar-treninglar, madaniy tadbirlar hamda Samarqand va Buxoro kabi tarixiy shaharlarga tashriflar o‘rin olgan.
