TURKIYA BILAN TA’LIM HAMKORLIGI: YANGI DASTURLAR VA IMKONIYATLAR MUHOKAMA QILINDI
21.04.2026O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Xorijdagi turklar va qardosh jamiyatlar departamenti vakillari bilan, jumladan Turkiston va Kavkaz mintaqasi koordinatori Servet Turan hamda mas’ul xodim O‘mer Faruk tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida mehmonlarga universitet faoliyati, ilmiy izlanishlar va ta’lim sohasidagi yutuqlarni aks ettiruvchi videotaqdimot namoyish etildi. Shuningdek, oliygohning xalqaro hamkorlikdagi o‘rni va istiqbollari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.



Uchrashuv davomida Servet Turan universitet faoliyatiga yuqori baho berib, turkiy davlatlar oliy ta’lim muassasalari uchun mo‘ljallangan grant va almashinuv dasturlari haqida ma’lumot berdi. Ta’kidlanishicha, 2025-yilda Turkiya grantlariga qariyb 180 ming ariza topshirilgan bo‘lib, ulardan 5 ming nafari saralash bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan.
Taqdim etilgan dasturlardan biri – “Katipata” loyihasi bo‘lib, u avval 9 oy davom etgan bo‘lsa, joriy yildan boshlab 3 oylik ixcham shaklda tashkil etilmoqda. Dastur ishtirokchilari Xo‘jatepa universiteti huzuridagi Turk tili markazida tahsil olish, shuningdek, Turkiyaning tarixiy shaharlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi. Barcha xarajatlar, jumladan aviachipta ham to‘liq qoplanadi. Nomzodlar uchun 40 yoshdan oshmagan bo‘lish hamda kamida 3 yillik ish tajribasiga ega bo‘lish talabi qo‘yiladi. Joriy yilda ushbu dastur doirasida 16 ta grant ajratilgan.
Yana bir loyiha – “ORTAK” dasturi qisqa muddatli bo‘lishiga qaramay, mazmunan boy dastur sifatida e’tirof etildi. 10 kunlik tashrif doirasida 5 kunlik ta’lim va 5 kunlik madaniy tadbirlarni o‘z ichiga oladi hamda asosan davlat tashkilotlari va oliy ta’lim muassasalari rahbar-xodimlariga mo‘ljallangan. Har besh davlat uchun 25–30 nafardan ishtirokchi qamrab olinishi rejalashtirilgan bo‘lib, ushbu dasturda ham barcha xarajatlar to‘liq qoplanadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ta’lim, ilm-fan va akademik almashinuv yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish va uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirish borasida o‘zaro kelishuvga erishdilar.

