TOSHKENTDAGI VEBSTER UNIVERSITETI: TAHSIL JARAYONI, QABUL HAMDA SHAROITLAR HAQIDA BATAFSIL

29.06.2019 2400

Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim sohasida ko‘plab salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekistonda, aynan poytaxtimiz Toshkent shahrida ilk marotaba Amerika Qo‘shma Shtatlarining Vebster universiteti filiali tashkil qilinishi ana shunday quvonchli yangiliklardan biri bo‘ldi. Ushbu o‘quv dargohi talabalarga jahon standartlari asosida va zamonaviy yo‘nalishlarda ta’lim beradi. Oliygoh haqida batafsil ma’lumot olish va  talaba bo‘lish orzusidagi abituriyentlarga mazkur ma’lumotlarni yetkazish maqsadida Toshkent shahridagi Vebster universitetining ta’lim dasturlarini amalga oshirish markazi ijrochi direktori, iqtisod fanlari nomzodi, dotsent Rahmonov Rasul Ne’matovich bilan qizg‘in suhbat qurdik.

– O‘zbekistonda Amerika Qo‘shma Shtatlarining Vebster universiteti filialining ochilishi tashabbusi kimga tegishli?
– Avvalambor, oliy  ta’lim tizimidagi islohotlar, mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini rivojlantirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasining ta’sirchan mexanizmlarini yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarning boshida muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning o‘zlari turibdilar. Xorijiy mamlakatlardagi oliy ta’lim dargohlarining ilg‘or tajribalarini o‘zlashtirish, ular bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, ta’lim sohasiga chet el investitsiyalarini jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratib kelinmoqda.

– Universitet talabalari qanday yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim oladilar?
Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4245 son “Toshkent shahrida Vebster universitetining ta’lim dasturlarini amalga oshirish Markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq 14 ta bakalavriat yo‘nalishlari va 16 magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilishi belgilab berilgan. 2019-2020 o‘quv yilidan esa abituriyentlarga bakalavr yo‘nalishi bo‘yicha to‘rtta – Media kommunikatsiyalar, Biznes boshqaruvi, Iqtisodiyot hamda Ingliz tili ikkinchi til sifatida yo‘nalishlari bo‘yicha dasturlarda, magistraturada Biznes boshqaruvi Media kommunikatsiyalar hamda Ingliz tili ikkinchi til sifatida o‘qitish mutaxassisliklari bo‘yicha tahsil olish imkoniyati yo‘lga qo‘yildi. Keyingi yillarda esa Boshqaruvning axborot tizimlari, Interfaol raqamli media, Grafik dizayn, Reklama va marketing kommunikatsiyalari, Informatika, Xalqaro munosabatlar, Buxgalteriya hisobi, Jamoatchilik bilan aloqalar hamda kino, televideniye va video ishlab chiqarilishi kabi bakalavriat ta’lim dasturlari; Axborot texnologiyalar boshqaruvi, Kommunikatsiyalar boshqaruvi, Biznes va tashkiliy xavfsizlik boshqaruvi, Savdo boshqaruvi, Reklama va marketing kommunikatsiyalari, Ta’lim texnologiyalari, Amaliy pedagogik psixologiya, STEM, Menejment va liderlik, Ekologiya menejmenti, Sog‘liqni saqlash boshqaruvi kabi magistratura ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.

– Dars jarayonlari, o‘quv darsliklari va mutaxassis pedagoglar haqida ham ma’lumot bersangiz.
– Dars jarayonlari to‘liq ingliz tilida, kunduzgi ta’lim shaklida, mahalliy va amerikalik mutaxassislardan iborat bo‘lgan pedagoglar tarkibi yordamida olib boriladi. Ta’lim jarayoni to‘liq kontrakt shartnoma asosida amalga oshiriladi.

– Universitet talabasi bo‘lish istagidagi abituriyentlar qanday fanlardan imtihon topshirishlari kerak?
– Ahamiyatli jihati shundaki, bu yerda hech qanday kirish imtihonlari bo‘lmaydi. Abituriyentlar qabuli may oyidan boshlandi va 31 iyul sanasiga qadar davom etadi. Albatta, bu o‘rinda ular tomonidan topshirilishi kerak bo‘lgan bir qator hujjatlar bor. Ammo  eng asosiy mezon – xalqaro til sertifikatiga ega bo‘lish hisoblanadi. Ulardan IELTS ko‘rsatkichlari – 6.0, TOEFL darajasi esa 80 bo‘lishi talab qilinadi. Hujjatlar elektron ko‘rinishda Vebster universitetining rasmiy uzadmissions@webster.edu elektron manziliga yuboriladi, mutaxassislar tomonidan ko‘rib chiqiladi va bir hafta ichida javob qaytariladi.

