“MADANIYATLARARO MULOQOT VA TURIZM” MAVZUSIDAGI XALQARO ILMIY ONLAYN KONFERENSIYA O’Z ISHINI BOSHLADI

15.06.2020

Bugun, 15-iyun kuni  Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan “O`zbekistonda xorijiy tillar” nomli elektron ilmiy-metodik jurnal va internet portali, O`zbekistondagi Turkiya Elchixonasi, O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Anqara Hoji Vali universiteti, N.A. Dobrolyubov nomidagi Nijniy Novgorod lingvistika universiteti bilan hamkorlikda “Madaniyatlararo muloqot va turizm” (“Intercultural communication and tourism”, “Межкультурная коммуникация и туризм”) mavzusida хalqaro ilmiy-amaliy masofaviy-onlayn konferensiya o’z ishini boshladi.

Konferensiya madaniyatlararo muloqot va turizm sohasida qo`lga kiritilayotgan yutuqlardan ilmiy jamoatchilikni xabardor qilish, Markaziy Osiyodagi turizm taraqqiyoti, bugungi holati, rivojlanishi va muammolarini o‘rganish, kadrlar tayyorlash tizimini zamonaviylashtirish masalalarini muhokama qilishni maqsad qilgan.

Ushbu onlayn konferensiyada YUNESKOning O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Mr. Jan Hladik, Turkiyaning O’zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Mehmet Sureyya ER, Anqara Hoji Bayram Vali universiteti rektori professor Yusuf Tekin, Nijniy Novgorod Davlat Lingvistika universiteti rektori professor J. V. Nikonova, Amerikaning Nyu-York, Indiana universitetlari professorlari, Kanada va Turkiya universitet va markazlari olimlari, A. Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti professor-o’qituvchilari hamda O’zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi, “O’zbekistonda xorijiy tillar” ilmiy elektron jurnal va portal (FLEDU.UZ) mas’ullari, shuningdek, sohaning mutaxassis va xalqaro ekspertlari ishtirok etmoqdalar.

“Shuni tan olishim kerakki, O’zbekiston shu paytgacha men bilmagan va hech qachon o’z turistik radarimda bo’lmagan dunyoning bir qismi edi, chunki men bu mamlakat, uning tarixi va madaniyati yoki uning odamlari haqida juda kam ma’lumotga ega edim. Professor Sheffildning taqdimoti birinchi marta bir dunyo kashfiyotga ko’zimni ochdi.Shu ondan men Fulbrayt dasturi tomonidan taklif etiladigan Mintaqaviy O’qitish Dasturining bir qismi sifatida O’zbekistonga sayohat qilish imkoniyatlarini o’rganishga qaror qildim va bu umkoniyatni qo`lga kiritishga harakat qildim”, — deydi Nyu-York universiteti  professori, doktor Rochelle Almeida “SAFAR HIKOYALARI: O’ZBEKISTONDA SAYYOHLIK VA TURIZMNI “IPAK YO`LI” BUTUNJAHON KURSLARI ORQALI RIVOJLANTIRISH” mavzusidagi taqdimotida.

Xalqaro ilmiy onlayn konferensiya turizm va ta’limning o’zaro ta’siri va rivojlantirish istiqbollari, adabiy turizm, ekoturizm, ziyorat turizmi borasidagi xalqaro tajriba, globallashuv sharoitida xalqaro turizm tizimidagi madaniyatlararo aloqalar, bilingvizm va madaniyatlararo muloqot, diskursologiya va korpus lingvistikasi, tarjimashunoslik va madaniyatlararo muloqot, innovatsion faoliyat va turizm kabi yo’nalishlarda ish olib bormoqda.

Ushbu onlayn anjumanning ahamiyatli jihati qamrab olingan mavzularning dolzarbligi bilan bir qatorda konferensiya ishi bir emas, bir-necha kun davom etishidadir. Bu esa taqdim etilgan ilmiy ishlarning ishtirokchilar tomonidan yaxshiroq o’rganilishiga, muhokamalar asnosida o’rtaga tashlangan masalalarning kengroq doirada tahlil qilinishiga zamin yaratadi.

Ma’lumot o’rnida, 20-iyun kuni conference.fledu.uz saytida konferensiya ishi yakunlanadi. Konferensiya ishtirokchilari va maqola/videomaruzalar muhokamasida faol ishtirok etgan internet foydalanuvchilariga maxsus sertifikatlar yuboriladi. Konferensiya materiallarining (matn, audiovizual shakldagi) elektron bazasi yaratiladi. Shuningdek, izohlar, savol-javoblar, fikr-mulohazalar har bir maqola ostidagi maxsus bandda davom etadi. Mazkur xalqaro konferensiyaning ochilishi ZOOM dasturida Facebook va Youtube ijtimoiy tarmoqlarida live/jonli yoritilmoqda.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

ten + 5 =