OʼZBEK XАLQINING BUYUK JАSORАTI

14.05.2020

Buyuk xalq buyuk jasoratga qodirdir!

Shu kunlarda butun dunyo, maʼrifatparvar insoniyat ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan Gʼalabaning 75 yilligini katta tantana bilan nishonlamoqda. Oʼzbekistonda ham ushbu muborak sana, 9 may Buyuk Gʼalaba kuni, “Xotira va qadrlash kuni” ga bagʼishlab, keng miqiyosda, turli tadbirlar oʼtkazilmoqda. Mamlakatimiz poytaxti – Toshkent shahri Olmazor tumanida oʼn ikki gektar maydonda tashkil qilingan mahobatli “Gʼalaba bogʼi”da shu yilning 9 may kuni, “Xotira va qadrlash kuni” va ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʼalabaning 75 yilligiga bagʼishlangan tantanali yigʼilish boʼlib oʼtdi. Unda, Oʼzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh.M. Mirziyoev nutq soʼzlab, butun dunyo va maʼrifiy jamiyat bilan birgalikda ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʼalabaga munosib hissa qoʼshgan ulugʼ xalqimizning jasorati va matonati hech qachon unutilmasligini, mazkur haqiqatni tarix zarvaragʼlariga abadiy muhrlash uchun “Gʼalaba bogʼi” bunyod etilganligini qayd qilib oʼtdi. Sanʼatkorlarimiz tomonidan namoyish qilingan, urush davrini aks ettirgan badiiy – kompozitsion chiqishlar oʼtkazilgan barcha tadbirlarning yuqori noʼqtasi boʼldi. Xalqimiz uchun qadrdon boʼlib qolgan, ammo, turli sabablarga koʼra, keyingi yillarda namoyish qilinmagan, ikkinchi jahon urushi davri voqelarini aks ettirgan filmlarning televizion kanallarda koʼrsatilishi xalqimiz tomonidan iliq kutib olindi.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirzieyov ishtirokida mamlakatimizda oʼtkazilgan tadbir bir maqsadga, u ham boʼlsa, fashizm butun insoniyat boshiga balo –qazo boʼlib yopirilib, ming yillar davomida yaratilgan maʼrifiy sivilizatsiyaning yashab qolishi yoki yoʼq boʼlib ketishi masalasi koʼndalang turgan urushda, yovuzlik va ezgulik oʼrtasidagi hayot-mamot jangida qatnashib, gitlerchilar Germaniyasi ustidan qozonilgan gʼalabaga buyuk hissa qoʼshgan ota-bobolarimiz, ona-momolarimizning oʼlmas jasoratlari xotirasiga hurmat bajo keltirish va uni abadiylashtirishga xizmat qilishga qaratilgandir. Buyuk donishmand Аristotel: “Urush jarohatlarini esdan chiqarish, yangisining boshlanishiga yoʼl ochadi. Xotira – urushning asosiy dushmanidir”– deganida haq edi.

“Gʼalaba bogʼi”ning ochilishi, mamlakatimizda oʼtgan 75 yil davomida oʼzbek xalqining ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʼalabaga qoʼshgan hissasini toʼliq ravishda, yaxlit ochib beradigan va tarixiy jasoratini abadiylashtirish borasida amalga oshirilgan eng katta koʼlamdagi ish boʼldi, desak ayni haqiqatni gapirgan boʼlamiz. Frontlarda jon olib-jon bergan yurtdoshlarmiz jasorati va qahramonligini aks ettirgan “Qahramonlik monumenti” majmuasi oʼzbekistonlik jangchilarga oʼrnatilgan buyuk bir yodgorlik, oʼlmas xotira sifatida avlodlar tomonidan eʼzozlanishi shubhasiz. “Gʼalaba bogʼi”ning yana bir muhim yodgorligi, besh farazandini urushga joʼnatib, barchasidan qora xat olgan, toʼrtta kelini ham beva qolib, urushning dahshatli sinovlarida sabr-matonat, qatʼiy iroda, mardlik fazilatlarini namoyon qilgan Zulfiya aya va uning kelinlariga bagʼishlangan – “Matonat madhiyasi” monumenti barcha oʼzbek ayollari, onalarimizning vafo va sadoqat ramzi ifodasidir. Zulfiya aya va uning oilasi jasorati, vatanparvarligi, qahramonligiga bagʼishlab suratga olinib, televizion kanallarda namoyish qilingan “Ilhaq” filmi – qalblarimizni larzaga soldi, shu bilan birgalikda, lanʼati urushning ogʼir jarohatlarini, nadomat va fojialarini yana bir bor esga olishga undadi. Filmda, oʼsha suronli kunlarning quvonchu-shodliklari, fashistlar boshlagan urush tufayli xalqimiz boshidan kechirgan gʼam-alam, gʼurbatlari bizga bir qadam yaqin boʼldi va ushbu lahzalarni bevosita vujudimizda his qildik, eng asosiysi, butun oilamiz davrasida, birgalikda, nevaralarimiz ishtrokida tomosha qildik.