– Mazkur universitetning O‘zbekiston OTMdan qanday farqli jihatlari bor?
– Farqli jihati, ta’lim yo‘nalishlarining zamonaviy xalqaro standartlar asosidagi, zamon talab qilayotgan yangi yo‘nalishlarni taklif qilishidir. Misol uchun, media kommunikatsiyalari, art-dizayn, loyiha boshqaruvi, interfaol media, boshqaruvning raqamlari tizimlari, grafik dizayn, reklama-marketing kommunikatsiyalari, jurnalistika, kino-televideniye va video ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarni yangilik deb ayta olaman. Vebster universiteti dunyodagi eng kuchli oliygohlar mingtaligiga kiradi va oxirgi 5 yilda 600–800 o‘rinlarda baholanib kelmoqda. U dunyoning jami 8 ta mamlakatida: AQSh, Avstriya, Niderlandiya, Gretsiya, Shveysariya, Xitoy, Gana va O‘zbekistonda 10 dan ziyod kampusga ega. Bugungi kunda Toshkent shahridagi Markazdan tashqari O‘zbekiston hududida TDIU,  O‘zDJTU, TATUda qo‘shma dasturlar asosida magistratura bo‘yicha kadrlar tayyorlash o‘tgan yildan boshlab yo‘lga qo‘yilgan. Vebster universitetida ta’lim olishning shartnoma to‘lovi miqdori Amerikada 26–30 ming AQSh dollarini tashkil qilsa, bu yerda aholining o‘rtacha daromadlari va turmush sharoitlaridan kelib chiqib Markaz ta’sischilari: Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi hamda Vebster universiteti tomonidan o‘zaro kelishgan holda O‘zbekiston uchun to‘lov kontraktning yillik qiymati bakalavriat yo‘nalishlari uchun 3200 AQSh dollari, tanlangan magistratura mutaxassisliklariga qarab 4000-6000 AQSh dollari miqdorida belgilandi. Bu AQShning eng ilg‘or universitetlaridan birida tahsil olish va uning diplomiga ega bo‘lish uchun ajoyib imkoniyat. Shu bilan birga, tahsilning 2–3-kurslarida aynan mana shu to‘lov miqdori bilan Amerika, Gretsiya, Avstriyadagi, bir so‘z bilan aytganda, istalgan kampusda ana shu 26 000 dollarlik to‘lov dasturida o‘qigan kabi 1 semestr davomida tahsil olib kelish mumkin bo‘ladi.

– Ushbu o‘quv yilida Vebster universiteti talabasi bo‘lishni istagan yoshlar nechtani tashkil qildi?
– Ayni paytda qabul jarayonlari hali davom etmoqda. Shu kunga qadar 70 ga yaqin abituriyentlar bakalavr yo‘nalishi uchun qabul qilingan. Reja bo‘yicha mazkur o‘quv yilida magistratura yo‘nalishi bo‘yicha 100 ta, bakalavr yo‘nalishi bo‘yicha 200 nafar talaba qabul qilish rejalashtirilgan.

– Oliygohda talaba yoshlar uchun qanday imkoniyatlar yaratilgan?
– Imkoniyatlar juda ko‘p. Ular bevosita Amerikaning yetuk professorlaridan tahsil olishlari, xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan eng ilg‘or ta’lim dasturlari bo‘yicha  o‘qib-o‘rganishlari, ana shu shartnoma to‘lovi ichida barcha o‘quv darsliklariga ega bo‘lishlari mumkin. Shuningdek, Vebster universitetining kutubxona fondidan ham bevosita foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

– Mazkur universitet talabasi bo‘lishni istagan yoshlarga o‘z orzulariga yetishish uchun qanday tavsiyalarni bergan bo‘lar edingiz.
– Har bir inson hayotda aniq maqsad ila yashashi kerak. Kelgusida el-yurtga nafi tegadigan shaxs sifatida shakllanishi, oilasi va farzandlari uchun yaxshi kasb egasi bo‘lish darkor. Buning uchun asosiy zamin oliy ta’lim muassasalarida yaratiladi. Ana shundan keyin esa o‘z ustida ishlab, orzularga yetishi mumkin bo‘ladi. Bu borada talabalarga eng katta tavsiya – o‘qish, izlanish va bu yo‘lda hech qachon charchamaslik! Ota-bobolarimiz aytganlaridek, beshikdan to qabrgacha ilm izlab, o‘qishning payida bo‘lish lozim.
Foydali va mazmunli suhbat uchun tashakkur.

Universitet talabasi bo‘lish orzusidagi abituriyentlardan quyidagi hujjatlar talab qilinadi:

  • Ariza
  • Xalqaro til bilish sertifikati (TOEFL 80/IELTS 6.0).
  • Diplom va uning tasdiqlangan ilovasi (o‘rtacha baho 2.5 dan yuqori bo‘lishi kerak).
  • O‘qituvchi yoki ustozdan tavsiyanoma.
  • Pasport nusxasi.

Insho (erkin mavzuda: kareraviy maqsadlar; aynan nima uchun Vebster universitetiga o‘qishga kirishdan maqsadi; avtobiografik ma’lumotlar; shaxsiy kasbiy tajriba va h.k.) yoziladi va 300–500 so‘zdan iborat bo‘ladi.

Ushbu hujjatlarni uzadmissions@webster.edu elektron manziliga yuborish lozim.

Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun Toshkent Davlat Iqtisodiyot universiteti 1-BINO, 110-xonaga murojaat qilish mumkin.

Telefon: (71) 239-28-33.

Manba: edu.uz

4 ta fikr bildirilgan

Fikr bildiring
  1. Mashxura
    #1 Mashxura 26 Iyul, 2019, 14:17

    Iltimos grant asosida o’qish imkoni bormi ma’lumot bering.

    Reply this comment
  2. Dilnoza
    #2 Dilnoza 4 Oktabr, 2019, 12:35

    Mening fikrimcha Webster universitetiga qabulni joriy yilning oktabr oyigacha davom ettirish kerak edi. Chunki O`zbekiston OTMlariga kirolmagan abiturent imkon qadar chet el OTMlariga qiziqish bildira boshlaydi.

    Reply this comment
  3. Karochi Ism yo
    #3 Karochi Ism yo 2 Noyabr, 2019, 18:32

    Nechinchi kursdan keyin Amerikaga ketsa bo’ladi?

    Reply this comment
  4. Umida
    #4 Umida 2 Noyabr, 2019, 21:00

    Webster universitetida grand asosida ôqish mumkinmi?

    Reply this comment

Ma'lumotlaringiz ishonchli qo'llarda!Email manzilingiz va shaxsiy ma'lumotlaringiz hech kimga ko'rsatilmaydi.