O‘ZBEKISTON–ISPANIYA OLIY TA’LIM HAMKORLIGINI RIVOJLANTIRISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI
15.06.2026Ispaniyaning Barselona shahrida O‘zbekiston–Ispaniya universitetlari rektorlari birinchi forumi doirasida Barselona universitetida yalpi majlis va qator panel muhokamalari bo‘lib o‘tdi.



Tadbirlarda ikki mamlakat oliy ta’lim tizimlari, xalqaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari hamda universitetlararo aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Yalpi majlisda Barselona universiteti, Toshkentdagi Vestminster xalqaro universiteti, Ispaniya Ta’limni xalqarolashtirish xizmati (SEPIE) va Kataloniya hukumati vakillari ishtirok etib, akademik almashinuv, qo‘shma ta’lim dasturlari, internatsionallashuv va innovatsiyalarni rivojlantirish masalalari yuzasidan ma’ruzalar taqdim etdilar.

Shuningdek, O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, xalqaro reytinglar bilan ishlash tajribasi hamda universitetlarning global maydondagi faolligiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi. Forum doirasida pedagogik innovatsiyalar, xalqaro tarmoqlar va hamkorlikning yangi strategiyalariga oid panel sessiyalar tashkil etildi.
Forum yakunida O‘zbekiston va Ispaniya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi mavjud hamkorlikni mustahkamlash, yangi qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish hamda istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

