O‘ZBEKISTON VA YEVROPA UNIVERSITETLARI O‘RTASIDA HAMKORLIK KENGAYMOQDA
14.04.2026Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan “Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi universitetlari kongressi” doirasida O‘zbekiston va Yevropaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida muhim kelishuvlarga erishildi. Tadbir doirasida akademik mobillikni rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatini kengaytirishga qaratilgan 50 dan ortiq memorandum va shartnomalar imzolandi.




Mazkur jarayonda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Samarqand davlat universiteti, Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti hamda tibbiyot, iqtisodiyot va muhandislik yo‘nalishidagi qator oliy ta’lim muassasalari faol ishtirok etdi. Ular Polsha va Yevropaning nufuzli universitetlari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan kelishuvlarga erishdilar.
Imzolangan hujjatlar asosida “Erasmus+” va boshqa xalqaro dasturlar orqali talabalar hamda professor-o‘qituvchilar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, xalqaro konferensiyalar tashkil etish hamda qo‘sh diplom dasturlarini joriy etish rejalashtirilgan.
Mutaxassislar fikricha, mazkur kongress oliy ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy salohiyatni oshirish va ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim platforma vazifasini o‘tamoqda.

