OʻZBEKISTON DELEGATSIYASI DUAL TAʼLIM TIZIMI TAJRIBASINI OʻRGANDI

10.06.2026

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining taʼlimni isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari Ilxom Siradjev boshchiligidagi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda mamlakatimizning muhandislik oliy taʼlim tashkilotlari rektorlaridan iborat delegatsiya Germaniyaga tashrifi doirasida Bavariya federal hududi poytaxti Myunhen shahrida dual taʼlim tizimini oʻrganish yuzasidan qator uchrashuvlar oʻtkazdi.

Delegatsiya aʼzolari Bavariya iqtisodiyoti assotsiatsiyasi qoshidagi Milliy iqtisodiyot va tashqi iqtisodiy aloqalar departamenti rahbari va bosh direktori Folker Lyaynvebe bilan muloqot qilb, Germaniyaning dunyoda eng samarali va amaliyotga yoʻnaltirilgan taʼlim modellaridan biri hisoblangan dual taʼlim tizimining huquqiy asoslari, boshqaruv mexanizmlari hamda taʼlim sifati nazorati boʻyicha tajribasini oʻrgandi.

Uchrashuv davomida talabalarni bir vaqtning oʻzida taʼlim muassasasida nazariy bilimlar va ishlab chiqarish korxonalarida amaliy koʻnikmalar bilan taʼminlash, malakani baholash va sertifikatlash tizimi oʻrni, korxonalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish mexanizmlari hamda ushbu modelni Oʻzbekiston sharoitiga moslashtirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, ta’lim tizmi kadrlarini tayyorlash va sertifikatlash, taʼlim dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish hamda bitiruvchilarning bandligini taʼminlash boʻyicha Bavariya tajribasi yuzasidan fikr almashildi.