DADAXO‘JAYEVA MANZURA SAIDOVNA XOTIRASIGA

07.08.2020

Ustozlar ma’naviyat osmonida musaffo ziyo taratib turgan yo‘lchi yulduzdirlar, ular tufayli odamlar to‘g‘ri yo‘lni topadilar, ularning sharofati bilan jaholat zulmatlaridan yorug‘likka yetishadilar.

Ustozlar haqida fikr aytish mas’uliyatli. Biroq o‘tgan ustozlarni xotirlash, ularning ruhini shod etish ham qarz, ham farz.

Respublikada nemis tili o‘qituvchilari assotsiatsiyasi rahbari sifatida kasbimiz uchun ko‘p amaliy, tashkiliy va ilmiy ishlar olib borgan ustozimiz pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Dadaxo‘jayeva Manzura Saidovna o‘zbek ayol olimalaridan biri sifatida hamkasblari orasida yorqin shaxs sifatida saqlanib qoldi. Bu yorqinligi o‘zi tanlagan kasbga sadoqati, kasbiy ko‘nikma va malakalarni mukammal egallab, hamkasblar va shogirdlariga o‘rnak bo‘lganligi, nemis tilidan o‘qigan ma’ruzalaridagi betakror uslubida namoyon bo‘lar edi.

Manzura opa yaxshi inson va nemis tilining haqiqiy fidoyisi edi. Nemis filologiyasi fakultetida “Leksika va mamlakatshunoslik” kafedrasini ko‘p yillar davomida boshqarib, talabalarga mamlakatshunoslik, nazariy va amaliy fonetika, metodika fanlaridan dars berdi. Shu bilan birga, fakultet qoshida O‘zbekiston nemis tili o‘qituvchilarini birlashtiradigan va ular faoliyatini muvofiqlashtiradigan O‘zbekiston nemis tili o‘qituvchilari assotsiatsiyasi tashkil etildi, bu assotsiyatsiyaga rahbar etib Manzura Dadaxo‘jayeva tayinlandi. Bu assotsiatsiya tomonidan O‘zbekistonning turli o‘rta va oliy o‘quv yurtlarida ish boshlagan yosh nemis tili o‘qituvchilari uchun ko’plab malaka oshirish seminarlarini tashkil etdi.

Tinmay va tolmay maktablar uchun darsliklar yaratishda juda ko‘p mehnat qildi. Bugun ular yaratgan darsliklardan maktablarda foydalanishmoqda. Bundan tashqari, Manzura Dadaxo‘jayeva respublikada chiqadigan o‘zbek va rus tillaridagi gazeta, jurnallarda chop etilgan 100 dan ziyod ilmiy maqolalar muallifidir.

Nemis va o‘zbek aloqalarini rivojlantirishda Manzura Saidovnaning xizmatlari beqiyos bo‘lib, ularni nafaqat O‘zbekistonda, balki Germaniya, Avstriyada ham yaxshi tanishardi.

Umrini yoshlarni o‘qitishga bag‘ishlagan va hozirgi kunda oramizda yo‘q ustozlarning boshlagan ishlarini davom ettirsak, ularning ruhlari shod bo‘lgay albatta.

O‘zgalarga ta’lim bergan kishi nafaqat dunyoda izzat-hurmatda bo‘ladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta’lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o‘zgalarning foydalanishi tufayli nomai amaliga savob to‘xtovsiz borib turadi. Shunday ekan, ustoz va murabbiylar har qancha e’zozlansa arziydi.

Shunday ekan, har bir shogird ustozi vafot etgan bo‘lsa, ustozidan olgan bilimini boshqalarga tarqatishi va ustozining haqqiga duo qilib turishi shogirdlik burchlaridan hisoblanadi.

Dadaxo‘jayeva Manzura Saidovnaning yorqin xotirasi O‘zbekiston nemis tili o‘qituvchilarining yodida bir umr saqlanib qoladi.

Soxiba ABDULLAYEVA,
Nemis tili nazariyasi va amaliyoti kafedrasi dotsenti

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

11 + 16 =