O‘ZBEKISTON VA KOREYA RESPUBLIKASI O‘RTASIDAGI STRATEGIK HAMKORLIK YANADA MUSTAHKAMLANMOQDA
14.09.2026O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv avval tor doirada, so‘ngra ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari a’zolari ishtirokida davom etdi.


Muzokaralarda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish hamda ta’lim, fan va innovatsiyalar sohalaridagi sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va mavjud kelishuvlarni izchil hayotga tatbiq etish bo‘yicha fikr almashildi. O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va strategik sheriklikni yanada mustahkamlashga intilish ikki tomon uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri ekani ta’kidlandi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon huzurida ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hujjatlar ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning turli yo‘nalishlarini qamrab olib, kelgusidagi aloqalarni yanada kengaytirish va yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun huquqiy va amaliy asos yaratadi.



