“KELAJAK ILA RISHTA” – TURKIY XALQLARNING MADANIYATLARARO MULOQOT MAYDONI

05.05.2019

Turkiyaning Radio va Televideniye eshittirishlarini tartibga solish va nazorat qilish oliy kengashi (RTÜK) tomonidan har yili an’anaviy tarzda turkiy xalqlar madaniyati tarqalgan hududlarda “Kelajak ila rishta” nomli xalqaro amaliy mashg‘ulot (workshop) o‘tkaziladi. Unda xorijiy davlatlardan kelib Turkiyada jurnalistika va kommunikatsiya sohasida tahsil oladigan talabalar, magistr va doktorantlar ishtirok etadilar.

Ushbu loyiha madaniyatlararo tushunish, hamkorlikni rivojlantirish, mushtarak qadriyat va intilishlarni rag‘batlantirishga qaratilganligi bilan ham o‘ziga xos ahamiyatga ega. Yoshlarning o‘zaro qardosh xalqlar hayoti, tarixi, san’ati, madaniyati, urf-odatlari bilan yaqindan tanishish, ilmiy va madaniy merosini o‘rganishga da’vat etadigan mazkur loyiha an’anaga ko‘ra, har yili biror bir qardosh mamlakatda yoxud Turkiyaning o‘zida o‘tkaziladi va muayyan bir mavzuga bag‘ishlanadi. 2018 yilning 7–12 may kunlari “10 – Kelajak ila rishta” amaliy mashg‘uloti “Madaniy qadriyatlarni tanitishda medianing roli: O‘zbekiston misolida” mavzusida O‘zbekistonning Samarqand, Buxoro va Toshkent shaharlarida o‘tkazilgan edi. Bu yilgi “11 – Kelajak ila rishta” amaliy mashg‘uloti Turkiya madaniyat va turizm vazirligi, Radio va televideniya oliy kengashi (RTÜK), Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA), “Anadolu” axborot agentligi va Turkiya tele va radiokanallari hamkorligida 24-27 aprel kunlari Turkiyaning qadimiy Gaziantep va Shonliurfa shaharlarida tashkil etildi.

Turkiyaning mustaqillik uchun olib borgan kurashining 100 yilligi munosabati bilan “Ozodlik kurashlarida kommunikatsiya vositalari” mavzusida o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotda Turkiya universitetlarining jurnalistika va kommunikatsiya fakultetlarida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Bolgariya, Albaniya, Kosovo va Hindiston kabi davlatlardan kelib tahsil olayotgan talabalar, ilmiy tadqiqotchilar qatnashdi. Mazkur loyihaga bir guruh o‘zbekistonlik mutaxassislar ham taklif etildi.


Kommunikatsiya – eng qudratli quroldan ham kuchli

Tadbirning rasmiy ochilish marosimi 25 aprel kuni Gaziantep shahridagi Hasan Kalyonku universitetida bo‘lib o‘tdi. Ochilish marosimida nutq so‘zlagan RTÜK rahbari Ebubekir Shaxin aloqa vositalarining qudrati haqida gapirar ekan, kelajakni bevosita kommunikatsiya sohasidagi samaradorlik bilan bog‘ladi. Inson, jamiyat, davlatlararo muloqot muayyan noaniqliklarga barham berishi, o‘zaro munosabatlarni me’yorlashtirishini aytdi. “Ushbu seminarlarda biz ma’lum ma’noda xalq diplomatiyasi sohasidagi namunaviy tadqiqotlarni ko‘rishimiz mumkin. Chunki bu yerda qardosh xalqlar vakillari o‘zaro bir-biri bilan muloqot qilish, tajriba almashish imkoniga ega bo‘ladilar. Ta’kidlash joizki, bugun kommunikatsiyaning kuchi har qanday harbiy kuchdan yuqori turishini zamonning o‘zi anglatib turibdi”, – dedi RTÜK rahbari Ebubekir Shaxin.

