1 IYULDAN SIRTQI TA’LIMGA QABUL BOSHLANDI

01.07.2019 157

O‘zbekistonda bugun, 1 iyuldan sirtqi ta’limga hujjatlar qabuli boshlandi. Vazirlar Mahkamasining «Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga kiritilgan qo‘shimchalar bilan sirtqi ta’limga hujjatlar 1 iyuldan 30 iyulgacha qabul qilinadi.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, harbiy tavsiyanoma uchun 5 foizli kvota belgilangan. Sirtqiga topshirish uchun ish staji shart emas. Xoh maktabni, xoh kollej-litseyni tugatiboq, sirtqi yo‘nalishga hujjat topshirish mumkin. Ko‘pchilik buni maxsus sirtqi bilan adashtirmoqda.

Sirtqiga hujjat topshirish uchun ish joyidan tavsiyanoma ham shart emas. Hujjatlar 1 iyuldan 30 iyulgacha qabul qilinadi. Abituriyentlardan pasport va diplom talab qilinadi (agar imtiyoz bo‘lsa, uni tasdiqlovchi hujjat). Kirish imtihonlari har yili 16 avgustdan 25 avgustgacha bo‘lgan muddatda o‘tkaziladi. Imtihonlari kamida 3 ta fandan muayyan ta’lim yo‘nalishida o‘qitish tilida o‘tkaziladi. Imtihonlar test yoki kasbiy (ijodiy) va yozma imtihon shaklida o‘tkaziladi. Qaysi OTMda test bo‘ladi, qaysi birida ijodiy imtihon bo‘ladi, bunisi Davlat qabul komissiyasi tomonidan oldindan tasdiqlanadi.

Test sinovi DTM tomonidan katta pavilonlarda o‘tkaziladi, kasbiy (ijodiy) va yozma imtihonlar esa OTMning o‘zida bo‘ladi. Sirtqi ta’lim shakliga ham barcha imtiyozlar o‘tadi (harbiy tavsiyanoma olganlarga, nogironligi bo‘lganlarga, harbiylarning farzandlariga ajratiladigan alohida kvotalar, chet tili sertifikatlari va h.k.). 

Sirtqi ta’limda ham uchta yo‘nalishni tanlasa bo‘ladi, faqat uchala yo‘nalish ham sirtqi bo‘lishi shart. Kirish imtihonlari topshiriqlari umumiy o‘rta (11-sinf negizida), o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi fanlarining o‘quv dasturlariga muvofiq tuziladi. Sport fanlari bo‘yicha imtihonlar topshiriqlari abituriyentlarning alohida toifalari uchun (jinsi va yoshi bo‘yicha) belgilangan me’yoriy talablarga muvofiq tuziladi (masalan, 18 yoshli abituriyentning normativ talabi bilan 40 yoshli abituriyentga qo‘yilgan talab farq qiladi).

29 avgustga qadar imtihon natijalari e’lon qilinadi va abituriyentlarni talabalikka tavsiya etish to‘g‘risida OTM rektorining buyrug‘i chiqariladi.

Manba: kun.uz

Hozircha fikr bildirilmagan

Fikr bildiring

Hozircha fikr bildirilmagan!

Maqola haqida fikringizni bildiring.

Ma'lumotlaringiz ishonchli qo'llarda!Email manzilingiz va shaxsiy ma'lumotlaringiz hech kimga ko'rsatilmaydi.