Mazkur filmdan keyin namoyish qilingan “101” – filmi esa, qirgʼin-barot urush maydonlarida qahramonlik namunalarini koʼrsatgan, son va texnika jihatdan ustun boʼlgan dushman bilan oxirgi oʼqi qolguncha ayovsiz jang qilgan, ilojsiz ahvolda qolib, 1941 yilning sentyabr oyida Smolensk ostonalarida asirga tushgan samarqandlik 101 vatandoshimizning fojiali qismatiga bagʼishlangan. Shu yili, fashistlarning Niderlandiyada joylashgan kontslageriga olib kelingan, yurtdoshlarimiz, “oliy irq” ustunligi mafkurasini oqlab koʼrsatishga xizmat qiladigan, insoniylikdan mutlaqo yiroq boʼlgan tajribada ishtrok etishlari koʼzlangan edi. Natsistlar nazariyasi koʼra, osiyoliklar, jumladan, oʼzbeklar, kelib chiqishi “past irq” boʼlib, “yovvoyi”, “madaniyatsiz” xalq vakillari sifatida shafqatsiz ravishda yoʼq qilinishi shart boʼlgan. Sharqiy frontda jang qilayotgan fashist askarlarini ilhomlantirishi va natsistlar gʼoyasini haqligiga ishontirish uchun 101 oʼzbek asirlaridan foydalanishdek qabih reja tuzishgan. Ular, haftalab dahshatli qiynoq va ochlik azoblariga mahkum qilinadi, umuman ovqatsiz qoldirilib, irodasini sindirib, fashist tashviqotchilarining nazarida, odamiylik qiyofasidan chiqqan holatga kelganda, vatandoshlarimizning “yovvoyiligini” kino lentaga muhrlash uchun Berlindan maxsus chaqirtirilgan suratga olish guruhi oldida, ochlikdan sillasi qurigan asirlarga bir boʼlak non tashlanadi. Аmmo, ular kutgan holat roʼy bermaydi, barcha oʼzbeklar doira boʼlib oʼtirib olishadi, eng yoshi kichigi yerga tashlangan nonni, eng yoshi ulugʼiga olib borib beradi, u esa mayda boʼlaklarda barchaga teng taqsimlaydi. Fashistlar oʼylagandek, asirlar bir burda non uchun, hudddi hayvonlar kabi bir-biriga tashlanib, talashish roʼy bermaydi. Bunda, oʼzbek oʼgʼlonlari asrlar davomida qadriyatga aylangan, xalqmizga xos boʼlgan sabr-toqat, hamjihatlik, bardoshlilik, or-nomus va milliy gʼurur sohiblari ekanligini koʼrsatib, natsistlarni hayratga solishadi. Dahshatli azob va ochliklarda ham insoniylik qiyofasini yoʼqotmagan yurtdoshlarimizning bunday jasorati oʼzlarini ”oliy irq” vakillari deb hisoblaydigan fashistlarni battar vahshiylashtiradi. 1942 yilning aprel oyida 101 oʼzbek farzandining barchasi qatl qilinadi.

