“MEHRIBON TOG‘A” OILAGA BAXT KELTIRDIMI?

15.05.2019

(Xalqaro oila kuniga bag‘ishlanadi)

Qizning uyiga sovchi keldi. Oila kattalari gapni bir joyga qo‘yib, ikki yoshni tanishtirdilar. Yoshlar ham bir-biriga yoqdi. Buyog‘i hursandchilik, to‘y taraddudi. Yoshlar nikohdan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari kerak. Kuyov bo‘lmishning tog‘asi qaysidir tibbiy tashkilot rahbari ekan yoshlarning ishini osonlashtirib, hujjatlarni tibbiy ko‘riksiz to‘g‘irlatib berdi. Ishi tez bitgan ikki yosh to‘y kunini intiqlik bilan kuta boshladi. 
…Uzoq kutilgan to‘y ham o‘tdi. Hammasi mana shu to‘ydan keyin boshlandi. Kelin homilador bo‘ldi. Tibbiy ko‘rik natijalari butun oilani gangitib qo‘ydi. Kelinda OITS aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, kelinga bu kasallik kuyovdan yuqqan ekan. Oy kuni yetib, kelin farzandli bo‘ldi. Begunoh go‘dakda ham OITS borligi tasdiqlandi. Yosh oilaning umri shifoxonalarda davolanish bilan o‘ta boshladi. Oradan ko‘p o‘tmay kuyov dardga yengildi. U vafot etdi. Kasal ona va bolaning endi hech kimga keragi bo‘lmay qoldi. Qaynona va qaynota ularni uydan haydashdi.
Birgina noto‘g‘ri qo‘yilgan qadam, yoshlikning beboshligi yigitning umrini hazon qildi. “Mehribon tog‘a”ning yordami bilan esa bir qizning guldek umri, begunoh go‘dakning taqdiri hazonga aylandi.


Jamiyat turmushida uchrab turadigan tanish-bilishchilik, korrupsiya kabi illatlarning kelajakka ayanchli ta’sirini yuqoridagi kichik voqey hikoyadan anglab olish qiyin emas. 15-may Xalqaro oila kuni munosabati bilan joriy yilning may oyida O‘zbekiston bo‘ylab oila mavzusiga bag‘ishlangan konferensiyalar, seminarlar va turli tadbirlar tashkil etilayotgani bejizga emas. Maqsad, yoshlarni oila huquqlarini himoya qilishga xizmat qiluvchi mavjud qonun moddalari bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, yigit-qizlarimiz orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgandir.

Kuni kecha ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universitetida “Oila mustahkamligi – jamiyat taraqqiyotining asosidir” mavzusiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston faxriylari ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi, Respublika ilmiy-amaliy tadqiqot markazi, shuningdek, universitet Pedagogika va psixologiya kafedrasi hamkorligida balog‘at yoshidagi talaba yigit-qizlar uchun tashkil etildi.

Tadbirni O‘zDJTU prorektori Gulandon Boqiyeva ochib berdi. 
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati, pedagogika fanlari doktori, professor O.R.Jamoliddinova, O‘zDJTU kafedra mudiri, professor, Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi “Ilm-fan va ayol” uyushmasi a’zosi A.Musurmanova, Respublika Oila ilmiy-amaliy tadqiqot markazi eksperti G.Mardonovalar talabalarga oilani mustahkamlashning huquqiy asoslari, ayol, farzand huquqlarini himoya qilish, bola va turmush farovonligini ta’minlash, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash va oilada psixologik sog‘lom muhitni yaratish masalalari to‘g‘risida so‘zlab berdilar.

Mehmonlar o‘z tajribalarida bo‘lib o‘tgan misollar bilan yosh tinglovchilarga hatto alla aytib berib, allaning bola tarbiyasiga ijobiy ta’siri haqida dalillar keltirdilar.
Tadbirda universitet psixologlari J.Po‘latov va Z.Xayrullayevalar ishtirokchilar uchun qiziqarli bo‘lgan “Oilada nizoli holatlarning oldini olish” nomi ostida amaliy psixologik trening o‘tkazdilar. Mazkur trening o‘yin tarzida juda qiziqarli bo‘lib, unda ishtirokchilar “Men kimman?”, “Oliy maqsad” kabi insonning psixologik jihatdan imkoniyatlari darajasini belgilab beruvchi so‘rovnomalarni bajonidil qog‘ozlarga yozib, qog‘oz koptokchalarni maxsus qutichaga tushirish o‘yinini katta ishtiyoq bilan bajardilar.

Tadbir oila mavzusiga oid sahna ko‘rinishi va kuy-qo‘shiqlar bilan ko‘tarinki ruhda yakunlandi.


M.Saidova, jurnalist

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

5 × 2 =