Shuningdek, RTÜK a’zosi, mazkur loyiha koordinatori Arif Firtina ham so‘zga chiqar ekan, bu yilgi amaliy mashg‘ulot uchun tanlangan mavzu bejiz emasligi, Turkiyaning ozodlik uchun milliy kurashlarida aloqa vositalari nechog‘li muhim o‘rin tutganligi, bu kurashlarda hayot-mamot jangini olib borgan Gaziantep, ya’ni, urushda g‘olib bo‘lgan G‘oziy Antep va Shonli Urfa unvonlari bilan sharaflangan qadim shaharlarning ahamiyati haqida gapirib o‘tdi. Arif Firtina amaliy mashg‘ulotning yosh kommunikatsiya vakillari faoliyatidagi o‘rniga to‘xtalar ekan, “bu loyihaning ishtirokchilari qardosh mamlakatlar o‘rtasida xalq diplomatiyasi vakillari sifatida o‘zaro do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishadi”, – deya ishonch bildirdi.

Shundan so‘ng, talaba ishtirokchilar panellarga bo‘lingan holda Turkiyaninng Selchuk, Umer Halisdemir, Hasan Kalyoncu universitetlari professorlari rahbarligida o‘zlari tayyorlagan taqdimotlarini namoyish qildilar. Maqola, hujjatli film, grafik dizayn yo‘nalishlarida tayyorlangan bu taqdimotlarni talabalarning kichik bir ilmiy izlanishlari natijasi sifatida ham baholash mumkin.

E’tiborga molik jihati shundaki, har bir taqdimot kommunikatsiyaning tadrijiy taraqqiyotini o‘zida aks ettirib, qiyosiy tahlil uchun kerakli ma’lumot, zarur bilim va mulohazalarni taqdim etadi.
Shuningdek, loyiha doirasida ishtirokchilar ikki kun Gaziantep va yana ikki Shonliurfa shaharlarining diqqatga sazovor maskanlarida bo‘lishdi. Shahar tarixi, ozodlik uchun kurashlarini aks ettirgan Antep qal’asi, Gaziantep mudofaasi va jasorati muzeyi va yana boshqa ko‘plab qadimiy yodgorliklar bilan tanishishdi. Ozodlik kurashlarida Vatan nomusi uchun mardonavor jang qilgan tarixiy shaxslar xotirasini yod olishdi. Ularning tarixiy va ijtimoiy ahamiyati haqida chiqishlar qilishdi.


Gyobekle – Tepa – vaqtning nol nuqtasi (Zero Point in Time)

Tadbirning eng kulminatsion nuqtasi bu – olimlar tomonidan yer yuzidagi eng qadimiy arxeologik qazilma sifatida baholanayotgan Turkiyaning janubiy sharqida joylashgan Gyobekletepa manziliga uyushtirilgan sayohat bo‘ldi. Arxeologlarning fikricha, Buyuk Britaniyadagi Stounxendj va Misr piramidalaridan ham ko‘ra qadimiyroq deya e’tirof etilgan, 12 mingyillik tarixga ega ushbu qadimiy majmua insoniyat sivilizatsiyasi bilan bog‘liq ilmiy qarashlarni o‘zgartirib yubordi. Neolit davriga mansub Gyobekle -Tepa topilmalari dunyo olimlari e’tiborini o‘ziga tortgan. Hali bor-yo‘g‘i 5%i qazib olingan mazkur ibodatxona toshlarida inson qo‘li bilan toshdan toshga o‘yib chizilgan turli hayvon va qushlarning noyob tasviri hayratga soladi kishini. Shu munosabat bilan turizmni rivojlantirish doirasida Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 2019 yilni – Gyobekle-Tepa yili, deya e’lon qildi. YuNESKO tomonidan jahon merosi sifatida ro‘yxatga kiritilgan bu maskanga kelayotgan sayyohlarning oqimi esa kundan kun oshib borayotganini ko‘rish mumkin.

 To‘rt kun davom etgan tadbir so‘ngida ishtirokchilarning fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalari asosida rezolyutsiya qabul qilindi. Unga ko‘ra, ushbu loyihaning qamrovi va ko‘lamini yanada kengaytirish, fuqarolik tashabbusi asosida qardosh xalqlar madaniyatini tarannum etadigan maxsus platformani yaratish kabi takliflar alohida ta’kidlandi.

E’tirof etish joizki, “Kelajak ila rishta” loyihasi turkiy xalqlarning tarixi, madaniyatini teranroq o‘rganishga chorlaydigan, qardosh mamlakatlar bilan do‘stlik munosabatlarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan, xalqlar o‘rtasida madaniy ko‘prik vazifasini bajaradigan unikal loyihalardan biridir. 

Gulmira SHUKUROVA,
“O‘zbekistonda xorijiy tillar”
elektron jurnal va internet portali direktori

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

2 × 5 =