Oʼzbek xalqining ikkinchi jahon urushi yillaridagi qahramonligi, matonati, jasoratiga bagʼishlangan, “Xalq jasorati”- nomli hujjatli filmda ota-bobolarmizning front ortidagi zahmatlari, tinimsiz fidoyi mehnatlari bilan Buyuk Gʼalabaga qoʼshgan olamshumul hissalari haqqoniy ravishda ochib berilgan. Mazkur filmda ajdodlarmizning ongu-shuuriga singib ketgan insonparvarlik, matonat, sabru shijoat, yurtiga, qasamyodiga sodiqlik, ogʼir va sinovli davrlarda hamjihatlik, ahillik, birdamlik namunalarini koʼrsata oladigan, yuksak ahloqiy fazilatlari sohibi boʼlgan oʼzbek halqining xarakteri muvaffaqiyatli ravishda ochib berilgan.

Maʼlumki, urush yillarida, fashistlar tomonidan bosib olingan hududlardan, yurtimizga yuz minglab insonlar koʼchirib keltirilgan edi. Ularning koʼpchiligi ota-onasi, yaqin qadrdonlaridan ayrilgan yetim bolalar boʼlgan. Аytishlaricha va hujjatlarning koʼrsatishicha, urush boʼlyotgan joylardan yetim bolalarni olib kelayotgan poezdlarning kelishini eshitgan ota-bobolarimiz, momolarimiz kechasiyoq vokzalga chiqib, kutib olib, shu yerning uzidan ularni uylariga olib ketishar ekan. Koʼchib kelganlarga koʼrsatilgan gʼamxoʼrlik va mehr-shafqatni ularning minnatdor avlodlari hozir ham unutishmagan. Rossiya Federatsiyasining 1-kanalida doimiy ravishda namoyish qilinadigan, dunyoning oʼnlab mamlakatlarida koʼrsatiladigan, “Vaqt hakamdir” (“Vremya pokajet”) teleshousida rus ekspertlaridan biri: “Urush yillarida Oʼzbekistonga 650 mingdan ortiq yetim bolalar olib kelingan edi. Аmmo, sahovatpesha oʼzbeklar birorta bolani ham bolalar oʼyiga topshirmaganlar. Faqat buyuk xalqgina shunday buyuk jasoratga qodirdir” – deganida butun zal qarsak chalgan edi.

Koronavirus pandemiyasi butun dunyoni zir titratayogan, Buxoro va Sirdaryodagi fojia tufayli boshimizga ogʼir sinovlar tushganda ham xalqimiz oʼsha hamjihatligi, birdamligi va bagʼrikengligini yana bir bor namoyon qildi. Butun mamlakat aholisi tabiiy va texnogen ofatlar tufayli jabr tortayotgan qardoshlariga yordamga qalqdi, xalq kuchi toʼlqinga, dengizga aylandi va biz uning irodasida sahovatpeshalikning ulugʼvor qudratini yana bir bor guvohi boʼldik, oʼlmas milliy qadriyatlarimizning umrboqiyligiga shukrona aytdik.

Biz haqiqatda ham, boy oʼtmishga, asriy oʼlmas qadriyatlar va anʼanalarga ega boʼlgan, hamjihat, bagʼrikeng, sahovatpesha, mard va jasur xalqning avlodlarimiz, tomirlarimizda Jalodidin Manguberdi, Аmir Temur, Bobur kabi buyuk oʼtmishdoshlarimizning qoni oqyotgan, ikkinchi jahon urushi yillarida dunyo ahlini fashizm balosidan qutqarishga munosib hissa qoʼshgan ulugʼ xalq, millat vorislarimiz va bundan faxrlanamiz.

Saidov Shavkat Jumabaevich,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti dotsenti,

tarix fanlari nomzodi.

No Comments so far

Jump into a conversation

No Comments Yet!

You can be the one to start a conversation.

Your data will be safe!Your e-mail address will not be published. Also other data will not be shared with third person.

4 × 4 =